Homilador ayolni pichoqlab, o‘ldirgan yigit 20 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Xabaringiz bor, Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida 29 yoshli yigit qo‘shnisining 8 oylik homilador kelinini pichoqlab, o‘ldirib qo‘ygan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi tomonidan qotillikka qo‘l urgan shaxsga 20 yil qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Yozyovon tuman sudi sudyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Qorasoqol” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi U.N. o‘tgan yilning yoz oylaridan boshlab internet orqali muntazam qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar o‘ynab kelgan. Buning natijasida 100 million so‘mdan ortiq pul yutqazib, ko‘p miqdorda qarzdor bo‘lib qolgan.

Joriy yilning 22 iyun kuni u qarzlarini to‘lash uchun qo‘shnisi O.Q.dan 2 ming dollar qarz olgan. Shundan so‘ng u qo‘shnisining uyida yanada ko‘p pul bor degan gumonga borgan. U.N. 23 iyun kuni soat 10:00 larda qo‘shnisinikida hech kim yo‘qligidan foydalanib, o‘g‘rilikka tushgan. Xonadondagi mol-mulklarni yashirincha qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘shnisining homilador kelini kelib qolgan. 

U.N. qilmishi oshkor bo‘lishidan qo‘rqib, qo‘shni kelinga pichoq bilan hujum qilgan, tanasining turli sohalariga tan jarohatlari yetkazgan hamda hodisa joyidan yashiringan. Ayol ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, olgan tan jarohatlari oqibatida shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Joriy yilning 23 iyun kuni mazkur holat yuzasidan Yozyovon tuman prokuraturasi tomonidan U.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “b”, “i” bandlari (homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni ta’magirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi 3-qismi “v”, “g” bandlari (uy-joyga, omborxona yoki boshqa binolarga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan holda badanga og‘ir shikast yetkazib, bosqinchilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudining hukmi bilan U.N. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “b”, “i” bandlari, 164-moddasi 3-qismi “v”, “g” bandlari bilan aybli deb topilib, unga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

330

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing