Hokimlarning ayrim funksiya va vakolatlari bekor qilindi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2020
17865Biroz avval xabar berganimizdek, “Byurokratik to‘siqlar yanada qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirdi.
Qonun bilan, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qator funksiya va vakolatlari bekor qilindi.
Xususan, edilikda faoliyati suvlarning va suv ob’ektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalarning texnologiya, o‘rmon-melioratsiya va agrotexnika, gidrotexnika, sanitariya-texnika tadbirlarini o‘tkazishlari uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishishi lozim emas;
Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining korxonalar va tashkilotlarga quyidagi masalalarda yozma ko‘rsatmalar berishi bekor qilindi:
• suv toshqinlarining, suv bosishi va zax bosishining;
• sohillar, himoya dambalari va boshqa inshootlar buzilib ketishining;
• yerlarning botqoqlanishi va sho‘rlanishining;
• tuproq eroziyasining, jarlar, o‘pirilishlar yuzaga kelishining, sel oqimlarining va suvlar yetkazadigan boshqa zararli ta’sirning oldini olish hamda uni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;
• aholining ichimlik, maishiy va boshqa ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan suv olish inshootlaridan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilish.
Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining quyidagi vakolatlari chiqarildi:
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish bilan hokimlarning ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan qarorlar qabul qilish va ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladigan ayrim qoidalarni belgilash vakolati;
“Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, hokimlarning atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining yo‘l qo‘yiladigan normativlarini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish vakolati;
“O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlash uchun ruxsatnoma berish vakolati;
“O‘rmon to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, o‘rmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va tugatish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
LiveBarchasi