“Jajji qotil” yoxud tutundan “huzur qilish” insoniyatga qanchaga tushyapti?

Jamiyat

image

Qo‘lida sigaretini tutatib, ushbu xabarni o‘qiyotgan yurtdoshim! Bilasizmi, bir yilda dunyoda 8 mln odam tamaki chekishdan vafot etadi. Sizning qo‘lingizda turgan va tutini dimog‘ingizga yoqayotgan sigaret har 10 soniyada bitta odamni oramizdan olib ketadi. 

Shu sabab bo‘lsa kerak, har yili noyabr oyining uchinchi payshanbasi dunyoning bir qator G‘arb mamlakatlarida “Chekish taqiqlangan kun” sifatida nishonlanadi. U 1977 yil Amerika saraton kasalliklari jamiyati tashabbusi bilan ta’sis etilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan statistikaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, dunyodagi 25 foiz aholi chekish tufayli vafot etgan. Butun dunyoda 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlarning 17 foizi chekuvchilardir. Yevropa mintaqasida 13-15 yoshli qizlarning 11,5 foizi va o‘g‘il bolalarning esa 13,8 foizi tamaki iste’mol qiladi. Yuqorida aytganimizdek, bir yilda 8 mln odam aynan tamaki sabab vafot etsa, jahon iqtisodiyoti 1,4 trln dollar yo‘qotadi.

Ta’maki chekishga “mukkasidan ketish”, tutunidan “huzur qilish” O‘zbekiston yoshlarini ham chetlab o‘tmagan. Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurovning ma’lum qilishicha, mamlakatda tamaki chekuvchi yoshlar 65 foizni tashkil qiladi.

2019 yilgi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, katta yoshdagilar orasida tamaki mahsulotlarini iste’mol qiluvchilar 16,5 foizni tashkil etadi. Ularning 32,9 foizi erkaklar, 0,8 foizi ayollar hisobiga to‘g‘ri keladi. Tutunli mahsulotlarni iste’mol qiluvchilar esa 9,4 foizini (erkaklar 18 foiz, ayollar 0,5 foiz) tashkil qilsa, tutunsiz mahsulot (asosan nosvoy) iste’mol qiladiganlar 9,9 foizni (19,8 foiz erkaklar, 0,4 foiz ayollar) tashkil qiladi.

2013 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, tamaki tutuniga duchor bo‘lgan 13-15 yoshdagi o‘smirlarning 14,7 foizi bino yoki maktab hududida, 21 foizi yopiq turdagi jamoat joylarida, 16,8 foizi ochiq turdagi jamoat joylarida chekayotganlarni hamda 12,6 foizi uyda yaqinlari va ota-onasi tomonidan tamaki iste’molini ko‘rgan va shundan so‘ng chekishni boshlagan.

Chekuvchilarning kamdan-kami tamaki sog‘liq uchun zararli ekanligini yaxshi bilgan holda, nikotinga qaramlikdan xalos bo‘lishga intiladi. Qolganlar esa tamaki iste’moli qanday oqibatlarga olib kelishini bilmaydi yoki kasallik unga ta’sir qilmasligiga ishonadi. Ba’zi hollarda esa chekishga shunchalik o‘rganib qoladi-ki, u uchun tamakidan voz kechishning iloji yo‘q.

Shu sabab ko‘plab mamlakatlar tamaki chekishga qarashi turli xil tadbirlar o‘tkazadi, ammo, tamaki sanoati ham o‘z mahsulotini “yaxshigina” reklama qilishdan charchagani yo‘q. 

Ular yoshlarning irodasiga ta’sir etish uchun, o‘z mahsulotini turli xil dizayn va jozibali ko‘rinishda bozorga chiqaradi. Albatta, bu usullar bolalar va yoshlarning elektron sigaretalar, nikotinli mahsulotlar va qizdiriladigan tamaki mahsulotlari kabi innovatsion tamaki mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishini oshirib yubordi. Ular ko‘pincha reklama, tamaki mahsulotlarini sotish va homiylik qilishni tartibga soluvchi qonun talablarini ham chetlab o‘tishga harakat qiladi.

Xalqaro chekishni tashlash kunining maqsadi tamakiga qaramlikning keng quloch yoyishini to‘xtatishga ko‘maklashish, chekishga qarshi kurashga aholining barcha qatlamlarini va barcha ixtisoslikdagi shifokorlarni jalb qilish, tamaki chekishning oldini olish va jamiyatni tamakining salomatlikka zararli ta’siri haqida xabardor qilishdir.

Ta’kidlanishicha, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda bu Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, jamoat joylarida nafaqat tamaki mahsulotlarini, balki elektron sigaretalar, qizdiriladidan tamaki mahsuloti, chilim va shunga o‘xshash narsalarni iste’mol qilish va ulardan foydalanish taqiqlanadi. 
Shuningdek, amaldagi qonunda 20 yoshgacha bo‘lganlarga tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlangan bo‘lsa, yangi tahrirda ushbu cheklovni yana bir yoshga ko‘tarish ko‘zda tutilgan. 

Alohida ta’kidlash kerakki, nafaqat, 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga sigaret sotish, balki 21 yoshga yetmagan sotuvchi ham faoliyat olib borishi mumin emas. Hattoki, bu mahsulotlarni sotishni ham man qilish ko‘zda tutilgan. Agar bironta ovqatlanish shoxobchalarida yoki savdo do‘konlarida kimdir chekayotgan bo‘lsa, nafaqat chekuvchi balki o‘sha maskanning rahbari ham javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, qonun bilan nafaqat 21 yoshga to‘lmagan shaxslarning sigaret sotib olishi, balki 21 yoshga yetmagan sotuvchining sigaret sotishini ham taqiqlash rejalashtirilgan. Agar bironta ovqatlanish shoxobchasida yoki savdo do‘konlarida kimdir chekayotgan bo‘lsa, nafaqat chekuvchi balki o‘sha maskanning rahbari ham javobgarlikka tortiladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

90

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing