Samadov saylovga tayyorgarlik jiddiy bo‘lmagani, partiyalar hamon uxlayotganini aytib chiqdi
Jamiyat
−
17 dekabr 2019
5058“Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar”. Joriy yilning 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Oliy Majlis va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shunday ta’rif berilgan edi. Biroq, mutaxassislar saylovga tayyorgarlik jiddiy bo‘lmaganini qayd etmoqda. Xalqaro press-klub bosh prodyuseri G‘ulomjon Samadov bu haqda shunday deydi:
"....O‘zbekistonda 2016 yil sentyabr oyidan ko‘p narsa o‘zgargan edi. Aslida partiyalar o‘sha vaqtdan, ya’ni 3 yil avval saylovga tayyorgarlik ko‘rishi kerak edi. Nazarimda bugungidek saylovkampaniyasi bo‘lishini ular kech sezishdi. Xalqaro press-klub 86 kunda 27 ta jonli efir qildi. Bir vaqtning o‘zida "O'zbekiston24 " va "Yoshlar" tele va radio kanallarida jonli efirga chiqildi. Bu O‘zbekiston televideniyesi tarixida hech qachon bo‘lmagan. Ko‘p savollar oldida partiya vakillari dovdirab qolishdi. Demak, tayyorgarlik jiddiy bo‘lmagan".
U so‘zida davom etarkan, baliq boshidan degan naqlga rioya qilgan holda partiya liderlari o‘zini ko‘rsata olmaganini tanqid qiladi:
"Partiyalarning yangi liderlar bilan saylovkampaniyasiga kirmagani ham tayyorgarlik jiddiy bo‘lmaganidan darak beradi. Lider partiya va saylovkampaniyasining kayfiyatini belgilaydi. Yangicha fikrlaydigan partiyalarga yangi liderlar kerak deb o‘ylayman. Busiz iloji yo‘q".
O‘zbekistonda davom etayotgan saylov davrida ommaviy axborot vositalari targ‘ibot va tashqivotda ayrim partiyalardan ham ustunlik qilmoqda. Aslida g‘alaba, targ‘ibot, saylovga odamlarni jalb qilish kimning ishi? Buning besh yilliki rohatini kim ko‘radi? Samadov ham bu boradagi fikrlarini davom ettirib, partiyalar hamon shirin uyqudaligini qayd etadi:
"O‘zbekistonda kuchli partiyalar va kuchli parlament shakllanishining ibtidoiy bosqichi ro‘y beryapti. Bu yilgi saylov kampaniyasi buni oshkor qildi. Qanchalik achchiq bo‘lsa ham Xalqaro press-klub debatlarida shuni sezdim. Hatto, ba’zi partiyalarning obro‘li vakillaridan "...hadeb bir vaqtning o‘zida chaqiraverasizlarmi? Axir evi bilanda", degan malomatlarni ham eshitdik. Endi o‘ylab ko‘ring saylov kampaniyasi davrida bu gapni aytgan partiyani jiddiy partiya deb bo‘ladimi? Men partiyalarni uyg‘onmagan va karaxt holatda deb hisoblayman".
Eslatib o‘tamiz, bundan avval O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mahmud Istamov partiyalarning deputatlikka nomzodlari tarjimai hollari aks etgan afishalarni xatolar bilan chop etganini saylovchiga nisbatan hurmatsizlik deb atagan edi.
LiveBarchasi