Inflyatsiya iqtisodiyot uchun xavfmi?

Tahlil

image

Agar davlatda narxlar doimiy ravishda o‘sib boryotgan bo‘lsa, demak mamlakatda inflyatsiya ham o‘sib bormoqda.

Inflyatsiya nimaga bog‘liq va narxlar ko‘tarilmasligi uchun nima qilish kerak?

Inflyatsiya – bu tovarlar va xizmatlar narxlarining umumiy darajasi doimiy ravishda o‘sib borishidir. Ushbu jarayonda ba’zi tovarlarning narxi sezilarli darajada oshishi, boshqalari arzonlashishi yoki umuman o‘zgarmasligi ham mumkin.

Dunyo mamlakatlarining aksariyat qismi, shu jumladan O‘zbekiston ham inflyatsiya darajasini quyidagicha aniqlaydi. Bunda davlatlar “iste’mol savatchasi” deb atalmish mahsulotlarni o‘rtacha odam yoki oilaning doimiy ravishda sotib oladigan mahsulotlar, tovarlar va xizmatlar to‘plamiga  nisbatan aniqlaydi. 

Ushbu “iste’mol savatchasi”da 500 ga yaqin tovar va xizmatlar mavjud bo‘lib, unga oziq-ovqat, kiyim-kechak, kommunal xizmatlar, maishiy texnika, avtoulovlar va hokazolar kiradi. Shuning uchun inflyatsiya darajasini aniqlashda aholining o‘rtacha qismi olinadi.

Iste’mol savati mamlakat barcha aholisining o‘rtacha iste’molini aks ettiradi. Odamlar ko‘pincha ushbu iste’mol savatga kiruvchi tovarlarning bir qismini sotib olishadi: non, sabzavot, go‘sht, benzin... Avtomobil kamdan-kam hollarda sotib olinadi, ammo bu xarajatlar non, sabzavot va go‘shtga sarflanadigan xarajatlar bilan taqqoslaganda juda katta. Shuning uchun “iste’mol savatchasi” qimmatbaho tavarlar bilan emas, balki birlamchi mahsulotlar masalan, turli xizmatlar, non, sabzavot, go‘sht, va shu kabi tovarlar bilan o‘lchanadi. Ushbu shartli savat narxi oyma-oy o‘zgarib turadi. Bunday o‘zgarish inflyatsiya deyiladi.

Darhaqiqat, inflyatsiya har doim narxlarning ko‘tarilishi hisoblanadi. Pas inflyatsiya jarayonida narxlar juda sekin ko‘tariladi, ammo baribir o‘sib boradi. Inflyatsiyaning pasayishi, “iste’mol savatchasi”dagi tovar narxlari o‘tgan yillarga qaraganda sekinroq o‘sib borishini anglatadi. 
Inflyatsiyaning qanday turlari mavjud?

Pas inflyatsiya – bu yiliga 6% gacha bo‘ladi. Bunday inflyatsiya bir me’yorda, muqobil bo‘lib, iste’molchilar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham qulaydir. Masalan Fidji orollarida inflyatsiya darajasi 0% teng. Joriy yilning iyun oyidagi ma’lumotlar ko‘ra, inflyatsiya darajasi eng past bo‘lgan davlatlar  – Shveysariya (0,9%), Avstraliya (1,1%) Xitoy (1,1%) bo‘lmoqda. 

 Qayd etilishicha, inflyatsiya darajasi  6% gacha bo‘lgan davlatlarda iqtisodiyot rivojlanishiga imkon yaratadi. Aynan aksariyat mamlakatlar shunday darajada inflyatsiyani ushlab turishga harakat qiladi.

O‘rtacha inflyatsiya – yiliga 6% dan 10% gacha. Bu xavfli jarayon bo‘lib, ushbu daraja nazoratdan chiqib, yuqori inflyatsiyaga aylanishi mumkin. 

Yuqori inflyatsiya  – yiliga 10 dan 100% gacha. Bu davlatning ichki  bozorida beqarorlikni keltirib chiqaradi, odamlar va yirik kompaniyalar o‘z kelajagini rejalashtira olmaydi. Chunki iqtisodning beqarorligi bois qaysi tovar va mahsulot, xizmatning narxi qay darajada oshishi yoki tushish haqida aniq to‘xtam mavjud bo‘lmaydi. Joriy yilning 15 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 10,9 % tashkil qilmoqda. Demak O‘zbekiston inflyatsiyaning yaqori pog‘onasiga, ta’bir joiz bo‘lsa, xavfli darajasiga ko‘tarilib ulgurgan. Shuningdek, qo‘shni davlatlarda yillik inflyatsiya darajasi quyidagicha: 

•  Qozog‘iston 7,9%;
•  Tojikiston 8,2%;
•  Turkmaniston 10%;
•  Qirg‘izistonda 14,2%. 

Dunyo bo‘yicha eng yuqori inflatsiya Venesuelada bo‘lib, u 60% ni tashkil qilgan.   

Inflyatsiyaning eng xavfli turi – bu Giperinflyatsiya bo‘lib, bunda narxlar yuzlab va minglab foizga ko‘tariladi, ayniqsa, og‘ir holatlarda odamlar puldan voz kechib, ibtidoiy jamoa tuzumi kabi o‘zlariga zarur bo‘lgan tovarlar va xizmatlarni ayirboshlash qilishga o‘tishadi. Odatda giperinflyatsiya og‘ir inqirozlar va urushlar paytida yuz beradi.
Inflyatsiyaning yana bir turi bu deflyatsiya bo‘lib,  bu salbiy inflyatsiya hisoblanadi. Ya’ni Markaziy bank berayotgan rasmiy ma’lumotlarda infliyatsiya miqdori past ko‘rsatilsa ham bozordagi vaziyat buni rad etadi. Tovarlar va xizmatlar narxi ko‘rsatilgan infliyatsiya darajasidan ancha yuqori bo‘ladi.

Deflyatsiya iqtisodiyotning rivojlanishini to‘xtatadi. Iste’molchilar tavarlar va xizmatlar yanada arzonlashadi, degan umidda mahsulot sotib olishni to‘xtatishadi. Bu esa ahvol yanada og‘irlashishiga, iqtisodning tanazzulga uchrashiga, yalpi ichki mahsulotning kam ishlab chiqarilishiga olib keladi. 

Inflyatsiya ko‘plab sabablarga ko‘ra ko‘tarilishi mumkin:

•  Talabning ortishi. Odamlar to‘satdan ma’lum bir mahsulotni ko‘proq sotib olishida namoyon bo‘ladi. Masalan, oldin mobil telefonlar arzonlashgan davrda, hamma uyali aloqa vositasidan foydalanishga talabi ortdi. Bunda uyali aloqa operatorlari yuqori talabga zudlik bilan moslashishga ulgurmasligi tabiiy. Shuning uchun mobil aloqa narxlari juda yuqori edi. Har qanday defitsit tovar yoki xizmat narxlarning tez o‘sishiga olib keladi. Lekin keyinchalik uyali aloqa operatorlar qo‘shimcha quvvatga ega bo‘lgandan so‘ng, narxlar pasayishni boshladi.

•  Ta’minotni qisqartirish. Masalan, agar talab yuqori bo‘lib, lekin tovar va xizmatlarda taklifning pastligi, ya’ni hosil yetishmasligi, chet el tovarlarini olib kirishda cheklovlar mavjudligi, shuningdek bozorda ayrim monopolistlarning yakkahokimligi tufayli inflyatsiya darajasi ortib borishi mumkin. Bu ham narxlarning o‘sishini tezlashtiradi. (Bunga misol tariqasida O‘zbekistonda GM Uzbekistan mahsulotlariga nisbatan talabni keltirish mumkin.)

•  Milliy valyutaning qadrsizlanishi. Agar chet el valyutalarining kursi ko‘tarilsa, import qilinadigan tovarlar avtomatik ravishda qimmatlashadi. Bu ham inflyatsiyaning o‘sishiga olib keladi.

Yuqori inflyatsiya nega xavfli?

Yuqori inflyatsiya iqtisodiyot, biznes va moliyaviy bozorlar va albatta, mamlakat aholisi uchun juda salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Odamlar moliyaviy depressiyaga tusha boshlaydi. Shuning uchun ular puldan tezda xalos bo‘lishni, uni imkon qadar tezroq sarflashni, qimmatbaho tovarlar, ko‘chmas mulkka sarmoya kiritadilar va chet el valyutasini sotib olishga shoshiladilar. Bu esa tovarlarning narxlari oshishiga olib keladi. 
Odatda, yuqori inflyatsiyani tezlashashi yoki paslashishini oldindan prognoz qilish qiyin. Shuningdek, inflyatsiya, ayniqsa, aholining doimiy daromadga ega bo‘lmagan qatlamiga jiddiy va salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki, aholining boy qatlami to‘plangan daromadi, tadbirkorlik faoliyati, depozitlar bo‘yicha foizlar olishi yoki moliyaviy bozorga sarmoya kiritishi orqali  o‘zlarini inflyatsiyadan to‘liq yoki qisman himoya qilish usullariga ega bo‘ladi. Shuning uchun xalqaro ekspertlar inflyatsiyani kambag‘allarga nisbatan qo‘shimcha soliq, deb hisoblaydi.

Narxlarni ko‘tarmaslik uchun ularni muzlatib qo‘yish mumkinmi?

Narxlarni ma’lum darajada belgilash – yaxshi qaror. Ammo iqtisodiyotga bunday sun’iy aralashuv talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikning kuchayishiga olib keladi. Muzlatilgan narxlarda tanqislik yuzaga keladi. Bundan tashqari, tovarlar sifati tobora yomonlashib boraveradi, muqobil va yuqoridan ko‘rsatib o‘tilgan noqulay narxlarni ushlab turish uchun ishlab chiqaruvchilar sifatni qurbon qiladilar.

Aynan shu sabablarga ko‘ra bozor iqtisodiyoti sharoitida narxlarni davlat emas, balki bozor belgilashi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

50

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing