“Komplayens-nazorat” tizimi o‘rnatilgan vazirlik va idoralarda qancha korrupsion holat aniqlandi?

Jamiyat

image

Oxirgi paytlarda vazirlik va idoralarda “komplayens nazorat”, degan yangi termin tez-tez takrorlanib, yangi tizim ishga tushgani haqida xabar berilmoqda. Shu o‘rinda aholi orasida va hatto ba’zi davlat tashkilotlarning o‘zida ham ushbu tizim haqida bir qancha savollar yuzaga kelmoqda.

“Komplayens-nazorat bu qanday tizim?”

Xabaringiz bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2020 yil 27 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda vazirlik va idoralarda “Xufiyona iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi muvofiqlik (komplayens nazorat) tizimi”ni joriy etish vazifasi yuklatilgan edi. Shunga asosan, korrupsiya xavfi yuqori deb topilgan 26 ta vazirlik va idoralarda hamda davlat ulushiga ega bo‘lgan 10 ta tijorat bankida “Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaning oldini olish” bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib tasdiqlandi.

Shunga muvofiq, Agentlik tuzilmasida Korrupsiyaning oldini olish va “komplayens nazorat” tizimini joriy etish boshqarmasi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur boshqarma davlat idoralari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish va faoliyatini muvofiqlashtirib hamda uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirib kelmoqda.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) – davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hamda banklar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etilishini ta’minlovchi, korrupsiya xavf-xatarlari va manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash hamda ularga chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish kabi qator profilaktik choralarni o‘zida mujassam etgan samarali tizimdir.

Shuningdek, ushbu samarali tizmni samardorligini oshirish, amalda ijrosini ta’minlash uchun albatta vazirlik va idoralarga bir qancha tashkiliy vazifalarni yuklaydi. Darhaqiqat, ushbu tizmdan oqilona foydalanish, korrupsion yo‘nalish va muhitni aniqlash, hamda ularni oldini olish davlat tashkilotlar tizmini ishga tushirishda asosiy rol o‘ynaydi. Lekin shunga qaramay Agentlik tomonidan “Yo‘l xaritasi”da amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ijrosi o‘rganilganda, qator vazirlik va idoralarda olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz tashkil etilganligi aniqlangan.
Masalan, “Bandlik va mehnat munosabatlari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Transport, Moliya vazirliklarida, Markaziy bank,  Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligida vazifalarning ijrosi ta’minlanmagan yoki qoniqarsiz darajada deb topilgan.

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim hisoblangan mazkur profilaktik tizimning Toshkent shahar, Toshkent viloyati hokimliklari markaziy apparati hamda Chilonzor va Yangiyo‘l tumanlarida joriy etish ishlari ancha oldin boshlangan bo‘lsa-da, ushbu tizim hali hamon samarali tashkil etilmagan.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, Toshkent viloyati hokimligi faoliyatida 111 ta korrupsion xatarlar aniqlangan. Shundan 96 tasi (86 foiz) yuqori, 14 tasi (13 foiz) o‘rta va 1 tasi past darajadagi korrupsion hatarlardir. Bu kabi holatlar qurilish sohasida davlat buyurtmasini tanlov asosida joylashtirish va uning bajarilishini nazorat qilish funksiyasi, hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, yerlarni tanlash, ajratish va xususiylashtirish, investitsiya loyihalarini muvofiqlashtirish va majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish, davlat mulkini xususiylashtirish, eksport dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda kadrlar zaxirasini shakllantirish, kadrlarni tanlash va ishga joylashtirishda kuzatilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra Korrupsiyaga qarshi vazirlik va idoralarda tashkil qilingan “komplayens-nazorat” orqali 2021 yilning 1-yarim yilligida:

Sog‘liqni saqlash vazirligida:

• 133 ta muassasalardagi o‘rganish natijasida 17 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan;
• Shundan 4 mlrd. so‘m byudjetga qaytarildi, 13 mlrd. so‘mlik 60 ta o‘rganish materiallari huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan;
• 28 mlrd. byudjet mablag‘larining maqsadsiz va ortiqcha sarflanishining oldi olingan;

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi, o‘rganish va monitoringlar natijasiga ko‘ra, tizimdagi 83 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 29 nafar mansabdor shaxs ishdan olindi, 127 nafar shaxsga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Xususan, Onkologiya markazining Toshkent shahar filialida 2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan, jinoyat ishi ochilgan va rahbari lavozimidan chetlatilgan.

Shuningdek, Toshkent shahar O‘smirlar dispanserida esa 1 mlrd so‘mga yaqin, Respublika teri-tanosil kasalliklari klinik kasalxonasida 300 mln so‘mdan ortiq  byudjet  va byudjetdan tashqari  mablag‘larning noqonuniy xarajatlari aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida vazirlikning “Komplayens-nazorat” bo‘limi tomonidan shu kunga qadar jami 48 mlrd 678 million so‘m moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.

Olib borilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, tizimda o‘z lavozim vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi, noqonuniy pul yig‘imlari, byudjet mablag‘larini noqonuniy sarflash yoki talon-toroj qilish, noqonuniy ish xaqlari to‘lanishi, “o‘lik jonlarga” ish xaqi berilishi yuzasidan 342 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi, 37 nafar mas’ul mansabdorlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 5 ming 763 nafar shaxslarga nisbatan profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tizimida korrupsion harakatlar natijasida jinoiy javobgarlikka tortilgandan keyin ham, o‘z xizmat faoliyatini yuritib kelayotgan jami 42 nafar xodimlar mavjudligi aniqlanib, ularning aybdor deb topilgan 37 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda xodimlar tomonidan nojo‘ya harakatlar sodir etilishiga chek qo‘yish maqsadida 143 nafar xodim boshqa lavozimga, 29 nafar xodim boshqa hududiy boshqarmalarga navbatdan tashqari rotatsiya qilingan.

Yuqorida keltirilgan raqamlar vazirlik va idoralarda tashkil etilgan “komplayens nazorat” tizimining foydali ekanidan dalolat. Lekin faqat ushbu tizimni joriy qilish emas, uning ijrosini ta’minlash eng muhim masala hisoblanadi. Shuningdek, tizim  eng avvalo tashkil etilgan vazirlik yoki idoralardan xoli, xolis, adolatli bo‘lishi lozim. Agar tizim qaysidir bir davlat tashkilotiga bo‘ysunadiga bo‘lsa, unda nazorat yo‘qolishiga, byurokaratiya avj olishiga, korrupsiya holatining yashirin qolishiga olib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing