“Hobbit”ning asl nusxasi 13 ming dollarga sotildi
Madaniyat-san’at
−
15 iyul 2023
4461Jon Ronald Ruyen Tolkiyen qalamiga mansub “Hobbit” asarining birinchi nashri 13 ming AQSH dollaridan ko‘proqqa sotildi. Bu haqda “Indy100” nashri ma’lum qildi.
Bu kitob Shotlandiya xayriya do‘konilaridan birida tasodifan topib olingan. Bilbo Bagginsning sarguzashtlari haqida hikoya qiluvchi mashhur kitobning ushbu nodir nusxasini Dandidagi “Cancer Research UK” do‘konining menejeri topdi.
Do‘kon barcha buyumni 5 funt sterlingga sotish tizimida ish yuritsa-da, kitob elektron savdo platformasida sotuvga qo‘yildi - keyinchalik 10 099 funt sterlingga (13 230 AQSH dollari) sotildi.
1937 yilda nashr etilgan bu kitob asl nusxada chiqarilgan atigi 1500 bosmadan biri bo‘lib, Tolkiyenning o‘zi tomonidan chizilgan qora va oq rasmlarni o‘z ichiga oladi.
“Avvaliga, agar omadimiz kelsa, maksimal 500 funt sterling olamiz, deb o‘yladim. Shuning uchun bir necha oy o‘tgach, u 10 000 funt sterlingdan ko‘proqqa sotilganini eshitganimda ishonmadim”, dedi do‘kon menejeri Adam Karsli.
Janob Karsli yangi menejerlarni o‘qitish va fond tashkil qilishda yordam berish uchun Dandi do‘konida kitoblarni tartiblagan, orqa xonadagi yuzlab kitoblar orasida ushbu asl nusxani topib olgan.
“Mening bilishimcha, bu bizning do‘konlarimizdan biriga sovg‘a qilingan eng qimmatli buyumlardan biridir. Albatta, bu do‘konimizdagi bitta mahsulot uchun taklif etilgan eng yuqori narx. Bunday xayriyalar butun Buyuk Britaniya bo‘ylab hayotni qutqaruvchi tadqiqotlarni moliyalashtirishga yordam beradi”, dedi Karsli.
Eslatib o‘tamiz, “Garri Potter va hikmatlar toshi” kitobining 1997 yildagi birinchi nashri Angliyada kimoshdi savdosiga qo‘yildi va 13,5 ming AQSH dollariga sotilgan.
Sevara Husniddinova
LiveBarchasi