Hokim yordamchilari OTMga imtihonsiz qabul qilinadi. Grantga!

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Endi oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilariga oliy ta’lim muassasalarining sirtqi yo‘nalishiga kirishi uchun davlat granti ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilarini davlat oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, qarorda keltirilishicha, Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi. 

Nizomga ko‘ra:

•  boshqa hududlardan kelib ishlayotgan hokim yordamchilari va respublika vakillari uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida turar joy ijarasi xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lanadi;

•  ish faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan hokim yordamchilari va respublika vakillari har oy mukofotlanadi;

•  hokim yordamchilari ish haqining avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lgan qismini kompensatsiya qilib boradi;

•  o‘z shaxsiy avtomobilidan foydalanayotgan respublika vakillarining transport xarajatlari, shuningdek, bir oyda bir marotaba doimiy yashash joyiga temir yo‘l transportida borib kelishi uchun kompensatsiya to‘lanadi;

•  yil yakuni bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan respublika vakillariga va hokim yordamchilariga ipoteka krediti asosida uy-joy xarid qilish uchun uy-joy qiymatining 50 foizigacha subsidiya to‘lanadi.

Avvalroq, hokim yordamchilarining oylik ish haqi miqdori ular biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda hisoblanishi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

508

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing