Hindistonda minglab odamlar muxolifat marshida qatnashmoqda

Olam

image

Bugun, 24 dekabr kuni Yangi Dehlida minglab odamlar mamlakatning yetakchi muxolifat partiyasi, Hindiston Milliy Kongressi (HMK) tomonidan tashkil etilgan “Bharat Jodo Yatra” (“Hindistonni birlashtiramiz” marshi)da qatnashmoqda. Marsh tashkilotchilarining Twitter'dagi sahifasida ma’lum qilinishicha, namoyishchilar Hindiston poytaxtiga tong saharda Faridobod shahridan kirib kelgan va Eski Dehlining tarixiy markazi tomon harakatlanmoqda.

Marsh boshida HMK yetakchilaridan biri Rahul Gandi boshqa muxolif siyosatchilar hamrohligida bormoqda. Poytaxtda Rahulga HMKning sobiq prezidenti, uning onasi Sonia Gandi va partiyaning bosh kotibi, uning singlisi Priyanka Gandi, mashhur Neru Gandi siyosiy urug‘idan bo‘lgan, Hindistonni ko‘p yillar davomida boshqargan partiya a’zolari qo‘shilgan. Muxolifat a’zolari “Yashasin Rahul!” va “Yashasin Kongress!” deya baqirmoqda.

Namoyishchilar o‘zlarini tinch tutib, shay holatdagi metropoliten politsiyasini qo‘zg‘atmaslikka harakat qilmoqda. Avvalroq Rahul Gandi o‘zining yurishidan maqsad hukmron partiya tomonidan tashkil etilgan “nafrat bozori” o‘rtasida “sevgi do‘koni ochish” bo‘lganligi haqida bayonot bergan edi. 

“Mamlakatning oddiy aholisi hozir sevgi haqida gapirmoqda. Har bir shtatda minglab odamlar marshga qo‘shilmoqda”, deydi Gandi.

HMK rahbarlari hukmron Bharatiya Janata partiyasi (BJP) (Hindiston xalq partiyasi) va uning ittifoqchilarining hinduizm va hindu qadriyatlarini targ‘ib qilish va himoya qilish siyosati mamlakatni ikkiga bo‘lib yuborayotganini ta’kidlamoqda. Muxolifatning poytaxtdagi yurishi HMK miting o‘tkazmoqchi bo‘lgan Eski Dehlidagi tarixiy Qizil qal’aga yetib borishi kutilmoqda.

Kongressmenlar 7 sentyabr kuni mamlakatning eng janubiy nuqtasi, Tamilnadu shtatidagi Kanyakumari burnida 150 kunlik Birlashgan Hindiston marshini boshladi. HMK yetakchilari o‘z tarafdorlari bilan 3500 km uzoqlikdagi shimoliy ittifoq hududi Jammu va Kashmirga yurishni rejalashtirmoqda. Yangi Dehlidan so‘ng muxolifat marshruti 448 km yo‘l bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. Yangi Dehlidagi aksiyadan so‘ng HMK Yangi yil bayramlari uchun 3 yanvargacha tanaffus qilishni rejalashtirmoqda, shundan so‘ng marsh davom etishi kerak.

Sohiba Komilovna


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

117

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing