O‘zaro oila qurgan yetim bolalarga 2 xonali uy beriladi
Jamiyat
−
10 avgust 2021
6509Bugun, 10 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Ushbu qarorga ko‘ra, joriy yil 15 avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:
- yetim bolalar 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda, mazkur toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi;
- yetim bolalar uchun kvartiralar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ko‘chmas mulkning birlamchi bozoridagi shahar va tumanlarda qurilgan ko‘p kvartirali uy-joylardan xarid qilinadi;
- tegishli tuman (shahar)da ko‘chmas mulk birlamchi bozorida mazkur bandda nazarda tutilgan mezonlarga mos keladigan kvartiralar mavjud bo‘lmaganda, hududiy “Xalqparvar” komissiyalari xulosasiga asosan kvartiralar ko‘chmas mulkning ikkilamchi bozoridan tegishli mezonlarga muvofiq holda xarid qilinadi;
- yetim bolalarni uy-joylar bilan ta’minlash “onlayn-navbat” tizimi asosida amalga oshiriladi hamda mazkur navbatga o‘zgartirish kiritilishiga hamda navbatidan oldin keyingi navbatdagi bolalarga uy-joy ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
- Xalq ta’limi vazirligi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joy bilan ta’minlanishi holati haqidagi har oyda yangilanadigan ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.
Belgilab qo‘yilsinki:
a) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq ular 30 yoshga to‘lgunga qadar uy-joyni sotish, hadya qilish yoki garovga qo‘yish yoxud ijaraga berish hamda uy-joyda o‘zi va oila a’zolari (eri yoki xotini, farzandlari) dan tashqari boshqa fuqarolarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish huquqisiz ajratiladi.
Bunda, yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning asoslantirilgan murojaati asosida mahalliy hokimliklar tomonidan uy-joyning umumiy maydonini kengaytirish va mazkur bandda nazarda tutilgan talablarni saqlab qolish sharti bilan sotishga ruxsat beriladi;
b) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash jarayonida quyidagilar taqiqlanadi:
- bitta ko‘p kvartirali uy-joyning har bir kirish yo‘lagidagi kvartiralarda bir nafardan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish;
- ikki va undan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ko‘p kvartirali uy-joydan bitta kvartira ajratish (ular o‘rtasida nikoh tuzilgan hollar mustasno);
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun alohida ko‘p qavatli uy-joylar qurish va bu yerda ularning barchasini joylashtirish;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun yotoqxonalardan uy-joylar ajratish (xarid qilish);
v) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar kollej, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan davrida mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda kommunal xizmatlarning me’yoriy ko‘rsatkichlari bo‘yicha foydalanilgan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning ellik foizi tegishli tuman va shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Bunda, mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda foydalaniladigan kommunal xizmatlarning me’yoriy ko‘rsatkichlari tegishli tuman va shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
LiveBarchasi