MIBning ishini xususiy sektorga berish jamiyatni jar yoqasiga olib keladimi?

Tahlil

image

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida nodavlat ijrochilar institutini joriy etish va buning uchun xususiy ijro byurosini tashkil etish taklif qilinmoqda. Taklifga ko‘ra, bo‘lajak xususiy ijrochilar yuridik shaxslar qarzdor bo‘lgan sud qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini majburiy ijro etadilar.

Ushbu taklifni 2020 yilgi Davlat dasturiga kiritish, eng kamida hozirgi rivojlanish bosqichda ushbu taklif naqadar maqsadga muvofiqligi, boshqacha qilib aytganda, davlat va jamiyatimiz uchun qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi nuqtai nazaridan tubdan qayta ko‘rib chiqilishi lozim.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston tarixida birinchi bor hokimiyat vakolatlarini xususiy shaxslarga “autsorsing”ga berish taklif etilmoqda. Binobarin, nodavlat tashkilotlarga qandaydir davlat xizmatlarini ko‘rsatish (masalan avtotransportga davlat raqami berish, pasport berish yoki shu kabilar) kabi vazifani emas, balki majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq vakolatlarni berish rejalashtirilmoqda. Bu esa mol-mulkga band solish, olib qo‘yish, majburiy sotish, pul mablag‘larini bank hisobidan roziliksiz yechib olish, turli taqiqlar qo‘yish bilan bog‘liq choralarni nazarda tutadi. Bundan tashqari, bunday faoliyat shaxsiy va bank sirini tashkil qiladigan ma’lumotlardan foydalanishni ham taqozo qiladi.

Shu nuqtai nazardan, bunday taklif O‘zbekistonda davlat hokimiyatini tashkil etishning konstitutsiyaviy tamoyillariga naqadar mosligi yuzasidan shubha uyg‘otadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.

Ko‘rinib turibdiki, Konstitutsiyamiz davlat hokimiyati vakolatlarini nodavlat tuzilmalarga, eng asosiysi, ushbu vakolatni haq evaziga amalga oshiruvchi xususiy shaxslarga berishni nazarda tutmaydi.

Balki ushbu taklif mualliflari xususiy ijrochilarining o‘z ishi uchun haq olish (pul olish) manfaati halq manfaati bilan mos kelib, sud qarorlarini tezroq ijro qilinishiga turtki bo‘ladi deb taxmin qilgan bo‘lishlari mumkin. Bundan tashqari, xususiy ijrochilar joriy etilsa, davlat ijrochilarini ta’minlash uchun sarflanadigan byudjet mablag‘lari ham iqtisod bo‘ladi.

Biroq, bunday yangilikning nafaqat konstitutsiyaviy tamoyillarga mos kelish yoki kelmasligi, balki aholi va umuman jamiyat tomonidan qanday qabul qilinishini, aniqrog‘i qabul qilinmasligini ham hisobga olish lozim. O‘zbekiston xuddi boshqa davlatlar kabi davlat hokimiyati va boshqaruvi bo‘yicha muayyan tarixiy tajriba va minglab yillik qadriyatlarga ega, bu esa mamlakatimiz hududida yashovchi halqlarning mentalitetini shakllanishiga shubhasiz ta’sir qilgan. Binobarin, mamlakatimizda tarixan hokimiyatni va majburlov choralarini qo‘llashga bo‘lgan mutloq huquq faqat davlat hokimiyati vakillariga tegishli bo‘lgan (Rossiyadagi krepostnoylik huquqi yoki o‘rta asrlarda Yevropada tarqalgan vassalning syuzerenga mutloq tobelik munosabatlari yaxshiyamki Markaziy Osiyo jamiyatlarini chetlab o‘tgan). 

Natijada, bu kabi taklifning halq tomonidan mental darajada qabul qilinmasligi ommaviy ravishda sud qarorlarini bajarilmaslik holatlarini ko‘payishiga, pirovardida esa – sud hokimiyatining samaradorligi va obro‘sini tushib ketishiga olib kelishi tayin. Tajribadan kelib chiqib, agar sud qarorini ijro etish biznesga aylansa, ushbu sohaning kriminallashuvi tahdidi yuqori ekanligini ham rad etolmaymiz

Taklif mualliflarini qo‘shni davlatlarimizdagi salbiy oqibatlar ham o‘ylantirishi lozim edi. Masalan, Rossiya Federatsiyasi kollektorlik institutini joriy etgandan so‘ng ushbu sohani kriminallashuvi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch keldi. Oxirgi paytda bu soha Rossiyada qattiq nazoratga olingan bo‘lsada, kollektorlarning noqonunniy harakatlari bilan bog‘liq janjallar tez-tez uchrab turmoqda. Vaholanki, Rossiya Federatsiyasida sud qarorlarini ijro etish faqat davlat idoralari (qurollangan Sud pristavlari Federal xizmati) tomonidan amalga oshiriladi, kollektorlik firmalari esa majburlov (ijrochilik) vakolatiga ega bo‘lmagan muqobil tashkilotlar hisoblanadi.

Xuddi shu kabi aholining salbiy e’tirozlarini Qozog‘istonda ham kuzatishimiz mumkin. Bu davlatda bir necha yil avval aralash tizim joriy etilib, ayrim toifadagi sud qarorlarini ijro etish huquqini xususiy ijrochilarga berildi. Bu kabi oxirigacha o‘ylanmagan tajribani joriy etish Boltiqbo‘yi davlatlari aholisi va hokimiyat organlarida ham jiddiy norozichiliklarga sabab bo‘lgan.

Xorijiy tajriba xususida gapiradigan bo‘lsak, xususiy ijro tizimi dunyoda kam sonli davlatlarda mavjud. Bular, avvalambor, Fransiya (xususiy tizim asoschisi), Benilyuks davlatlari (Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg), ayrim Sharqiy Yevropa davlatlari va sobiq fransuz koloniyalari hisoblangan ayrim Afrika davlatlari hisoblanadi. 

Amerika qit’asida (AQSH, Kanada, Meksika, Lotin Amerikasi davlatlari, Xitoy va boshqa OSiyo davlatlari, MDH davlatlari (2010 yillarning ikkinchi yarmida aralash tizim joriy etgan Qozog‘iston va Ukrainadan tashqari), Germaniya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Norvegiya, Daniya va boshqa rivojlangan G‘arbiy Yevropa davlatlarida sud qarorlarini majburiy ijro etish davlatning mutlaq funksiyasi hisoblanadi. Mazkur davlatlar sud qarorlarini ijro etish tizimi ish hajmini kamaytirish uchun boshqacharoq siyosatni amalga oshirib, ko‘proq nizolarni hal etishning muqobil usullarini joriy etishga (mediatsiya, nodavlat arbitraj instituti) hamda sud qarorini bajarmaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga e’tibor qaratishgan. Fikrimizcha, bunday yo‘l O‘zbekiston sharoitiga ham ko‘proq to‘g‘ri keladi.

Eng asosiysi, jahondagi barcha ekspertlar sud qarorlarini ijro etishning davlat tizimi xususiy tizimga nisbatan ancha samaraliroq ekanligi xususida bir xil xulosaga kelishgan.

Shu sababli, O‘zbekistonda xususiy ijro tizimini joriy etishga birmuncha erta bo‘lib, buning uchun bir necha o‘n yilliklar talab etiladi. Chunki davlat hokimiyatini amalga oshirishdagi bunday yangiliklarni joriy etish uchun davlat institutlari, jamiyatdagi huquqiy madaniyat va huquqiy ong muayyan darajada shakllangan bo‘lishi lozim.

Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash instituti


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

117

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing