“Hech bir davlat raqamli fashizmdan himoyalangan emas”. Erdo‘g‘an Turk dunyosiga chaqiriq bilan chiqdi

Olam

image

Hech bir mamlakat yoki jamiyat, qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, raqamli fashizmning halokatli ta’siridan himoyalangan emas. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbul shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy tilli davlatlar media forumi ishtirokchilariga yo‘llagan videotabrigida so‘z ochdi. 

“Bugungi kunda, ijtimoiy tarmoqlar ommalashgani sari butun insoniyat tez-tez yolg‘on axborot oqimiga duch kelmoqda. Yolg‘on xabarlar millionlab himoyasiz odamlarning hayotini qoraytirib yubormoqda va butun dunyo jiddiy og‘riq hamda dramani boshdan kechiryapti”, deydi Erdo‘g‘an.

Turkiya Prezidentining qo‘shimcha qilishicha, nazoratsiz qolgan media davlatlarning milliy xavfsizligiga ham tahdid solmoqda.

“Hech qanday nazorat va o‘zini o‘zi boshqarish imkoni bo‘lmagan ijtimoiy media kanallari bugun demokratiyaga ham, ijtimoiy barqarorlikka ham, davlatlarning milliy xavfsizligiga ham tahdid sola boshladi”, deydi davlat rahbari. 

Shuningdek, Erdo‘g‘an qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, hech qaysi davlat raqamli fashizmdan himoyalanmaganini ta’kidladi.  

“Raqamli fashizmdan tashqari, Turkiy dunyo xalqaro ommaviy axborot vositalarining ikki tomonlama standartlaridan aziyat chekmoqda. Ayniqsa, Tog‘li Qorabog‘dagi 44 kunlik urush davomida kuzatilgan ikkiyuzlamachilik ushbu muammoni hal qilishning mamlakatlarimiz uchun muhimligini ko‘rsatdi. Bu jarayonda Armaniston armiyasi tomonidan tinch aholiga qilingan qirg‘in va ballistik raketa hujumlari hech qachon tilga olinmagan”, deydi Turkiya Prezidenti. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘dagi urush vaqtida xalqaro ommaviy axborot vositalari go‘yoki OAVning mustaqilligi va xolisligi haqida gapirib, Armanistonning rasmiy axborot agentligi sifatida ishlagan. 

“Qorabog‘ urushi mamlakatlarimiz va Turkiy dunyoga tegishli faktlarga qarshi matbuot embargosining birinchi va oxirgi namunasi emas”, deydi Erdo‘gan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22-24 oktyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar media forumi bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro forumda O‘zbekiston delegatsiyadan QALAMPIR.UZ internet nashri rahbari Qamariddin Shayxov ham ishtirok etib, nutq so‘zladi. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan 2019 yil O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing