Hokim qarorini soxtalashtirib, aslida yo‘q uylarni 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan hokim qarorini soxtalashtirib, aslida yo‘q bo‘lgan uylarni 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan guruh a’zolari jinoyat ustida, daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIBB Axborot xizmati xabar bermoqda

Joriy yil 17 fevral kuni Toshkent viloyati IIBBga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro R.T. ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatida Dilnura, Nodira va Aziz ismli shaxslar Nurafshon shahrida joylashgan (aslida hech qayerda ro‘yxatda bo‘lmagan) 3 ta hovlini kadastr hujjatlarini qalbakilashtirib, 100 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘layotganini ma’lum qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan, 19 fevral kuni Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari va sohaviy xizmat xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Nurafshon shahrida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan Dilnura A. (hozirda firibgarlik, va pora berish jinoyatlari bilan tergov ostida bo‘lgan), tanishlari 1997 yilda tug‘ilgan Aziz G‘. (2019 yilda firibgarlik jinoyati bilan sudlangan), va 1997 yilda tug‘ilgan Nodira I. lar ariza muallifidan talab qilingan pullarning 30 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida, viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Ushlangan shaxslardan: 30 ming AQSH dollari miqdoridagi naqd pul, Nodira I. va Gulnora A. nomiga rasmiylashtirilgan Nurafshon shahar “Navro‘z” MFYda joylashgan “18-A” va “18-B” raqamli va Dilnura A. nomiga rasmiylashtirilgan “Istiqlol” MFYda joylashgan 10-raqamli uylarning qalbakilashtirilgan (hokim qaror va boshqalar) kadastr hujjatlari xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan.

Hozirda qo‘shimcha surushtiruv ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

230

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing