Yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilish: nosvoyni taqiqlash kashandalikni avj oldirmaydimi?

Intervyu

image

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda nosvoy, tamakili va nikotinli snyuslar savdosini taqiqlash harakati boshlandi. Mutaxassislar fikricha, nosvoy iste’moli sog‘liq uchun zararli, u hattoki saraton kasalligiga olib kelishi mumkin.

Barchaga yaxshi ma’lumki O‘zbekistonda nosvoy iste’mol qilayotganlar yaqin yilllarda paydo bo‘lgani yo‘q. Umuman nosvoyning o‘zi yaqinda paydo bo‘lmagan. Ammo nega bu haqda endi o‘ylab qolindi? Nosvoy savdosini cheklash, tamaki iste’molining oshib ketishiga sabab bo‘lmaydimi? Nosvoy chekish saratonga olib kelishi qanchalik haqiqat?

Shu kabi savollar bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurovga yuzlandik.

Shuhrat Shukurov, tibbiyot fanlari nomzodi: – Sog‘liqni saqlash vazirligi 2008 yildan nosvoy masalasini kun tartibiga qo‘ygan. Iste’molni tartibga solish yoki ta’qiqlash masalasi bir necha bor mutasaddi tashkilotlar bilan bir necha bor, muhokama qilingan. Shu kunga qadar qat’iy qadam qo‘yilmagan edi. Mamlakatimizda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tuzilgan. Aynan shu agentlikka mamlakatimizda tamaki iste’molini kamaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish topshirilgan edi. Agentlik bilan SSV xamkorlikda chekilmaydigan yoki tutunsiz tamaki mahsulotlarning siyosati qanday bo‘lishi masalalarini muxokama qildik.

Nosvoy qo‘lbola usulda, uy sharoitida tayyorlanishi, bu esa har qanday sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilmagan holda ishlab chiqarilishini hamda tartibga solish juda mushkul ekaniligini hisobga olib, jahon tajribasidan kelib chiqqan holda uni taqiqlash taklifi berildi. Nosvoy iste’moli aholi salomatligi va iqtisodiyotga ham jiddiy zarar yetkazishini e’tiborga olgan holda, SSV o‘z navbatida bu taklifni qo‘llab quvvatladi.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: Nos chekayotganlar, kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Nosning zarari haqida nega endi gapirilyapti yoki O‘zekistonda ahvol jiddiymi?

Sh.Sh.: – Agar Markaziy Osiyo mamlakatlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, bu masala O‘zbekiston uchun kata muammo hisoblanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2014 yilda o‘tkazilgan tahlilda, 18 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan aholining 12 foizi, erkaklarning 42 foizi yani har 4 dan biri nosvoy iste’mol qilishi aniqlangan. Ayollar orasida nosvoy chekish u qadar ommalashmagan va ularning ko‘rsatkichi 0,2 foizga teng.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda, 13 dan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida nosvoy chekish ko‘rsatkichi 6 foizni tashkil qiladi.

F.N.: – Nosni cheklash, ishlab chiqarilishini taqiqlash haqida gapirayapmiz, lekin buning hammasi psixologiya bilan bog‘liq. Bir necha yildan buyon nosvoy iste’mol qilib yurgan odam darhol undan voz kecha olmaydi, balki uni o‘rnini tamaki yoki turli psixotrop vositalarga almashtirishi mumkin. Bu havfli emasmi?

Sh.Sh.: – Chekuvchilar fikrini o‘rganadigan bo‘lsak, nosvoyni chekishni tashlash, sigaretdan voz kechishdan ham qiyin. Agar biz nosvoy iste’moli va uni ishlab chiqarishni o‘z holiga tashlab qo‘ysak, bu holatga ko‘z yumsak vaziyat yana ham murakkablashib boradi. Hozirgi kunda nosvoy bilan birgalikda, zamonaviy nikotinli va ta’makili snyuslar kirib kelmoqda. Zamonaviy tutunsiz tamaki maxsulotlarini iste’mol qilish keng tarqalmagan bo‘lsa ham, hozirgi kunda agar biz qatiy bir qadam qo‘yib shu nosni chekishni, tutunsiz tamaki vositasini ishlab chiqarishni, uni sotilishini taqiqlamasak keyin ancha kech bo‘ladi. Ahvol yana murakkablashadi, bu esa o‘z navbatida aholi salomatligiga va mamlakatni iqtisodiyotiga o‘nglab bo‘lmas zarar yetkazadi.

F.N.: – Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan xabarlarda, nosvoy chekish saratonga olib keladi deyilgandi. Bu haqida nima deya olasiz. Umuman nosvoy chekish va tutunsiz tamaki mahsulotlarini istemol qilish inson organizmiga qanchalik ta’sir qiladi?

Sh.Sh.: – Gapni nosni tarkibidan boshlash ma’qul bo‘lsa kerak. Chunki shunga qarab, uning zararini tushunishimiz oson bo‘ladi. Demak nosni tarkibida birinchidan tamaki, so‘ndirilgan ohak, kul va bir qancha shirin ta’m beruvchi qo‘shimchalar, aromatizatorlar qo‘shilishi mumkin. Ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda, ishlab chiqaruvchilar mijozlarni jalb qilish uchun nosga psixotrop moddalarni qo‘shish to‘g‘risida ma’lumotlar ham bor.

Nos birinchi og‘iz bo‘shlig‘iga tushgani uchun, og‘iz bo‘shlig‘i yarasi, tishlarni buzilishiga, kariyes kasalliklariga olib keladi. Nafaqat og‘iz bo‘shlig‘i, bosh miyaga, jigarga, buyrakka va boshqa organlarga ham ta’sir qiladi. Nosvoyning markaziy asab tizimiga ta’sir qilishi oqibatida bolalarning jizzaki bo‘lib qolishi, xotiraning yomonlashishi, qabul qilishning pasayishi kuzatiladi. Oqibatda bolalarning shaxsiyati o‘zgaradi.

Nosni davomiy istemol qilish saraton kasalliklariga sabab bo‘ladi. Og‘iz bo‘shlig‘i saratoni, til, lab, hiqildoq, qizil o‘ngach, oshqozon, oshqozon osti bezi saratonlari shular jumlasidan.

Hisob kitoblarga qaraganda O‘zbekistonda davomiy nosvoy istemol qiladigan erkaklar soni 1 700 000 ni tashkil etadi. Ularning yarmisi, demak 860 000 ga yaqin erkak, yuqorida aytib o‘tilgan kasalliklar tufayli hayotdan barvaqt ko‘z yumadi.

Albatta, nos chekishni tashlash juda qiyin. Sog‘liqni saqlash vazirligi nosni umuman tashlash kerakligini tavsiya qiladi. Albatta nos chekishni tashlash qiyinligini etiborga olgan holda, agar qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, bir yildan keyin, nosni taqiqlash kuchga kiradi. Bu vaqt ichida nos chekadiganlar o‘ylab ko‘rishadi, chekishni tashlash kerakmi, tashlash kerak emasmi, yoki boshqa tamaki mahsulotlariga o‘tish kerakmi albatta o‘ylab ko‘rish kerak. Bu vaqtda sog‘liqni saqlash tizimi shifokorlari tamaki va nos chekishni tashlash bo‘yicha ularga maslahat berish tizimini takomillashtiramiz va tibbiyot xodimlarini shunga tayyorlaymiz.

F.N.: – Nosvoyni cheklash tamaki iste’moli oshishiga sabab bo‘lmaydimi?

Sh.Sh.: – Bu qonun loyihasi, kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Nafaqat tutunsiz tamaki mahsulotlariga balki, tutunli tamaki mahsulotlariga ham keskin choralar ko‘zda tutilgan. Birinchisi, demak, hozirgi kunda qonunda 20 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga tamaki sotmaslik belgilangan.

F.N.: – Belgilangani o‘z yo‘liga, lekin belgilangan narsaga etibor qaratmayapmiz-ku.

Sh.Sh.: – Gapingizga qo‘shilaman. Men sizga sabablarini ham aytib beraman. Birinchidan, bizda qonun loyihasida 20 yoshni 21 yoshga ko‘tarish ko‘zda tutilyapti. Ko‘cha savdosi, tamakini sotishga nisbatan choralar yanada kuchaytirilgan. Cheklov choralari yanada kuchaytirilgan. Hozirgi kunda ham tamaki mahsulotlarini jamoat joylarida sotish mumkin emas, lekin ahvol o‘zingizga ma’lum. Bunga deyarli rioya qilinayotgani yo‘q. Maktab va bog‘cha atroflarida 200 metr atrofida sotish mumkin emas. Lekin afsuski, bu norma ham deyarli ishlayotgani yo‘q.

Reklama masalasi, hozirgi qonunda faqat reklama qilish taqiqlanadi deb ko‘rsatilgan. Endi tamaki mahsuloti ishlab chiqaruvchilar qonunni har qanaqasiga aylanib o‘tib o‘zining mahsulotini sotishga va ko‘paytirishga harakat qiladi. Sotish joylarini, agar etibor bergan bo‘lsangiz, o‘sha bannerlar, maxsus shkaflar yoki javonlar, chiroyli qilib terib qo‘yilgan tamaki mahsulotlari, ularni kattalashtirilgan variantlari, hattoki hozirgi kunda nos sotib oladigan bo‘lsangiz, umuman tamaki mahsuloti sotib oladigan bo‘lsangiz, aksiyalar ham kuponlar ham keng urfga kirgan. Mana bu masalani biz keskin cheklashga kirishdik.

Birinchidan, reklama va sotuvni rag‘batlantirish, unga xomiylik qilishni keskin cheklash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, televideniye, radio, ommaviy axborot vositalarida ham chekish jarayoni tamaki mahsulotlarini ko‘rsatishni ham keskin cheklash rejalashtirilgan. Yani yangi ishlab chiqarilgan kinolarda, filmlarda tamaki chekish jarayonini ko‘rsatish mumkin emas.

Qonunimizda tamaki 20 yoshgacha bo‘lganlarga taqiqlangan deb ko‘rsatilgan lekin mexanizimi ko‘rsatilmagan. Bu qonun loyihasida sotuvchilar agar xaridor 20 yoshdan kichik ko‘rinadigan bo‘lsa, yoshini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni talab qilishi kerak. Ana shundagina tamaki mahsulotini sotish mumkin bo‘ladi. Va yuqorida juda ham to‘g‘ri savol berdingiz. Qonunimiz bor lekin uni ijrosi deyarli yo‘q. Biz ichki ishlar xodimlariga murojaat qilsak, ular jamoat tartibiga ma’sul ekanliklarini aytishadi. 20 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga tamaki mahsulotlarini sotish masalasi bo‘yicha soliq organlariga murojaat qilsak, bu bizni vazifamizga kirmaydi, bu qonunda ko‘rsatilmagan, biz asosan soliq yig‘ish uchun ma’sulmiz, soliq yig‘ish masalasini nazorat qilamiz degan sabablarni ko‘rsatishadi. Qonun loyihasida hozirgi kunda mas’ul bo‘lgan har bir tashkilotni vazifalari ko‘rsatib berilmoqda. Yani Ichki ishlar vazirligi nima qilish kerak, Soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zstandart agentligi, sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa bir necha shunga mas’ul bo‘lgan tashkilotlarni ham vazifalari va huquqlari aniq ko‘rsatib berilgan.

F.N.: – Agar Nosvoy ishlab chiqarish va sotish tasdiqlansayu, lekin tadbirkorlar yashirin yo‘llar bilan bu savdo bilan shug‘ullansalar ularga qanday chora ko‘riladi?

Sh.Sh.: – Agar qonun loyihasi ma’qullanadigan bo‘lsa, keyingi qadam demak qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish bo‘ladi. Yani tamaki maxsulotlarini noqonuniy ishlab chiqaradigan, olib kiradigan tadbirkorlarga qator hujjatlarga tegishli o‘zgartishlar kiritilgan holda choralar ko‘riladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

323

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing