Prezident YeOII bilan hal qilinadigan eng dolzarb vazifalarni ko‘rsatdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 dekabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida o‘tgan sammitda Kengash Faxriy raisi, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat - Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Yig‘ilish kun tartibidan YeOII makonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, jumladan, iqtisodiyot, savdo, sanoat, transport, bojxona ma’muriyatchiligi, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqining avvalida Qozog‘istonning YeOIIdagi raisligi muvaffaqiyatli bo‘lgani va uning tashabbusi bilan Birlashma doirasida muhim qarorlar qabul qilinganini ta’kidlab, Qozog‘iston mamlakat va Tashkilot o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaganini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston YeOII faoliyatida kuzatuvchi davlat sifatidagi ishtirokini boshlaganidan o‘tgan bir yil mobaynida uch yillik Chora-tadbirlar rejasi doirasida Birlashmaning turli organlari, eng avvalo, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Milliy qonunchilikni YeOII normalariga, birinchi navbatda standartlashtirish va tashqi savdoni notarif tartibga solish sohalarida yaqinlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. O‘zbekiston “COVIDsiz sayohat qilaman” raqamli platformasiga ulandi. Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilish jarayoni boshlandi.

Bugungi davrning qiyinchiliklariga qaramay, murakkab sharoitlarga moslashish va yangi “o‘sish nuqtalari”ni topishga muvaffaq bo‘linayotgani qayd etildi. Xususan, O‘zbekistonning Tashkilot mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan 30 foizga, 2019 yilga nisbatan esa 11 foizga ortdi.

Prezident qo‘shma qarorlar qabul qilishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Iqtisodiy aloqalarni barqaror rivojlantirish uchun yondashuvlarni yanada muvofiqlashtirish zarurligini qayd etib, O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro savdoda to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish muhim ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun eng qulay sharoitlar yaratish borasidagi yondashuv va mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyorligi bildirildi.

Davlat rahbari sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashning dolzarb ahamiyatini yana bir bor ta’kidlab, bu borada, shu jumladan Tashkilot doirasida Industriallashtirish onlayn xaritasini yaratishda ishtirok etish orqali hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.

Prezident yangi transport yo‘laklarini yaratishga qaratilgan, mamlakatlar tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan loyihalarni yanada faolroq ilgari surishga chaqirdi.

O‘zbekiston yuk tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya tamg‘alarini joriy qilish dasturiga qo‘shilishi mumkinligi qayd etildi. YeOII logistika zanjirlarini rivojlantirish raqamli ekotizimini yaratish to‘g‘risidagi tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.

Ishtirokchilarning e’tibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi. Shu munosabat bilan davlat rahbari O‘zbekiston yuqori darajadagi Ishchi guruhi faoliyatida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi hamda uning doirasida “yashil” taraqqiyot sohasida Chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashni taklif etdi.

IT sohasida tajriba almashish va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi va shu munosabat bilan navbatdagi Yevroosiyo raqamli forumini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Kuzatuvchi davlatlarni Yevroosiyo makonidagi dolzarb tashabbuslar va kooperatsiya dasturlarini amalga oshirishga yanada faol jalb etish, shuningdek, ilmiy-texnik va gumanitar almashinuvlarni rag‘batlantirish zarur ekani ta’kidlandi. Shu maqsadda davlat rahbari YeOII Taraqqiyot markazi imkoniyatlaridan foydalanishni hamda kuzatuvchi mamlakatlarning Kengash va YeIK organlari ishida ishtirok etishini taklif etdi.

Prezident nutqining yakunida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

123

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing