Hindistonlik tadbirkor turmush o‘rtog‘i uchun “Toj Mahal” qurdirdi
Olam
−
29 noyabr 2021
18134
52 yoshli hindistonlik tadbirkor 27 yil birga yashagan rafiqasi uchun uy sifatida Toj Mahalning kichraytirilgan nusxasini qurdirdi. Bu haqda BBC yozmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur “muhabbat yodgorligi”ni tadbirkor Anand Prakash Chouksi Hindistonning markaziy Madhya-Pradesh shtatidagi Burxonpur shahrida barpo etgan.
“Bu nafaqat xotinim uchun, balki shahar va uning aholisi uchun ham sovg‘a bo‘ldi”, deyde tadbirkor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlar bemalol uy atrofida aylanishi va dam olishi mumkin, ammo uy ichiga kirishi taqiqlanadi. Chunki uyda oila doimiy yashaydi.
Xabarga ko‘ra, uyni qurish uchun taxminan 20 million rupiy (199 ming funt yoki 260 ming dollar) sarflangan. Toj Mahalning nusxasi 50 gektar maydonda joylashgan. Tarkibida shifoxona ham mavjud.
Ma’lumot uchun, Toj Mahal majmuasi Zahiriddin Muhammad Boburning avlodi Shoh Jahon tomonidan rafiqasi Mumtoz Mahalga atab qurilgan. Yigirma yildan ortiq vaqt davomida qurilgan inshootning maqbara va minoralari oq marmar bilan qoplangan. Yodgorlik sharqona naqshlar va Qur’on suralari bilan bezatilgan.
1983 yilda YUNESKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Toj Mahal dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri sanaladi. Go‘zallik, muhtasham va muhabbat timsoliga aylangan inshoot butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etadi. Toj Mahalni ko‘rish uchun har yili dunyoning turli davlatlaridan 5 million sayyoh keladi.
LiveBarchasi