Hokimlarga ishonchsizlik votumi bildirishni joriy qilish taklif qilindi
Olam
−
27 fevral 2023
9984O‘zbekistonda hokimlarga ishonchsizlik votumini bildirish institutini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu taklif Adliya vazirligi Sardorbek Azizov tomonidan o‘rtaga tashlangan.
Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari, ya’ni hokimlarga nisbatan u yoki bu vakillik organi yoki tashkilot tomonidan ishonchsizlik votumini bildirish bo‘yicha normalar o‘rnatilmagan.
“Xorijiy davlatlar tajribasini ko‘radigan bo‘lsak, hokimlarga tegishli vakillik organlari tomonidan ishonchsizlik votumini bildirish mazkur davlatlar qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan”, deydi taklif muallifi.
U, shuningdek, bu borada AQSH, Ispaniya, Gruziya yoki qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi tajribani o‘rnak sifatida keltirgan. Masalan “Qozog‘iston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati va o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasiga asosan Maslahat organi (vakillik organi nomi) deputatlari umumiy sonining kamida beshdan bir qismining tashabbusi bilan hokimga ishonchsizlik votumi bildirish masalasi qo‘yilishi mumkin. Bunday holda, maslahat organi o‘z deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan hokimga ishonchsizlik bildirish va uni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida masalani tegishli ravishda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti yoki yuqori turuvchi hokimga qo‘yish huquqiga ega.
Muallifga ko‘ra, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyati ustidan mahalliy vakillik organlari tomonidan yetarlicha nazorat o‘rnatilmaganligi, hokim qarorlarni qabul qilish jarayonlarining murakkabligi, ochiqligi ta’minlanmaganligi hamda ushbu sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmaganligi joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida va samarali hal qilishga to‘sqinlik qilmoqda.
Taklifda keltirilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2019-2021 yillarda jami 28 253 ta hujjatlari, shundan prokuratura, adliya va boshqa organlar ta’sir choralariga asosan 14 492 ta qaror va farmoyishlar bekor qilingan va 8 725 tasi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan, 5 036 tasi sud organlari tomonidan haqiqiy emas deb topilgan.
Noqonuniy qaror va farmoyishlar qabul qilinishiga asosiy sabab va omil sifatida mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyati ustidan mahalliy vakillik organlari tomonidan nazorat qilishning aniq mexanizmi mavjud emasligi, mahalliy ijro va vakillik organlariga rahbarlik bir shaxs tomonidan amalga oshirilishi keltirilgan.
Azizov mahalliy vakillik organlari vakolatlarini kuchaytirish, ularni tom ma’noda xalq vakillari sifatida ijro organlari faoliyatiga huquqiy baho berilishi huquqiy asoslarini yaratish maqsadida hokimlarga va kengashga hisobot beruvchi shaxslarga ishonchsizlik votumini bildirish yuzasidan amaldagi qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taklif qilgan.
“Yuqoridagi takliflar inobatga olingan taqdirda, birinchi navbatda halq vakillari bo‘lgan deputatlar va mahalliy kengashlarning huquqiy maqomi hamda vakolatlarini oshishiga, ijro va vakillik organlarining bir-birini tiyib turish va hokimiyatlar bo‘linishining huquqiy asoslari yanada ta’minlanadi hamda vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishda yordam beradi”, deydi taklif muallifi.
LiveBarchasi