Hokim yordamchisi kambag‘allar pulini yeb ketdi

Tahlil

Hokim yordamchilari

Oldinlari hokimlarning pora olayotgani haqida onda-sonda eshitib turardik. Endi eshitmayapmiz. Chunki endi ularning yordamchilari bor. Endi hokim yordamchilari tinimsiz pora olyapti.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi 20 nafar fuqarolarga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan, qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalangan holda jami 427,7 mln so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritib, shipshiydam qilgan. Bu haqda 3 fevral kuni Bosh prokuratura ma’lum qildi.

Prokuratura xabarida keltirilishicha, ehtiyojmand oila a’zolari hokim yordamchisining oldiga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yishda yordam so‘rab kelgan bo‘lgan.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimining yordamchisi o‘zining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqaroga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 mln so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

“Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deydi Bosh prokuratura.

Uyat, bunday yordamchisi borligidan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov yer yorilib, yerga kirib ketgandir. Qayoqda deysiz. Bosh prokuratura axborotidan sal o‘tib Toshkent shahar hokimligi rasmiy munosabat bildirib, “o‘lay agar bizning bunday yordamchimiz yo‘q. U noyabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shab ketgan” deb aytib chiqdi.

“Shuni ma’lum qilamizki, axborot makonida go‘yoki Shayxontohur tumanida ishlaydigan hokim yordamchisi 20 nafar shaxsning nomiga kredit rasmiylashtirib, olingan mablag‘lardan foydalangani haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda.

Mazkur xabarlar yuzasidan Toshkent shahrida bunday tavsifga mos keladigan mansabdor shaxs mavjud emasligini, tarqatilayotgan ma’lumotlarda M.F. deb aytilayotgan shaxs o‘tgan yilning noyabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan”, deya yozgan hokimlik matbuot xizmati. 

Axborot haqqoniy va xolis bo‘lishi zarur!

“2025 yil 3 fevral kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi tomonidan sodir qilingan jinoyat yuzasidan xabar e’lon qilingan. Endilikda, ushbu xabar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan xabarlar va bayonotlar e’lon qilinmoqda.

Shuni ma’lum qilamizki, M.F. 2022 yilning 7 oktyabr kunidan 2024 yilning 29 noyabr kuniga qadar Shayxontohur tumani "Kamolon Darvoza" mahalla fuqarolar yig‘inining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib, tuman hokimining 14.12.2024 yildagi tegishli qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

M.F. aynan hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan davrida muqaddam e’lon qilingan xabardagi qilmishlarni sodir etgan”, deya hokimlik xabariga qayta javob qaytardi Bosh prokuratura.

Ammo Bosh prokuraturaga axborot makoni deya nisbat berib, prokuraturaning nomini tilga olishga qo‘rqqan poytaxt hokimligi ogohlantirish berishni ham unutmagan.

“Ommaviy axborot vositalaridan axborotni e’lon qilishda ishonchlilik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga amal qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz”.

Xo‘p bo‘ladi, faqat biz ham sizdan hokim yordamchilarini ishdan bo‘shatishda ishonchlilik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga amal qilishingizni so‘raymiz.

Bizdan mas’uliyatni so‘rayotgan Toshkent shahar hokimligining o‘zida mas’uliyat bormikan? Axir byudjetdan palon pul maosh oladigan bitta yordamchi 20 nafar fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish uchun ajratilgan 427 mln va yana qarindoshlari nomiga olingan 207 mln jami 634 mln so‘m pulni qo‘njiga to‘ldirib bemalol ishdan bo‘shab ketaversa, bu hokim degani undan “o‘zi nima ish qilding, mana bu ajratgan kreditlaring qani” deb so‘roq-savol qilmasa va shunchaki u allaqachon ishdan bo‘shagan deb vaziyatdan quruq chiqsa, shumi mas’uliyat?

Agar bu birgina holat bo‘lsa-ku mayli, bunchalik ichimiz kuymasdi. Ammo hokim yordamchisi degan lavozim egalari kambag‘al fuqaro nomiga kredit olib, yeb yuborishni, tinimsiz pora olishni odat qilib olgan. 

17 yanvar kuni ham Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi fuqarodan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi.

Uchtepa tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining “Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha” hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga tuman hududida 4 ta savdo do‘koni qurishi uchun yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali jami 210 m2 yer maydonini auksion savdolari orqali yutib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga pul so‘ragan.

Ma’lum bo‘lishicha, hokim yordamchisi muqaddam Jinoyat kodeksining 167-(O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-(Firibgarlik), 205-(Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va boshqa moddalari bilan 3 marotaba sudlangan. 

Uch marotaba sudlangan yordamchilarga Toshkent shahar hokimligi yana qanday qilib kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishonch bildirgan, bu aqlga sig‘maydi.

2024 yilning avgust oyida Qashqadaryoda hokim yordamchisi va boshqalar 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilishda gumonlanib, qo‘lga olingan. Samarqand tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi kadastr hujjatlarini qonuniy rasmiylashtirib berish uchun 1 300 AQSH dollarini so‘ragan. Samarqandda yana bir hokim yordamchisi bankdagi mansabdor tanishlari orqali 150 million so‘m miqdorida kredit chiqarib berish evaziga 1500 AQSH dollari miqdorida pul so‘ragan.

Namanganda esa 10 nafar hokim yordamchisi tomonidan 80 dan ortiq ana shunday qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Jalaquduq tumani hokimi yordamchisi kuz-qish mavsumiga mo‘ljallangan ko‘mirni berishiga 600 dollar pora talab qilgan.

Yaqinda Ko‘kdala tumani hokimi o‘rinbosari ham plyonka ishlab chiqarish korxonasi faoliyat ko‘rsatishi uchun 5 ming AQSH dollari berishini aytgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda videoselektorlardan birida hokim yordamchilari haqida gapirib:

“Joylardagi ayrim hokim yordamchilari “kredit, subsidiya, yer olib beraman”, deb tamagirlik qilayotgani ham juda achinarli holatdir”, degan edi.

Ammo mana shu tanqidlardan keyin ham vaziyat o‘zgarmadi. O‘tgan 2024 yil davomida hokim yordamchilari 309 marta korrupsiyaga qo‘l urgan. Hokim yordamchilarining korrupsion jinoyatlarining aksariyati esa biz yuqorida sanab o‘tgan kambag‘al nomiga kredit olib, uni o‘zi ishlatib yuborishidir. Oqibatda kreditni yana fuqaro to‘lashga majbur. Shuni aytadilar-da kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopar deb. Ana shunday hokim yordamchilaridan jabr ko‘rgan Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yashovchi O‘ktamoy ona arz bilan QALAMPIR.UZ ostonasiga keldi.

O‘ktamoy Jo‘rayeva boshiga shu muammo tushganidan beri bormagan eshigi, kirmagan teshigi qolmadi. Hokim yordamchisi ustidan dod deb, arz qilmagan bironta idora eshigi qolmadi. Uning darvozasi ham bank xodimlarining tashrifidan bezor. Majbur, yemagan somsasiga 30 mln lik kreditni to‘lashdan boshqa imkon qolmadi unda. 

U mazkur holat yuzasidan sudga murojaat qilgan. Ammo advokat yollay desa, palon pullik to‘lovga imkoni yo‘q. Davlat tomonidan beriladigan advokat-chi desangiz, O‘ktamoy onaning bu borada ham omadi chopmadi. Nomiga yozib qo‘yilgan 12 bosh qo‘y bilan uning o‘g‘li tadbirkorga chiqib qolgan, qog‘ozda bor, amalda yo‘q qo‘ylar tufayli kambag‘allar ro‘yxatidan ismi o‘chirilgan. Bolasi uchun oladigan nafaqa ham ortiq berilmaydigan bo‘ldi.

O‘qtamoy Jo‘rayevaning o‘g‘lining yagona aybi minbarlarda aytilgan chiroyli gaplarga ishonib, kambag‘allikdan chiqayin deb, kredit so‘ragan. Na undan pul qoldi va na qo‘y. O‘ktamoy onaning o‘zi esa kredit olishdan qo‘rqadi. U bilan suhbatimiz davomida onaxon davlatning puli bilan o‘ynashib bo‘larmidi, deb aytdi. Yo‘q, bunday halol odamlar o‘ynashmaydi, ammo davlatning o‘z xodimlari, amaldorlari davlatning puli bilan ham, xalqning puli bilan ham o‘ynashaveradi. 

Bugun O‘zbekistonda hokim yordamchilari soni allaqachon 10 ming nafarga yaqinlashgan. Aslida hokim yordamchisi lavozimi 2022 yil 1 yanvardan boshlab prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi va farmoyishiga binoan O‘zbekistonning har bir shaharchasi, qishloq, ovulida, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va diqqat qiling – kambag‘allikni qisqartirish uchun ta’sis etilgandi. 

Xo‘sh, bu lavozim egalari hududlardagi kambag‘allik darajasini qanchalik kamaytira olyapti? Bu bo‘yicha hokimlarga va xalqqa qanday yordam beryapti? Bu lavozim egalarining samaradorligi haqida aniq-tiniq tahlillarga ko‘zimiz tushganicha yo‘q hali. Ammo ha deganda respublikaning yo u, yo bu hududida milliardlab pulni hokim yordamchisi o‘margani haqidagi xabarlar bugun kun tartibidan tushmayapti. 

Shunday ekan, bu lavozim egalari nega kerak bu mamlakatga va xalqqa? Javoblaringizni izohlarda yozing. Sizga bu kursi egalarining biror foydasi tegdimi? Fikr bildiring.


Maqola muallifi

Teglar

Hokim yordamchilari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar