QALAMPIR.UZ surishtiruvidan so‘ng Payariqda maktab quriladigan bo‘ldi. Ammo...
Jamiyat
−
25 noyabr 2021 6849 3 daqiqa
Xabaringiz bor, saytimizda “Turdimov va Saidov diqqatiga: Payariqda 300 ga yaqin bola sarson bo‘lmoqda” nomli maqola e’lon qilingandi. Unda Samarqand viloyati Payariq tumani “Do‘stlik” mahallasida yashaydigan 300 ga yaqin bola uchun maktab yo‘qligi, shuning uchun o‘quvchilar 4 km naridagi maktabga qatnayotgani haqida so‘z borgan. Payariq tumani hokimligi Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat joriy yilning 19 noyabr kuni tumanga biriktirilgan sektor rahbari (viloyat prokurori), tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruhi va xalq ta’limi vazirligining Qurilish boshqarmasi boshlig‘i hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan joyida o‘rganilgan.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, Payariq tumani “Do‘stlik” mahallasi Kattasoy qishlog‘ida 336 nafar maktab o‘quvchilari mavjud bo‘lib, shundan 214 nafari Payariq tumanidagi 30-sonli maktabga, 84 nafari Ishtixon tumanidagi 72-sonli maktabga, 38 nafari esa Ishtixon tumanidagi 91-sonli maktabga qatnab ta’lim oladi.
Mazkur qishloqning eng chekka qismidan 30-sonli maktabgacha bo‘lgan masofa 4 kilometrni, Ishtixon tumanidagi 72-sonli maktabning oraliq masofasi 3-4 kmni, Ishtixon tumanidagi 91-sonli maktabning oraliq masofasi 3,5-5 kmni tashkil qiladi.

Qayd etilishicha, Payariq tumanidagi 30-sonli maktabning quvvati 460 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramasdan bugungi kunda 906 nafar o‘quvchi mazkur maktabda o‘qiyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 sentyabrdagi 130-son Rayosat bayoniga ko‘ra 2022 yilda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladigan maktablarning Manzilli ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, ushbu ro‘yxatga Payariq tumanidagi Kattasoy qishlog‘ida yangi maktab binosi qurilishi rejalashtirilmagan.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur hududga 330 o‘rinli yangi zamonaviy maktab binosini qurish taklifi berilib, 2022 yil qo‘shimcha taklif etiladigan Manzilli ro‘yxatga kiritilishi belgilandi”, deyiladi xabarda.
Viloyat mutasaddilari Kattasoy qishlog‘idagi ahvolni tezkorlik bilan o‘rgangani tahsinga loyiq. Ammo shunga qaramay qurilish ishlari qachon boshlanishi va bolalar qachon 4 km uzoqlikdagi maktabga emas, uylari yaqinidagi, qishlog‘idagi ta’lim dargohiga borishi noma’lum qolyapti. Shunga qaramay, mutasaddilarning joyiga chiqib o‘tkazgan tekshiruvi natijasi protokollarda qolib ketmasligiga umid qilamiz.
Shu o‘rinda, barchamizga ma’lumki, maktab bir yo ikki kunda qurilmaydi, bunga bir necha oy vaqt ketadi. Ostonada esa qish. Demak, qurilish zudlik bilan boshlangan taqdirda ham maktab kelasi yil bahorga bitkazilsa, do‘ppini osmonga otaverish kerak. Yog‘inli va sovuq kunlar "eshik qoqib" turgan bir vaqtda tuman mutasaddilari Kattasoy qishlog‘idagi bolalar uchun avtobus tashkil qilishi va ularning yo‘lini qisqartirishi mumkin, agar xohish bo‘lsa, albatta. Aytishadiku, izlagan imkon topar deb.

Live
Barchasi