Huquq va jazo: O‘zbekiston qonunlari mitinglar haqida nima deydi?

Bu qiziq

image

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahrida besoqolbozlikka qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston uchun anchadan beri begona bo‘lib kelgan ushbu holat ijtimoiy tarmoqlar, qolaversa, ommaviy axborot vositalarida ham keng muhokama qilindi. Kimlardir miting qatnashchilarining yonini olib chiqqan bo‘lsa, kimdir buni qonunlarning buzilishi, deb atadi.

Aslini olganda, fuqarolarning yig‘ilish, miting va namoyishlar o‘tkazishga haqqi bormi? Quyida ushbu savollarga javob topamiz:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida:

“Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega”, deb belgilab qo‘yilgan. Shu jumladan, ushbu yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlarni o‘tkazish to‘g‘risida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat va boshqaruv organiga yozma ravishda murojaat etilishi shart. Ushbu murojaatda yig‘ilish, miting yoki ko‘cha yurishlarni o‘tkazish maqsadi, shakli, joyi, boshlanish va tugash vaqti, harakatlanish yo‘nalishi, nazarda tutilayotgan ishtirokchilarning taxminiy soni, tashkilotlar va jamoat tartibini saqlash uchun mas’ul shaxslar haqidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim.

Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlarni o‘tkazish jarayonida ishtirokchilar va tashkilotchilar jamoat tartibini saqlashga majburdir. Ularga transport vositalari va piyodalar harakatlanishiga to‘sqinlik qilish, aholi punktining uzluksiz faoliyat yuritishiga tajovuz qilish, palatkalar qurish, yashil maydonlar, bino va inshootlarga zarar yetkazish mumkin emas.

Bundan tashqari, qurol yoki insonning hayoti va sog‘ligiga zarar yetkazish maqsadida qirol sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan, maxsus tayyorlangan buyumlar ishlatish, fuqarolar va yuridik shaxslarga moddiy zarar yetkazish, yig‘ilish, miting, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish vaqtida jamoat tartibini saqlovchi davlat organlari vakillari faoliyatiga har qanday  shaklda aralashish taqiqlanadi.  

Yuqorida keltirib o‘tilgan yig‘ilish, miting, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibida belgilangan talablarni buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 201-moddasida javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Agar shaxsning shunday harakatlari ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 217-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi va bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shohruh Olimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

400

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing