Uyqusiz tunlar boshlandi: karantindan omon chiqqan Yevro-2020 bashoratlari

Sport

image

Bugun, 11 iyun kuni Italiya poytaxti Rim shahrida futbol bo‘yicha 2020 yilgi Yevropa chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Musobaqa Italiya va Turkiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan boshlanadi.

Barcha tomonlar, jumladan homiylar bilan imzolangan shartnomalarni hisobga olgan holda, UEFA Yevro-2020 turniri formatini o‘zgartirmaslikka qaror qildi.

2012 yilda musobaqani 12 ta shaharda o‘tkazish taklifi berilgandi va shu tariqa musobaqa tashkil topganining 60 yilligini nishonlash maqsad qilindi. Biroq, koronavirus tufayli Dublin dastlab musobaqa uchrashuvlarini o‘tkazish huquqidan mahrum bo‘ldi (o‘yinlar London va Sankt-Peterburg o‘rtasida bo‘lingan) va Bilbaodagi o‘yinlar Sevilyaga ko‘chirildi.

Uchrashuvlar qayerda bo‘lib o‘tadi?

Barcha o‘yinlarga tomoshabinlar kirishiga ruxsat etiladi. Chunki, bu o‘yin o‘tkazishni istagan shaharlar uchun zarur shart edi. Shu bilan birga, ko‘plab mamlakatlar vaksina bilan emlanmagan muxlislar yoki Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan bo‘lmagan ishqibozlar o‘yinlarga kiritilmaydi. 

Asosiy o‘yingoh 90 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Uembli” stadioni (London) bo‘ladi. Unda final, yarim final, ikkita 1/8 final va guruh bosqichi o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Stadionning 25 foizini muxlislar bilan to‘ldirishga ruxsat berilgan.

Ochilish uchrashuvi Rimdagi “Olimpiko” stadionida bo‘lib, bu yer 70 634 tomoshabinga mo‘ljallangan. Unda guruh bosqichi va chorak final uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Myunxendagi “Allians Arena”, Bakudagi “Olimpiya” va Sankt-Peterburgdagi “Gazprom Arena” o‘yingohlari guruh bosqichi va chorak final uchrashuvlariga mezbonlik qiladi.

Kopengagendagi “Parken”, Budapeshtdagi “Ferens Pushkash”, Amsterdamdagi “Amsterdam Arena”, Buxarestdagi “Milliy stadion”, Glazgodagi “Hapden Park” va Sevilya shahridagi “Olimpiya” stadionlarida esa guruh va 1/8 final bosqichi o‘yinlari o‘tkaziladi.

Vengriyada stadionni 100 foizga, Baku va Sankt-Peterburgda 50 foizga, qolgan arenalarni esa 22 foizdan 33 foizgacha muxlislar bilan to‘ldirishmoqchi.

Turnir formati

Yevropa chempionatiga chiqqan 24 ta jamoa har biri 4 tadan iborat 6 guruhga bo‘lingan.

Guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar hamda uchinchi o‘rinlarni egallagan to‘rtta eng yaxshi jamoa pley-offga yo‘l oladi (1/8 final). Ushbu bosqichda mag‘lub bo‘lgan jamoalar musobaqani tark etadi. Final joriy yilning 12 iyuliga belgilangan.

Yevro-2020: guruhlar va ishtirokchi terma jamoalar

A guruhi: Turkiya, Italiya, Uels, Shveysariya
B guruhi: Daniya, Finlyandiya, Belgiya, Rossiya
C guruhi: Gollandiya, Ukraina, Avstriya, Shimoliy Makedoniya
D guruhi: Angliya, Xorvatiya, Shotlandiya, Chexiya
E guruhi: Ispaniya, Shvetsiya, Polsha, Slovakiya
F guruhi: Vengriya, Portugaliya, Fransiya, Germaniya

Qoidalardagi o‘zgartirishlar

Yevro-2020 VAR tizimidan foydalanilgan birinchi Yevropa chempionati bo‘ladi.

Qolaversa, pandemiya tufayli jamoalar ro‘yxatidagi futbochilar soni 23 tadan 26 tagacha kengaytirildi. Shu bilan birga, har bir uchrashuv uchun arizada 23 nafardan ko‘p bo‘lmagan futbolchi bo‘lishi va darvozabonlar 3 nafardan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Uchrashuv davomida besh futbolchini almashtirishga ruxsat beriladi. Va qo‘shimcha vaqtdan boshlab oltinchi futbolchini ham o‘zgartirish mumkin bo‘ladi.

G‘oliblik uchun da’vogar terma jamoalar

Angliya

Angliya terma jamoasi turnir g‘olibligi uchun asosiy da’vogar jamoalardan biri. So‘nggi yillarda ingliz futbolchilari o‘zlarini har tomonlama ko‘rsata olishdi va har bir chiziqda raqobat yuqori darajada.
Darvozabonlar Din Xenderson va Jordan Pikford mavsumni yaxshi o‘tkazishdi. Shu sababdan murabbiy Garet Sautgeyt haligacha asosiy posbon masalasida bir to‘xtamga kelgani yo‘q.  Mutaxassis 26 futbolchidan iborat yakuniy tarkibga 4 nafar o‘ng qanot va markaziy himoyachilarni jalb qildi. Asosiy futbolchilardan biri Garri Maguayrning jarohati dastlabki turlarda jamoaning zarariga ishlashi mumkin. 

Maydon markazi Jordan Xenderson, Deklan Rays, Jud Bellingxem, Jek Grilish va Meyson Maunt singari futbolchilarga ishonib topshirilgan.

Hujumkor yarim himoya pozitsiyasida ham raqobat juda kuchli: Fil Foden, Raxim Sterling, Markus Reshford, Jeydon Sancho va Bukayo Saka. Bosh murabbiy asosiy tarkib futbolchilarini tanlashda qiyinchilikka duch kelishi tabiiy va bu jamoaning foydasiga xizmat qiladi. Jamoa sardori Xarri Keyn esa, asosiy hujumchi bo‘lish uchun Dominik Kalvert-Lyuin bilan raqobatlashadi.

Rossiyada o‘tkazilgan Jahon chempionatida yarim finalga qadar yetib borgan Angliya terma jamoasi Yevropa chempionatida zafar quchishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Ispaniya

So‘nggi yillarda ispan futboli o‘z darajasini tiklay olmayapti. Avlodlar almashinuvi davri terma jamoa uchun ham, mahalliy klublar uchun ham og‘ir kechmoqda. Natijalar ham buni tasdiqlaydi. Biroq hali-hamon tarkibda bir qator yuqori darajali futbolchilar yo‘q emas.

Rodri, Tiago Alkantara, Koke, Fabian Ruis, Dani Olmo, Pablo Sarabiya va Markos Lorente kabi futbolchilar Luis Enrikening yarim himoyadagi ishongan “tog‘lari”. Shuningdek, hujumchilar Ferran Torres, Adama Traore va Mikel Oyarsabal qanotlarda asosiy variant sifatida tanlandi. Alvaro Morata va Jerar Moreno musobaqa davomida Ispaniya terma jamoasining markaziy hujum chizig‘i uchun javobgar.

Emerik Lyaport va Pau Torres markaziy himoyada o‘ynashlari kutilmoqda, Erik Garsiya ularning o‘rnini   to‘ldiradi. Sesar Aspilikuetaning bir o‘zi o‘ng qanot himoyachi sifatida tarkibga jalb qilingan, biroq Diyego Lorentening tezkorligi va ko‘p qirraliligi uni markaziy va o‘ng qanot himoyasida o‘ynay olishiga sabab bo‘ladi. Chapda Xose Gayya va Xordi Alba nomzodlaridan biri asosiy tarkibga kiritiladi.

Darvoza David De Xeaga ishonib topshirilsa, ajab emas. Chunki uning darajasidagi posbon terma jamoa tarkibida yo‘q.

Ispaniya har doim jamoaviy futbol evaziga natijalarga erishgan. Asosan yosh futbolchilardan iborat “Qizil furiya” tartibli futboli bilan asosiy sovrinni o‘ziniki qilib olishi ham mumkin.

Belgiya

Ayni paytda asosan faxriylardan iborat Belgiya terma jamoasi himoyada ko‘proq yoshlardan foydalanishi mumkin. Tobi Alderveyreld, Yan Vertongen, Tomas Vermalen va Dedrik Boyata – bularning barchasi tajribali futbolchilar, ammo ularning eng yaxshi davrlari ortda qoldi. 

Biroq, Belgiya tarkibida bulardan tashqari yuqori darajali futbolchilar bor va ularga Roberto Martines jamoasining “umid shamchiroqlari”sifatida qaralmoqda. Timoti Kastan, Toma Mene, Naser Shadli va Yannik Karrasko qanotlarda, Kevin De Bryuyne, Yuri Tilemans, Aksel Vitsel, Xans Vanaken, Leander Dendonker va Dennis Prat kabi futbolchilar hujum ortida harakat qilishadi.

“Inter”dagi chempionlik mavsumidan so‘ng, Romelu Lukaku hujumdagi asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Uning o‘rnini Kristian Benteke va Mishi Batshuayilar to‘ldira oladi. Bundan tashqari, Martines ixtiyorida Eden va Torgan Azar, Dris Mertens, Jeremi Doku va Leandro Trossard bor. Tibo Kurtua esa, jamoaning eng asosiy darvozaboni hisoblanadi. 

Shubhasiz, Belgiya Eden Azarning oldingi sport formasiga qaytishiga umid qiladi, chunki jamoa sardori sifatida ko‘p narsa unga bog‘liq.

Portugaliya

Yevro-2016 g‘olibligidan so‘ng, Portugaliya termasi sezilarli darajada kuchaydi. Krishtianu Ronaldu va Andre Silva ajoyib mavsumni o‘tkazishdi, hozir ham ular juda yaxshi sport formada. Krishtianu Portugaliya safida 104 ta gol urgan va terma jamoalar miqyosida eng ko‘p gol kiritgan Ali Dayining rekordini (109 gol) musobaqa davomida yangilashga urinib ko‘radi. 

Bernardo Silva, Joau Feliks, Diogo Jota va Rafa Silva murabbiy Fernandu Santushga hujum ishonchli qo‘llarda ekanligini isbotlash uchun harakat qilishadi.

Bruno Fernandesh hujumchi ortida o‘zini suvdagi baliqdek his qiladi. U gollar urish va aniq pas berish bobida ham benazir. “Sporting”da porlayotgan Pedro Gonsalvesh bu chiziqda unga raqobat qiladi.

Serjio Oliveyra, Xuan Palinya, Gonsalo Gedesh, Danilu Pereyra, Joau Moutinyu, Ruben Nevesh va Renatu Sanshesh shu qadar ajoyib yarim himoyachilarki, hatto, inglizlar havas qilsa arziydi. 

Pepe va Ruben Diash asosiy markaziy himoyachilardir. Joze Fonte ularning o‘rnida harakat qiladi. O‘zining eng yaxshi mavsumini o‘tkazgan Joau Kanselu va avvalgi darajasini tiklay olmayotgan Nelson Semedu Portugaliya terma jamoasining o‘ng qanotida raqobatlashadi.

Chap qanot himoyachilari Rafael Gerreyru va Nunu Mendesh iste’dod bobida bir-birlaridan qolishmaydi, biroq gap tajriba haqida ketganida, Rafada imkoniyat ko‘proq.

Rui Patrisio avvalgi musobaqaning eng yaxshi darvozaboni deb topilgan va haligacha o‘sha darajasini yo‘qotmagan.

Portugaliya hech qachon bu qadar kuchli tarkibga ega bo‘lmagan va g‘oliblikka asosiy da’vogarlar qatorida e’tirof etilmagan edi. Mamlakat futbolining so‘nggi yillardagi rivoji, asosiy terma jamoaning natijalari yaxshilanishiga sabab bo‘ldi. Shuning uchun, avvalgi g‘alaba tasodif emasligini isbotlash fursati yetdi.

Fransiya

Fransiya amaldagi Jahon chempioni sifatida musobaqaning eng asosiy favoriti sifatida e’tirof etilmoqda. Bu safargi tarkib har doimgidan-da kuchli. Hatto, asosiy jamoa safidan o‘rin ololmagan futbolchilardan ham kuchli jamoa tuzish mumkin.

Karim Benzema olti yillik tanaffusdan so‘ng tarkibga jalb qilindi. Jarohati sabab bir necha kun mashg‘ulotlarda qatnasha olmasligi ma’lum bo‘ldi. “Monako” tarkibida ajoyib mavsumni o‘tkazgan Vissam Ben Yedder va “Chelsi”ning YeCHLdagi asosiy to‘purari Olive Jiru esa, zaxira variantlari sifatida qaralayotgan edi. 

Kilian Mbappe va Antuan Grizmann asosiy futbolchilardir. Shuningdek, qanotlarda Kingsli Koman, Usmon Dembele, Toma Lemar va Markus Tyuram kabi bir-birlarining o‘rinlarini to‘ldira oladigan “vinger”lar mavjud. 

Maydon markazida “Oltin to‘p”ga asosiy nomzod sifatida qaralayotgan Ngolo Kante, Pol Pogba bilan birga harakatlanishi kutilyapti. Mussa Sissoko, Adrian Rabo va Korenten Tolisso yarim himoyaning markazida zaxira variantlari bo‘lishadi.

“Xo‘rozlar”ning himoyasi ham ajoyib futbolchilarga to‘la: Rafael Varan markazda Jyul Kunde yoki Presnel Kimpembe bilan tandemda o‘ynashi mumkin. Klemen Langle va Kurt Zuma ham o‘z imkoniyatlarini kutishadi. Benjamen Pavar va Leo Dyubua o‘ng, Lyuka Ernandes hamda Lyuk Din chap qanot himoyasiga javobgar futbolchilardir. 

Bunday tarkibga ega jamoa bilan raqobat qilish juda qiyin biroq futbol sensatsiyalarga boy. Barcha savollarga aniq javobni musobaqa yakunida bilib olamiz.

Humoyun Oripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

50

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing