Dahanaki jangchilar: AQSH-Xitoy qarama-qarshiligida kim qudratliroq? (2-qism)

Tahlil

image

Avvalroq QALAMPIR.UZ’da “Dahanaki jangchilar: AQSH-Xitoy qarama-qarshiligida kim qudratliroq?” nomli maqola e’lon qilingandi. Unda AQSH va Xitoyning harbiy va texnologik salohiyati xususida batafsil ma’lumot berilgan va tahlil so‘nggida Xitoy katta tezlik bilan rivojlanayotgan bo‘lsa ham, AQSH hali ushbu kriteriyalar bo‘yicha yetakchilikni o‘z qo‘lidan saqlab qolayotgani ma’lum bo‘lgandi. Ushbu maqolaning ikkinchi qismida AQSH va Xitoyning iqtisodiy va mafkuraviy kuchi to‘g‘risida batafsil so‘z boradi. 

Ikki gigantning iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlariga nazar

Mamlakat iqtisodiyotiga baho berishda keng foydalaniladigan ko‘rsatkich bu – yalpi ichki mahsulot. YAIM – iste’mol, eksport va jamg‘arish uchun davlat hududida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini qo‘shib hisoblaganda 1 yil vaqt davomida ishlab chiqarilgan barcha yakuniy tovarlar va xizmatlarning bozor qiymatini aks ettiradigan makroiqtisodiy ko‘rsatkich. 

2020 yil hisobiga ko‘ra, AQSH YAIMi 19,48 trillion, Xitoy YAIMi esa 12,33 trillion AQSH dollarini tashkil etdi. 

Orada yaxshigina farq mavjud bo‘lsa-da, Xitoyning yaqin kelajakda AQSHdan o‘tib ketishi bashorat qilinmoqda. Xitoy uchun ijobiy bo‘lgan bunday bashoratning asosi uning yildan-yilga o‘sib borayotgan YAIMida aks etgan. Gap shundaki, so‘nggi o‘n yillikda “Samoviy Imperiya”ning yalpi ichki mahsuloti o‘rtacha yiligi 6,9 foiz bilan o‘sishni tashkil etdi. O‘z navbatida AQSHda bu ko‘rsatkich 2,2 foizga teng bo‘ldi. Umumiy hisobda AQSH oldinda bo‘lsa ham, Xitoyning imkoniyatlari kattadek ko‘rinmoqda. Xususan, Iqtisodiyot va biznes tadqiqotlari markazi ma’lumotlariga tayanib Bloomberg’ning yozishicha, Xitoy 2028 yilda AQSH iqtisodiyotidan o‘zib ketadi.  

Lekin xulosa chiqarishga shoshilish yaramaydi. Imkoniyatga ega bo‘lish, undan foydalinish degani emas. Bunga o‘xshash bashorat avval ham bo‘lgan. Faqat unda AQSHdan Xitoy o‘tib ketishi emas, balki SSSR o‘tib ketishi aytilgan edi. Xuddi Xitoyning hozirgi ko‘rsatkichlari kabi SSSRda ham 1928-1960 yillarda milliy daromad yiliga 6 foizga o‘sib borgan. Bunday tendensiyani ko‘rgan Nobel mukofoti laureati, g‘arblik iqtisodchi Pol Samuelson SSSR AQSHni 1984 yilda quvib o‘tishini aytgandi. Oxirida esa quvib o‘tish kerak bo‘lgan davlat parchalanib ketdi.

Koronavirus Xitoyga yordamlashib yubordi  

Joriy yilning yanvar oyida Xitoy to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan xorijiy investitsiyalar bo‘yicha AQSHni ortda qoldirgani ma’lum bo‘ldi. BMT taqdim qilgan raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, 2020 yilda xorijiy investorlar Xitoyga 163 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgan bo‘lsa, AQSH uchun bu ko‘rsatkich 134 milliard dollarni tashkil etgan. Ekspertlar Xitoyning bu muvafaqqiyatini koronavirusni tezlik bilan yengib, oz fursatda iqtisodiyotni tiklab olgani bilan bog‘ladi. 

Bundan tashqari, joriy yilning fevral oyida AQSH Savdo vazirligi mamlakat YAIMi 3,5 foizga qulaganini ma’lum qildi. O‘z navbatida ushbu davr uchun Xitoyning YAIMi 2,3 foizdagi o‘sishni namoyish qildi. Ko‘rinib turibdiki, pandemiya Xitoyga “yoqdi”. 

Lekin bu omillar Xitoy iqtisodiyoti AQSHni ortda qoldirdi, degan xulosa qilish uchun yetarli emas. Koronavirusning AQSH va Xitoy iqtisodiyotiga ta’siri haqida gap ketganda, bu ikki mamlakatning iqtisodiyoti tubdan bir-biridan farq qilishini esdan chiqarmaslik kerak. Xitoy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ortidan YAIM o‘sishiga erishga bo‘lsa, AQSH iqtisodiyotining asosini xizmat ko‘rsatish hamda uni iste’mol qilish tashkil etadi va aynan xizmat ko‘rsatish sohasi pandemiya davridan eng ko‘p zarar ko‘rdi.

Kimning oltini ko‘proq?

Butunjahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH 8133 tonnadan ortiq oltin bilan dunyoda birinchi o‘rinda qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarni Germaniya, Italiya, Fransiya va Rossiya egallagan. Xitoy esa 1916 tonna oltin bilan “faxrli” 6-o‘rindan joy olgan.   

AQSH valyutasi yetakchi

Butunjahon valyuta fondiga ko‘ra, AQSH dollarining butun dunyo oltin zaxiralaridagi hissasi 62 foizni tashkil etadi, Xitoy valyutasi – yuanniki esa atiga 2,02 foizga teng. Bu esa Amerika dollarining xalqaro savdo va jahon moliyaviy tuzilmasida asosiy valyuta ekanidan dalolat. AQSHning bunday ustunlikka ega bo‘lishi iqtisodiy va moliyaviy instrumentlar orqali tashqi siyosatda o‘z so‘zini aytishi hamda manfaatlarini samarali himoya qilishida qo‘l keladi. 

Uzoq kelajakka qaratilgan loyiha

Davlat global kuchga aylanishi uchun, nafaqat harbiy, texnologik yoki iqtisodiy jihatdan yetakchi bo‘lishi, balki o‘ziga xos, o‘zgarmas qadriyat sifatida shakllangan mafkuraviy g‘oyaga ega bo‘lishi ham kerak. Mazkur g‘oya ba’zi manbalarda elitar loyiha, deb ataladi va u tashqi siyosatda mamlakat imijini shakllantirib, boshqa davlatlarning o‘z atrofida birlashishiga jalb qiladi. Bu yo‘lda ma’lum bir qarashlar, shiorlar targ‘ib qilinadi. Hukumat, Prezident va rahbarlar kelib-ketaveradi, davlatning yo‘nalgan kursi, bosh g‘oyasi, elitar loyihasi o‘zgarmaydi.

Masalan, o‘tgan asrning 90-yillariga qadar dunyoning sharqiy yarimshariga “egalik qilgan” SSSRni olsak, bu davlatda elitar loyiha ham, ichki muhitda birdamlikni va tashqi siyosatda ittifoqchilarni o‘ziga jalb qila oladigan qarash va shiorlar ham bo‘lgan. AQSHga teng keluvchi gegemon SSSR sotsializm mafkurasiga asoslangandi. “Butun dunyo proletarlari (ishchilari – tahr.) birlashing” – SSSR siyosatining eng mashhur shiorlaridan bo‘lgan va u hatto 6 ta keyinchalik 15 ta tilda shuningdek, o‘zbek tilidagi varianti ham mamlakat gerbidan o‘rin olgandi.  

Biroq SSSRga qo‘shilib uning loyihasi, mafkura va shiorlari ham quladi. Kapitalizm esa g‘alaba qildi. Shundan so‘ng dunyoda AQSH tanho yetakchiga aylandi. Xo‘sh ushbu davlatning qanday qadriyatlarga asoslangan loyihasi bor? 

Bu liberalizm bo‘lib, so‘z erkinligi, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulk daxlsizligi, gender tengligi va inson huquqlari ustunligi kabi demokratik qadriyatlarga asoslangan. Ushbu qadryatlar dunyo bo‘ylab shunchalik keng tarqalganki, har qanday jamiyat buni AQSHning bir loyihasi, tashqi siyosatda yumshoq kuch(soft power) vositasidan foydalanishi uchun asosiy bir mavzu deb emas, balki normal holat sifatida taniydi, unga ergashadi. 

Aslida, AQSHning muvafaqqiyati ham shunda: inson haq-huquqlari himoyasini o‘ziga qalqon, joiz bo‘lsa “qilich” qilib olgan. Bu orqali Amerika o‘ziga xos imij hosil qilib, ozodik himoyachisi sifatida gavdalanmoqda. Qarashlari atrofida o‘z tarafdorlariga ega bo‘lmoqda. Vaqti kelsa, biror davlatga sanksiya qo‘llashda demokratik qadriyatlar toptalishini sabab qilib ko‘rsatmoqda.

AQSH mash’ala ko‘targan chempion singari demokratiyani targ‘ib qilyaptiku-ya, lekin yuqorida aytilgan so‘z erkinligi, inson huquqlari ustunligi kabi demokratik qadriyatlarning o‘z hududida ta’minlanganligi bo‘yicha yetakchilik qilmaydi, dunyo reytinglarida baland o‘rinlarda turmaydi. Bundan tashqari, AQSHning 28 shtatida o‘lim jazosi qonuniyligicha qolmoqda. Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, Amerika jamiyatida irqchilik muammosi chuqur ildiz otganini “BLACK LIVES MATTER” harakati dunyoga namoyish etdi. Ko‘rinib turibdiki, demokratiya AQSH qo‘lidagi bir “jozibador” vosita hisoblanadi.

Xitoy-chi? Unda shunday katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan nima bor? Xitoy dunyoga qarz, investitsiya va iqtisodiy farovonlik taklif qilyapti. Lekin unda AQSHning liberalizm kabi g‘oyasi yo‘q. Konfutsiylik, daosizm va maoizm esa kezi kelsa xitoyliklarning o‘ziga ham qiziq emas. 2019 yilda Xitoy yumshoq kuch – siyosati, madaniyati, brendlari, ta’lim tizimi va imiji kabi omillar orqali xalqaro munosabatlar sub’ektlari ya’ni mamlakat va tashkilotlarga ta’sir o‘tkazish mahoratidan foydalanish bo‘yicha 27-o‘rinni egallagan. Ko‘rinib turibdiki, bu borada AQSHga raqobat qilish, dunyo yetakchisiga aylanish, atrofiga boshqa davlatlarni jalb qila olishi uchun Xitoy hali ishlashi kerak.

Xulosa o‘rnida yuqorida sanab o‘tilgan kriteriyalar bo‘yicha AQSH va Xitoy natijalariga to‘xtalsak, ko‘rinib turibdki, “Samoviy Imperiya” texnologik va iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha AQSHga ancha yaqinlashib qolibdi, lekin harbiy jihatdan hali ortda. Biroq AQSH elitar loyihaning mavjudligi, soft skill’ni qo‘llash, jozibadorlik hamda xalqaro maydonda ittifoqchi va tarafdorlarga egalik borasida Xitoyga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Maqolaning 1-qismini o‘qish uchun: bosing.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

251

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing