Asilzoda. 69 yildan buyon dunyoni “qo‘lida tutayotgan” ayol (1-qism)
Bu qiziq
−
06 dekabr 2021
25461“Bizning dunyomiz yoqimli joy emas. Ertami-kech, ota-onangiz sizni tark etadi va hech kim sizni himoya qilmaydi. Siz o‘zingiz uchun kurashishni o‘rganishingiz kerak”.
Buyuk Biritaniya qirolichasi Yelizaveta II
1952 yil Buyuk Britaniya qiroli Georg VI vafot etdi. Qirolning o‘rniga uning katta qizi Yelizaveta II taxtga o‘tirdi. Taxminlarga ko‘ra, u 25 180 kundan beri Britaniya taxtini egallab kelmoqda. Bu Jahon tarixida mutlaqo rekord hisoblanadi. Ingliz tarixchilari qirolichaga “sokin Yelizaveta” deb nom berishgan. U hayoti davomida Uinston Cherchill, Garold Vilson, Garold Makmillan, Jeyms Kallagan, Margaret Tetcher va Boris Jonson kabi 13 ta Bosh vazir – kuchli siyosiyatchilar bilan kelishib, 69 yildan buyon davlatni boshqarib kelmoqda. Yelizaveta II ommaviy shaxs bo‘lishiga qaramay, uning shaxsiy hayoti sirli parda ortiga yashiringan.
Bugungi maqolamizda, Britaniya orolida eng uzoq hukmronlik qilayotgan monarxning hayoti, qanday qilib qirolicha bo‘lgani va qirollik oilasiga tegishli bo‘lgan ayrim sirlar haqida so‘z yuritamiz.
Taxtdan voz kechgan qirol
1926 yilning bahor kunlari. 21 aprel sanasida Buyuk Britaniya qirollik oilasida baxt chirog‘i porladi. Qirol Georg VI va Yelizaveta Angela qiz farzandli bo‘ldi. Qizaloqning ota-onasi unga Viktoriya deb ism qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Biroq qirol Gerog V ning taklifiga binoan oilaning yangi a’zosiga Yelizaveta Aleksandra Mariya (onasi, buvisi va katta buvisi sharafiga) deb ism qo‘yildi. 1926 yil 29 may kuni York cherkovida malikani cho‘qintirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
1936 yilda Buyuk Britaniya qiroli Georg V vafot etdi. Uning o‘rniga Uels shahzodasi Eduard VIII qirollik tojini kiydi. Biroq u bor-yo‘g‘i 325 kungina hukmronlik qildi. Sababi qirol Eduard VIII ikki marta ajrashgan amerikalik Uollis Simpsonni sevib qolgan edi. Monarxiya qonunlariga ko‘ra, qirol ajrashgan ayol bilan turmush qura olmasdi. Amerikalikka oshiq bo‘lib qolgan qirol Eduard VIII o‘z sevgisi uchun Britaniya taxtidan voz kechdi. Shundan so‘ng, Yelizavetaning otasi Georg VI Angliyaning navbatdagi qiroli bo‘ldi.
Qirolichaning urushda ishtirok etishi
11 yoshli Yelizaveta ota-onasi bilan Kensingtondan Bukingem saroyiga ko‘chib o‘tdi. Malika uyda san’at va musiqadan ta’lim oldi. Uning hayoti bir maromda, go‘zal sur’atda ketayotgan edi. Biroq 1939 yil 1 sentyabr kuni Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Insoniyat boshiga kulfat keltirgan urush qirollik oilasini ham chetlab o‘tmadi. O‘sha vaqtda malika Yelizaveta endigina 13 bahorni ko‘rgan edi.
1940 yilda Fransiya Germaniyaga taslim bo‘ldi. Shundan so‘ng, Gitler Buyuk Britaniyaga qarshi “Dengiz sheri” operatsiyasiga start berdi. Germaniya havo kuchlari Angliyani bombardimon qilishni boshladi. Bunday og‘ir holatda Lord Hailsham qirolga malikalar Yelizaveta va Margaretani Kanadaga evakuatsiya qilishni taklif qildi. Biroq qirolicha Yelizaveta Angela bu taklifni qat’iyan rad etib, shunday dedi:
“Kichik malikalar mensiz hech qayerga ketmaydi. Men qirolni tashlab ketmayman va qirol ham hech qachon mamlakatni tark etmaydi”.
Yosh malika Yelizaveta urushning ko‘p qismini London yaqinida joylashgan Vindzor qal’asida o‘tkazdi. U 1940 yilda birinchi marta radio orqali eshittirishga chiqib, shunday dedi:
“Biz qo‘limizdan kelgunicha harakat qilishimiz kerak. Jasur dengizchilarimizga, askarlarimizga va uchuvchilarimizga yordam berish uchun biz ham urushning xavfi va qayg‘usini tortishimiz kerak. Oxir-oqibat barchasi yaxshilik bilan tugaydi”.
1945 yil fevral oyida Yelizaveta o‘z tashabbusi bilan “Yordamchi hududiy xizmat” bo‘limiga o‘qishga kiradi. O‘qishni bitirgach, malika leytenant harbiy unvonini oldi. U armiyada besh oy davomida tez yordam avtomobilining haydovchisi bo‘lib xizmat qildi. Shunday qilib, malika Yelizaveta qirollik oilasidan armiyada rasmiy ravishda xizmat qilgan birinchi ayol bo‘ldi.
Qirollik oilasidagi hoyin
Sobiq qirol Eduard VIII taxtdan voz kechgan bo‘lsa-da, asosiy dushman Adolf Gitler bilan aloqa o‘rnatgan. Xususan bu haqida Stalin davrida KGB (SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi)ning o‘rinbosari bo‘lgan general-leytenant Yevgeniy Pitovranov Edvard VIII ning natsistlar tarafida bo‘lganligi haqida aniq ma’lumot bergan.
Ikkinchi jahon urushi oldidan Sovet ittifoqining rahbari Iosif Stalin qirollik saroyida SSSR josuslari bo‘lishini istaydi. Ma’lumki, Edvard VIII amerikalik Uollis Simpsonni sevib qolgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Simpson xonim Germaniyaning Londondagi elchisi bilan aloqada bo‘lgan. To‘ydan so‘ng Edvard VIII rafiqasi bilan birgalikda Germaniyaga tashrif buyurib, Adolf Gitler bilan uchrashgan.
Maxfiy ma’lumotlarga ko‘ra, Edvard va Fyurer o‘rtasida kelishuv bo‘lgan. Kelishuvga binoan Germaniya Angliyani taslim eta olsa, Edvard qirol bo‘lib tayinlanishi kerak edi. Buning evaziga sobiq qirol bir qancha davlat sirlarini Fyurerga aytib bergan. Inglizlar bundan xabar topib, sobiq qirolni Bagama orollariga gubernator sifatida surgun qilishni rejalashtirgan. O‘sha vaqtda Buyuk Britaniya Bosh vaziri bo‘lgan Uinston Cherchill (1940-1945) agar bu reja amalga oshmay qolsa, Edvardni yo‘q qilishni buyurgan.
Yelizaveta va uning oilasi
Butun dunyoni zir titratgan urush nihoyat tugadi. 1948 yil Yelizaveta radio orqali hayotini Britaniya imperiyasining xizmatiga bag‘ishlashga tantanali va’da berib, quyidagi so‘zlarni aytdi:
“Men hozir bitta bayonot bermoqchiman. Bu juda oddiy. Barchangiz oldida e’lon qilamanki, mening butun hayotim, xoh uzoqmi, xoh qisqa sizga va barchamiz mansub bo‘lgan buyuk imperiyaga xizmat qilishga bag‘ishlanadi”.
Malika Yelizaveta Buyuk Britaniya qirolichasi bo‘lishi aniq edi. Endi unga butun umr suyanchiq bo‘ladigan munosib turmush o‘rtoq kerak. 21 yoshli malika o‘zi uchun munosib bo‘lgan yigitni topgandi. Bu yigit Britaniya dengiz floti ofitseri, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Gretsiya va Daniya qirollik oilasining a’zosi hamda qirolicha Viktoriyaning chevarasi shahzoda Filipp Mauntbatten edi.
Ular ilk bor Dartmutdagi qirollik harbiy dengiz kollejida uchrashishgan. Ikkinchi jahon urushi arafasida qirol Georg VI va uning oilasi kollejga tashrif buyuradi. O‘sha vaqtda 18 yoshda bo‘lgan shahzoda Filipp kollejga kelgan 13 yoshli malika Yelizavetani sevib qoladi. Tez orada ular o‘rtasida jonli yozishmalar boshlandi. Urush yuzaga kelgach, shahzoda Filipp O‘rta Yer dengizi va Tinch okeanidagi qirollik dengiz flotida xizmat qildi. Urushdan qaytgach, malika Yelizavetaning qo‘lini so‘radi.
1947 yil 20 noyabr kuni Vestminster saroyida malika Yelizaveta va shahzoda Filipp Mauntbattenning to‘yi bo‘lib o‘tdi. To‘ydan bir yil o‘tib, oilada to‘ng‘ich farzand – shahzoda Charlz Uelskiy dunyoga keldi. 1950 yil 15 avgust kuni ikkinchi farzand – qizaloq Anna tug‘ildi. 1960 va 1964 yillarda shahzodalar Endryu hamda Edvard dunyoga kelgan.
Britaniyaning yangi qirolichasi
1951 yilda qirol Georg VI ning ahvoli og‘irlashdi. Shu sababli qirolning o‘rniga malika Yelizaveta ommaviy tadbirlarga qatnasha boshladi. 1952 yil 6 fevral kuni qirol Greorg VI vafot etdi. O‘sha vaqtda malika Yelizaveta turmush o‘rtog‘i bilan Keniyada ta’tilda edi. Ta’til tugamay turib Yelizaveta otasining vafot etgani haqidagi xabarni oldi va 8 fevral kuni mamlakatga qaytdi. Uni aeroportda qirollikning yuqori mansabdorlari qarshiladi. O‘shanda Yelizaveta ilk bor o‘zini qirolichalardek tutib, protokolga mos ravishda harakat qilishi kerakligi uqtirildi. Taomilga ko‘ra, u shuni kuni samolyotda u liboslarini o‘zgartirib, maxsus qora libosni kiyadi. Maxsus xizmat samolyotdan avval qirolicha, oradan bir oz vaqt o‘tgach esa eri Filipp chiqishiga ruxsat beradi.
“Otamning to‘satdan vafotidan keyin men mamlakatning burchi va mas’uliyatini o‘z zimmamga olaman. Men his-tuyg‘ularga to‘lib-toshganman, shuning uchun bugun men faqat otam kabi butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan xalqlarimning farovonligi uchun harakat qilaman... Xudodan bu qiyin vaziyatda yordam so‘rayman”, degan edi Yelizaveta.
Protokolga mos ravishda mamlakat boshqaruviga kelayotgan shaxs o‘zi ism-sharifidan bir nomni tanlashi kerak edi. Yelizaveta Aleksandra Mariya o‘zini Yelizaveta nomi bilan atashlarini ixtiyor etadi va unga Yelizaveta II nomi beriladi.
Samolyot bortidan rafiqasidan keyin tushish, doim ayol kishining ortida yurish Filipp uchun o‘ta og‘ir edi. Shunga qaramay, asosan qirolichaning sa’y-harakati bilan oila saqlab qolinadi. Boisi Britaniyada qirolicha bir vaqtning o‘zida diniy arkon sanalgan va nafaqat qirolichaning, balki qirollik oilasidan hech kimning ajrashishi mumkin bo‘lmagan. Agar oilaga darz ketgan taqdirda, oila mansubi qirollik oilasi bergan barcha vakolatlardan mahrum qilingan.
Shunday qilib toj kiyish marosimi 1953 yil 2 iyun kuni Vestminster saroyida bo‘lib o‘tdi. Kenterber arxiyepiskopi Yelizavetaga 3000 dan ortiq olmos, 277 marvarid, shuningdek, sapfir, zumrad va yoqut mavjud bo‘lgan qirollik tojini kiydirdi. Bu marosimni televideniye jonli efirda namoyish etdi va buni 27 million kishi tomosha qildi. Marosim vaqtida Yelizavetaning eri tiz cho‘kib, shunday dedi:
“Men, Filipp, ruh va tanada sizning vassalingiz bo‘laman. Men hayotimning oxirigacha sizga imon va haqiqat bilan xizmat qilishga qasamyod qilaman. Men sizni har qanday dushmanlardan himoya qilaman. Xudo menga yordam beradi”.
Qirolicha tojni kiygach, saroyda yig‘ilgan barcha “Xudo malikani saqlasin!” deb hayqirdi. Shundan so‘ng odatga ko‘ra qirolicha London ko‘chalari bo‘ylab sayrga chiqdi. Ayni vaqtda yomg‘ir yog‘a boshladi. Yomon ob-havoga qaramay, qirolichani shahar ko‘chalarida uch millionga yaqin odam kutib oldi. Ularning barchasi yangi monarxni ko‘rish uchun ko‘chaga chiqishgan edi.
Taxtga o‘tirgan Yelizaveta II Britaniya koloniyalari bo‘ylab olti oylik sayohatga otlanadi. Qirolicha Avstraliya va Yangi Zelandiyaga tashrif buyurgan birinchi monarx bo‘ldi. Bundan tashqari, Yelizaveta II Fiji, Tonga, Bermud, Yamayka, Panama, Kokos orollari, Seylon, Yaman (Aden), Uganda, Liviya, Malta va Gibraltarda bo‘lib, 64 ming kilometr masofani bosib o‘tdi.
Tashqi siyosat
Yelizaveta II hukmronligining dastlabki yillaridayoq dunyo yetakchilari va taniqli shaxslar bilan faol uchrashuvlar o‘tkazdi. 1953 yilning mart oyida Yelizaveta II Bukingem saroyida Sotsialistik Yugoslaviya rahbari Iosip Broz Tito sharafiga ziyofat uyushtirdi. Bundan tashqari, 1956 yil 22 aprel kuni Angliya qirolichasi Vindzor qasrida SSSR Markaziy Komitetining birinchi kotibi Nikita Xruyov va SSSR Vazirlar Kengashi Raisi Nikolay Bulganinni qabul qildi.
1961 yilda qirolicha Kipr, Vatikan, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Nepal, Eron, Italiya va Gana davlatlariga rasmiy tashrif buyurdi.
Maxfiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kungacha qirolicha Yelizaveta II ga nisbatan ko‘p bor suiqasd amalga oshirilgan. Kelgusi maqolamizda aynan qirolichaga uyishtirilgan suiqasdlar, malika Diananing o‘limiga doir ayrim sirlar haqida va shahzoda Garri nima uchun qirollik oilasiga a’zolik maqomidan chiqqanligi haqida ma’lumot beramiz.
LiveBarchasi