Ism berishda qoidalar bormi? DXA izoh berdi
Jamiyat
−
18 dekabr 2020
8466So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ism, familiya, ota ismini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lgan turli muhokamalar avj oldi. Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi ushbu masala yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Agentlikning ta’kidlashicha, har bir ota-ona farzandiga istagan ismini qo‘yadi, ammo ushbu nyuanslar Oila kodeksi bilan tartibga solinadi.
Masalan, chaqaloq ismini ota-onaning birga maslahatlashib tanlashi mumkin. Ota ismi – otasining ismiga ko‘ra berilishi shundoq ham tushunarli. Familiya odatda ota-onaning familiyasiga qarab, ularning familiyalari har xil bo‘lsa, kelishgan holda otasining yoki onasining familiyasi beriladi.
Yana bir e’tiborga molik tomoni shundaki, ota-onaning xohishiga ko‘ra, milliy an’analarga ko‘ra boboning ismi bo‘yicha familiya berilishi mumkinligi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 226-moddasida familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish tartibi haqidagi qoidalar ifoda etilgan.
Unga ko‘ra, fuqaroning familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizasi o‘n olti yoshga to‘lgandan keyin o‘zi yashab turgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan ko‘rib chiqilishi, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi xulosa ichki ishlar organlari tomonidan ushbu shaxs tegishlicha tekshiruvdan o‘tkazilgandan keyingina tuzilishi mumkinligi, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining familiya, ism va ota ismini o‘zgartirishni rad etganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkinligi belgilangan.
Ariza beruvchi 16 yoshga to‘lgach turar joydagi FHDYO organiga yuqoridagi masala yuzasidan ariza berishi mumkin.
Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga:
ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi; agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, u holda bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma; agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;
1 dona (3x4 o‘lchamli) fotosurat ilova qilinadi.
Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizalar FHDYO bo‘limlari tomonidan quyidagi hollarda ko‘rib chiqiladi:
• “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga binoan;
• sudning hal qiluv qarori asosida;
• agar familiya va ism eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa;
• agar familiya va ism millatiga to‘g‘ri kelmasa;
• xohishga qarab nikohgacha bo‘lgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;
• oila uchun umumiy familiyada bo‘lish istagi paydo bo‘lganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiya qabul qilishmagan bo‘lsa);
• 16 yoshga to‘lgan shaxsga otalikni belgilashda.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan Davlat boji stavkalariga ko‘ra, 18 yoshgacha familiya, ism va ota ismini o‘zgartirganlik uchun BHMning 50 foizi miqdorida 18 yoshdan yuqori shaxslarga BHMning 100 foizi miqdorida davlat boji hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2012 yil 25 apreldagi “Gerbli guvohnomalar shakllarini va ularni berganlik uchun gerb yig‘imi miqdorini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 119-sonli qaroriga asosan BHMning 15 foizi miqdorida har bir gerbli guvohnoma uchun gerb yig‘imi undirilishi belgilangan.
Shu bilan birga, agar shaxs ismiga “-xon”, “-xo‘ja”, “-xoji”, “-bek”, “-bonu”, “-bibi”, “-begim”, “-zoda”, “mir-”, “abdu-” qo‘shimchalarini, ota ismini yozishda “-yevich”, “-ovich”, “-yevna”, “-ovna”, “qizi”, “o‘g‘li”, “-iy”, “-zoda” qo‘shimchalarini kiritishni yoki shu kabi qo‘shimchalarni olib tashlashni istasa, bu holat shaxsning yoshidan qat’iy nazar, dalolatnoma yozuviga qo‘shimcha kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Familiya, ism va ota ismini o‘zgarishi ariza beruvchi shaxslarning voyaga yetmagan farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishiga olib keladi.
LiveBarchasi