Otasi tomonidan qatl etilgan shahzodalar yoxud Chingizxon o‘g‘lini nega o‘ldirtirgan?

Bu qiziq

image

“Hokimiyat jon bilan olinadi, qon bilan sug‘oriladi”.
Nikollo Makiavelli

O‘tmish tarixda o‘z fuqarolariga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan hukmdorlar ko‘p uchraydi. Ammo tarixning shunday ko‘rinmas sahifalari borki, unda o‘z pushti kamaridan bo‘lgan farzandini o‘limga hukm qilgan podshohlarni ham uchratish mumkin. Bugungi maqolamizda o‘z o‘g‘lini o‘ldirtirgan hukmdorlar haqida so‘z yuritamiz.

Shafqatsiz Chingizxon

Buyuk mo‘g‘ul imperiyasining asoschisi, mohir sarkarda, Chingizxon o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘jini ov vaqtida pinhona o‘ldirtirib yuboradi. Jo‘jining o‘ldirilishi haqida tarixchilar turlicha fikr bildirishadi. Ba’zilar, Jo‘ji xoqonning to‘rt o‘g‘loni orasida eng qobiliyatlisi bo‘lganini yozib qoldirgan. Lekin, u go‘zal rafiqasining qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib, uning ta’siridan chiqa olmagan. Shu bois, Chingizxon o‘g‘lini saltanat ishlaridan chetroq yurishini istab, o‘limga hukm etgan, degan fikrni bildirishadi. 

Boshqa tarixchilar esa, Chingizxon naymanlar bilan jang qilayotgan vaqtida Jo‘jining onasi Bo‘rta Ko‘chin naymanlarga asir tushib qoladi. Chingizxon naymanlarni tor-mor keltirib, rafiqasini ozod etganida, Bo‘rta Ko‘chin homilador bo‘lgan. Shundan so‘ng, tez orada Jo‘ji dunyoga kelgan. Farzandining otasi o‘zi ekaniga shubha qilgan Chingizxon u katta bo‘lgach, ov vaqtida pinhona ravishda qotillarni yuborib, to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘jini o‘ldirtirgan, deya yozishadi.

Jo‘ji ov vaqtida yaralangan qo‘lonning orqasidan quvishga qiziqib ketib, pisib kelayotgan qotilni sezmay qoladi va bevaqt o‘lim topadi. Chingizxon o‘g‘lining o‘limi to‘g‘risidagi xabarni eshitib, sir boy bermaydi. Aksincha, motamsaro kimsa qiyofasiga kirib, “Agar kimda-kim Jo‘jining o‘lgani haqida xabar tarqatsa, uning og‘ziga qo‘rg‘oshinni eritib quyaman!” deb do‘q uradi. 

Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, do‘mbirasini ko‘targan bir baxshi xoqon huzuriga kirib keladi. Motam tutib o‘tirgan Chingizxonga qarab “Cho‘loq qulon – Jo‘jixon” nomli termasini dona-dona ohangda kuylay boshlaydi. G‘amgin musiqa uzoq davom etadi. Bundan g‘azablangan Chingizxon “menga Jo‘jining o‘limini eslatgan bu baxshining og‘ziga qo‘rg‘oshin quyulsin!”, deb amr qiladi. 

“Shoshmang, xoqonim!”, deb xitob qiladi baxshi. “O‘g‘lingizning o‘limi to‘g‘risida men emas, manovi do‘mbira eslatdi. Uning og‘ziga qo‘rg‘oshin quyish kerak!”, deydi. So‘z o‘yinida mag‘lub bo‘lgan Chingizxon shunda musiqa asbobini jazolashdan boshqa chora topa olmaydi.

Sulaymon Qonuniy

Turkiya tarixining asosini tashkil etuvchi Usmoniylar sulolasi ne-ne sultonlarni, ne-ne shahzodalarni ko‘rmadi. Biroq ularning orasidan barmoq bilan sanarlilarigina tarix zarvaraqlariga o‘z ismini o‘chmas harflar bilan bita oldi. Shulardan biri, Usmoniylar imperiyasining 10-sultoni Sulaymon Qonuniy edi. Aynan u hozirgi Istanbul (Konstantinopol)ni zabt eta olgan sulton Mehmedning qonunlariga jiddiy o‘zgartirishlar kiritdi. Uning boshqaruv davrida imperiya sarhadlari anchayin kengaydi. Sulaymon Vengriya, Bosniya va Gersagavina, G‘arbiy Gruziya, Liviyaning bir qismini bosib oladi. U imperiyani 46 yil davomida boshqarib, 48 ming kilometrdan ortiq hududni otda bosib o‘tdi. Ammo Sulaymon imperiya taxtini shunchalar sevardiki, uni hech kimga ishonmasdi. Shu bois katta o‘g‘li shahzoda Mustafoni Eron hukmdori shoh Taxmasp I bilan aloqasi bor degan shubha tufayli 1553 yilda qatl ettirgan.

Ba’zi tarixchilar shahzoda Mustafoning qatl etilishida malika Xurramning qo‘li borligini ta’kidlashadi. Xususan, Sulton Sulaymon Eronga qarshi yurish boshlaganida Bosh Vazir Rustam posho shahzoda Mustafoga otasining armiyasiga qo‘shilishni taklif qiladi. Shu vaqt oralig‘ida Rustam posho sulton Sulaymonga shahzoda Mustafo Safaviylar bilan til biriktirib, bu yerga kelib sultonni taxtdan ag‘darmoqchiligini aytadi. Mustafo Rustam poshoning taklifini qabul qilib, otasining qo‘shiniga qo‘shilish uchun yo‘lga chiqadi. Sulaymon esa buni fitna deb o‘ylab uni qatl etishni buyuradi. Mustafo otasi bilan uchrashgani chodirga kirganida, qo‘riqchilar tomonidan o‘ldirilgan. 

Xalq shahzoda Mustafoni bo‘lajak sulton sifatida bilar edi. Shu bois, Xurram va Rustam poshoni, hatto, sulton Sulaymonni bu adolatsiz qatl uchun ayblashgan. Lekin boshqa tarixchilar bo‘lsa, haqiqatan ham shahzoda Mustafo Safaviylar bilan til biriktirgani haqida ma’lumot berishgan.

Buyuk Pyotr I

Pyotr I butun boshli qoloq Rossiyani qayta oyoqqa turg‘azib, uni katta kuchga ega bo‘lgan imperiyaga aylantira olgan hukmdor hisoblanadi. Podshoh bo‘lgach, shaxsan o‘zi Gollandiyaga yo‘l oladi va u yerda Pyotr duradgor nomi bilan kema qurilishini o‘rganadi. Lekin Rossiya imperatorining oilasi bilan bir nechta muammolari bo‘lgan. Xususan, Pyotrning rafiqasi Evdokiya o‘qimishli bo‘lmagani uchun mamlakatdagi islohotlarga qarshi edi. Pyotr I Evdokiyaga bo‘lgan munosabati tufayli o‘g‘li Aleksey bilan juda oz vaqt o‘tkazgan. Yosh shahzodaning tarbiyasi bilan esa asosan onasi shug‘ullangan. Aleksey ulg‘aya borgan sari otasini yomon ko‘rib, o‘zining kelajagi uchun tahdid deb hisoblay boshladi. Shahzoda Venaga qochib ketadi va u yerda dushman bilan til biriktirib, otasini taxtdan ag‘darmoqchi bo‘ladi. Oxir-oqibatda Aleksey 1718 yil otasining buyrug‘i bilan qatl etiladi.

Shoh Abbos

Eron davlatchilik tarixida eng muhim hukmron sulolalardan biri so‘zsiz Safaviylar sulolasi hisoblanadi. Sulolaning mashhur hukmdorlaridan biri shoh Abbos bo‘lib, u 1586 yil taxtga o‘tirgan. Shoh Abbos mamlakatini qulashdan saqlab qoldi va Safaviylarning mintaqadagi obro‘sini anchayin yuksaltirdi. Uning yetti nafar o‘g‘li bo‘lib, afsuski ularning barchasi bevaqt o‘lim topadi. Xususan, 1615 yilda valiahd shahzoda Muhammad Bakir mamlakatdagi cherkezlar bilan fitnada gumonlanib otasi tomonidan qatl etiladi. 1621 yilda Abbos betob bo‘lib to‘shakda yotib qolgan vaqtda, shohning uchinchi o‘g‘li Muhammad Mirzo saroyning aksar amaldorlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘zini shoh deb e’lon qiladi. Ammo tez orada Aboss o‘ziga kelgach, o‘g‘li Muhammad Mirzoning ko‘ziga mil tortishlarini buyuradi. Shunday vaziyat beshinchi o‘g‘li Imonqul Mirzo bilan ham sodir bo‘ladi. Shoh Abbosining to‘rt farzandi oldinroq vafot etgani sababli nabirasi Sofi I ni taxt vorisi etib tayinlaydi. 

Ivan IV Grozniy

Ivan IV Grozniy butun Rusning ulug‘ knyazi, 1537 yildan e’tiboran birinchi rus podshosi hisoblanadi. Shafqatsizligi uchun xalq uni “Grozniy” – dahshatli laqabi bilan atagan. Ivan Grozniyning 8 ta xotini bo‘lib, ularning aksariyati saroyda o‘lik holatda topilgan. Ayrimlari esa monastirga jo‘natilgan. Shafqatsizligi bilan dong taratgan Ivan IV 1552 yil Qozon xonliklarini va 1556 yil Astraxanni bosib olib, Rossiyani o‘rta asr qoloq davlatidan qudratli imperiyaga aylantira oldi.

Zolim hukmdor bir kuni homilador kelinini to‘g‘ri kiyinmagani uchun kaltaklaydi, bu esa homilaning tushishiga olib keladi. Bundan jahli chiqqan shahzoda Ivan Ivanovich otasi bilan urishib ketadi. G‘azablangan Ivan Grozniy qo‘lidagi o‘tkir aso bilan o‘g‘lining boshiga qattiq urib, uni o‘ldirib qo‘yadi. Keyinchalik bu voqea rus realist rassomi Ilya Repin tomonidan 1883-1885 yilda tasvirlangan.

Tarix xotiralarida hokimiyat uchun o‘z farzandini o‘limga hukm qilgan hukmdorlar ko‘plab topiladi. Ammo tarixda otasining qotiliga aylangan o‘g‘illar ham yo‘q emas. Keyingi maqolamizda ayni shu haqda ma’luot beramiz. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

760

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing