Oloy, Qo‘yliq, O‘rikzor, Chorsu... 61 ta bozordagi davlat ulushi sotiladi
Jamiyat
−
02 noyabr 2021
8298O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda ulardagi davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.
Qaror loyihasining:
1-ilovasiga muvofiq, ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) birinchi bosqichda eksperiment tariqasida “hammasi bir joyda” tamoyili asosida zamonaviy ko‘rinishga keltirish sharti bilan belgilangan tartibda sotiladigan bozor va savdo komplekslari ro‘yxati;
2-ilovasiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan tartibda tugatiladigan faoliyat ko‘rsatmayotgan bozor va savdo komplekslari ro‘yxati tasdiqlanadi.
Bunda, bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarini sotish shartlari va usullari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga asosan belgilanadi.
Qaror loyihasi bilan ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) sotiladigan bozor va savdo komplekslarining faoliyatini, ulardagi mulkiy masalalar bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish hamda aniqlangan muammoli masalalarni bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha mazkur qarorning 3-ilovasiga muvofiq namunaviy tarkibda Hududiy komissiyalar tuziladi.
Shuningdek, bozor va savdo komplekslarini sotishdan oldin tayyorlash va savdolarga chiqarish, Hududiy komissiyalar ishini muvofiqlashtirishni amalga oshirish bo‘yicha Davaktiv agentligi huzurida byudjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Bozor va savdo komplekslarini boshqaruv ofisi tashkil etilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, qaror loyihasida bozor va savdo komplekslari ustav kapitalidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari aksiyalari (ulushlari)ni sotishda:
- sotishdan tushgan mablag‘larning respublika byudjetiga taqsimlanadigan qismi, istisno tariqasida, tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga yo‘naltirilishi;
- bozor va savdo komplekslarining ustav kapitalida davlat ulushi ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalarning ulushi mavjud bo‘lganda, ularning ulushlari belgilangan tartibda boshqaruv organlari qarorlari asosida balans qiymatida ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazilib, yaxlit paketda savdoga chiqarilishi;
- ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) sotilgunga qadar bozor va savdo komplekslari tomonidan ularning mol-mulklarini sotish, yirik bitimlar tuzish, aktivlarini garov ta’minoti sifatida va boshqa tarzda tasarruf etish qat’iyan man etilishi ko‘zda tutilgan.
Ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) sotiladigan bozor va savdo komplekslari ro‘yxati
Tugatiladigan bozor va savdo komplekslari ro‘yxati
LiveBarchasi