Isitilmagan tibbiyot punkti, ko‘rsatilmagan izolyator-Jazoni ijro etish koloniyasida vaziyat qanday?

Jamiyat

Xabaringiz bor, hibsxonalarda asossiz qiynoqlar amalga oshirilishi yoki mahkumlarga ruhiy bosimlar o‘tkazilishi, ovqatlanish ratsionidagi mahsulotlar talab darajasida emasligi to‘g‘risidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda har doim muhokamalar markazida bo‘ladi. Shu sababli Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ombudsman huzuridagi "Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm" doirasida jamoatchilik va OAV vakillari bilan birgalikda muntazam ravishda jazoni ijro etish muassasalariga inson huquqlarining ta’minlanishini nazorat qilish uchun monitoring tashriflar amalga oshirilmoqda.


Joriy yilning 4 mart kuni Ombudsman hamda OAV vakillari ishtirokida Toshkent viloyatidagi 24-sonli voyaga yetmaganlar uchun ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasiga inson huquqlarining ta’minlanishi borasida monitoring tashrif amalga oshirildi. Ushbu tashrif davomida mahkumlarning yashash, o‘qish va zarur bo‘lganda tibbiy ko‘rikdan o‘tish sharoitlari mutaxassislar tomonidan bevosita o‘rganildi.

Jami 15 gektar maydonga ega bo‘lgan koloniyada ayni damda jami 53 nafar mahkum jazo muddatlarini o‘tamoqda.  2020-yildan to bugunga qadar 49 nafar voyaga yetmagan shaxsning jazo muddati tugab ozod etilgan. Yoshi 18 dan oshgan mahkumlar esa o‘z xohishiga asosan kattalar koloniyasiga jo‘natilgan. Shu vaqt davomida jazoni o‘tash muassasasi 56 nafar yangi mahkum bilan to‘ldirilgan. Koloniyadagi mahkumlarning 4 nafari 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mahkumlarni ko‘rish uchun kelgan ota-onalari va yaqinlari uchun maxsus 6 ta xona ajratilgan bo‘lib, unda zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

“Ikki soatli uchrashuvga keladi ko‘proq. Chunki yotoqxonaga oziq ovqat olib kelishi kerak. Shu tomondan qiynalishadimi deb o‘ylayman. Shuning uchun bolalarni o‘zi ham kelmanglar deb aytadi. Bir oyda ikki marta ikki soatli uchrashuv amalga oshiriladi, ikki haftada bir marta telefon orqali gaplashishadi." Jazoni o‘tash muassasasida mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashuv vaqti 3 kun etib belgilangan. Ammo Pandimeya sharoitini hisobga olgan holda bugungi kunda muassasa tomonidan 1 sutkaga ruxsat beriladi”, deydi 24-son jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i podpolkovnik Shoira Odilova.

Koloniya boshlig‘iga ko‘ra video uchrashuv turi ham mavjud, lekin hozirgi kunga qadar ota-onalar tomonidan ushbu uchrashuv turiga hech qanday arizalar qabul qilinmagan. Yoki ota-onalar bunday imkoniyat borligidan bexabar.

Jazoni ijro etish muassasasida kutubxona mavjud bo‘lib u yerda turli kitoblarga ko‘zimiz tushdi. Shu bilan birga diniy-ma’rifiy kitoblar o‘qiyotgan mahkumlar soni ham anchaginani tashkil etadi.

Shu o‘rinda muassasa boshlig‘i podpolkovnik Shoira Odilovaga mahkumlarga ibodat uchun ruxsat berilganmi yoki bu borada taqiqlar mavjudmi deya savol berdik. U ba’zi shartlar asosida ibodat qilishga ruxsat berilishini ta’kidladi.

“Agar kun tartibiga rioya qilinsa hech qanday mone’lik yo‘q. Hali hech qaysi bolamiz nomoz o‘qiyman deb murojaat qilmadi. Diniy-ma’rifiy va ro‘yxatdan rasmiy o‘tgan kitoblarimiz bor”, dedi Shoira Odilova.

Mahkumlar xavfsizligini taminlash uchun yotoqxonaning birinchi qavatiga muqaddam sudlanganlar, ikkinchi qavatiga esa birinchi marta sudlangan shaxslar joylashtirilgan.

18 yoshdan oshgan mahkumlar uchun B toifadagi haydovchilik guvohnasini beruvchi maxsus o‘quv kurslari tashkil etilgan bo‘lib bugunga qadar 25 nafar mahkum o‘z haydovchilik guvohnomasiga ega.

Jazoni ijro etish muassasasining o‘z qonun qoidalari bor, va shu tartiblarga har bir mahkum bo‘ysunishi shart. Afsuski bu qoidalarni tan olmaydigan o‘zboshimcha mahkumlar ham uchrab turadi.



Muassasada maxsus izolyator xonalari ham mavjudmi?
 
Jamshid Sultonov, IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i: — Albatta mavjud. Bu qonunchilikda ham nazarda tutilgan. Yaratilgan sharoitlardan, o‘zining huquq va erkinliklaridan to‘g‘ri foydalanmayotgan, o‘rnatilgan kun tartibini buzgan, qonunchilikda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bilan belgilangan tartibbuzarlik sodir etgan mahkumlar albatta amaldagi qonunchilik bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.

Ro‘zimurod Berdiyev, muxbir: — Demak boshqalardan ajratiladi? 

J.S: — Bu jazo turlariga bog‘liq. Bu hayfsan, bu deylik intizomiy jazo turi bo‘lgan 5 sutkagacha kameraga qamab qo‘yishdir. Bu jinoyat kodeksining 105-moddasida nazarda tutilgan. 

R.B.: — Negadir bizga o‘sha xonalar ko‘rsatilmadi? 

J.S: — Hozirgi kunda u yerda birorta ham mahkum saqlanmayotgani tufayli, menimcha kirmasdan o‘tib ketdik. Koloniya qanday “remont” bo‘lgan bo‘lsa, u yerda ham barcha sharoitlar tayorlab qo‘yilgan.

Jazoni o‘tash muassasasiga bo‘lgan tashrifimiz davomida Mahkumlarning sog‘lig‘i nazorat qilib boriladigan Tibbiyot punktini ham ko‘zdan kechirdik. U yerda bir nafar mahkum statsionar tarzda davolanayotganiga, yana bir nafar mahkum esa unga qarayotganiga guvoh bo‘ldik. Bemor yotgan xona nisbatan sovuq va u yerda sog‘ odam ham tanasini erkin tuta olmaydi. 

Shunda Tibbiyot punkiti shifokoridan statsionar xona nega sovuqligini so‘radik. Shaxsi ochiqlanishini xohlamagan shifokor ko‘p ham foydalanilmaydigan va keraksiz joylar issiqlik ta’minotidan uzib qo‘yilishini ta’kidladi. Shuningdek, xonalardagi harorat 19 darajani tashkil etyapti va bu normal hisoblanishini qo‘shimcha qildi. Ammo birozdan keyin kamera qarshisida aytganilariga izoh berishga harakat qildi.

Ro‘zimurod Berdiyev, muxbir: — Hozir guvohi bo‘ldikki, ichkaridagi isitish quvurlari yaxshi ishlamaydi. Bemor mahkumga qarayotgan sog‘lom bolani ham kasal qilib olmaymizmi?

24-son voyaga yetmagan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan koloniya shifokori: — Bizda “otoplenya” har doim ishlab turibdi. Onda sonda kasallar bo‘lib qoladi, har doim ham emas. Sizlarga shunaqa tuyilgan bo‘lishi mumkin, lekin xona harorati 19 darajani ko‘rsatib turibdi. Har bitta xonaning normal harorati 18 daraja hisoblanadi.

R.B.: —  Yuqorida aytib o‘ttingiz, keraksiz joylarda “isitish tizimlari o‘chirib qo‘yiladi” deb . Bu statsionar bo‘lim keraksiz. Shundaymi? 

Shifokor: — Men statsionar bo‘lim kerak yoki kerak emas degan ma’noda aytmadim. Agar xabaringiz bo‘lsa, Prezidentimizning shunaqa siyosati bor ediki, isitish tizimini avtonomlashtirish. Ya’ni kerak bo‘lmagan xonalarni ishlatilmayotgan paytida o‘chirib turish kerak va shu tizimni yo‘lga qo‘yish kerak degan gaplari bor edi.


R.B.: — Demak bu yer o‘chirib qo‘yilganmi? Mahkumlar yotgan xona ham sovuq edi.
Shifokor: — Hozir vaqtinchalik foydalanmayotgan xonamizni o‘chirib turibmiz. Mahkumlar yotgan xona esa 18 darajadan yuqori. 

Ko‘rganlarimizdan aytish mumkinki, xonalardagi isitish tizimlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Jamoatchilik va OAV vakillarining kelishi uchun tayorgarlik yaxshi ko‘rilibdiyu ammo tibbiyot punkitidagi isitish tizimlarini yangilashga ulgurishmagan, chog‘i.

Podpolkovnik Shoira Odilova ushbu Tibbiyot punktni ta’mirlash uchun 1 milliarddan ziyod mablag‘ ajratilishini suhbat davomida aytib o‘tgandi. Aynan mana shu mablag‘ ajratilgandan keyin balki isitish tizimi rekonstruksiya qilinar. Ungacha esa yuqorida keltirib o‘tilgan bir nafar bemor mahkumga tezroq tuzalishini va uni parvarishlayotgan boshqa bir mahkumga xonalarni yaxshilab isitish yo‘lga qo‘yilguncha o‘zini “oldirib qo‘ymasligini” tilaymiz.
 

Ro‘zimurod Berdiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing