Hindiston va Xitoy qo‘shinlari to‘qnashdi

Jamiyat

image

Hindiston va Xitoy qo‘shinlari Himolaydagi baxsli chegara hududida to‘qnash keldi. Bu haqda CNN xabar berdi. 

Qayd etilishicha, yadroviy qurolga ega ikkita Osiyo davlati o‘rtasidagi bahsli chegara chizig‘i 3000 kilometrni tashkil etadi. Aynan shu chiziq 9 dekabr kuni Hindistonning Arunachal-Pradesh shtatidagi Tavang sektorida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvga sabab bo‘ldi. To‘qnashuv har ikkala tomon askarlarining yengil jarohatlanishi bilan tugadi.

Bugun, 13 dekabr kuni Hindiston Mudofaa vaziri Rajnat Singx parlamentdagi nutqida Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasini nazorat chizig‘ini kesib o‘tish orqali "bir tomonlama" status-kvoni o‘zgartirishga urinishda aybladi.

“So‘nggi o‘zaro to‘qnashuv janjalga olib keldi. Bunda Hindiston armiyasi jasorat bilan Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining hududimizga kirishiga to‘sqinlik qildi. Ular o‘z postiga qaytishga majbur bo‘ldi”, deydi vazir Singx Hindiston tomonida jiddiy talofatlar yo‘qligini ta’kidlab.

Shuningdek, Hindiston Mudofaa vazirligi 11 dekabr kuni Xitoy tomoni bilan bayroq uchrashuvi o‘tkazganini, uchrashuvda Xitoy tomonidan chegarada harbiy harakatlardan tiyilib, tinchlik va osoyishtalikni saqlash so‘ralganini ma’lum qildi. 

Ammo Xitoy hozircha hodisaga rasman izoh berganicha yo‘q.

Ma’lumot o‘rnida, Hindiston va Xitoy 1962 yilda o‘zlarining chegara hududlari uchun urush olib borgan. Urush chegara nazorat chizig‘i yaratilishi bilan tugagan. Ammo ikki davlat ham uning aniq joylashuvi bo‘yicha haligacha kelisha olmaydi va ikkalasi ham bir-birini muntazam ravishda o‘z hududlarini kengaytirishga intilishda ayblaydi. 

O‘tgan yillar davomida chegara pozitsiyasi bo‘yicha bir qator janjallar bo‘lgan. Masalan, 2020 yil iyun oyida ikki tomon o‘rtasidagi keskinlik sabab yuzaga kelgan janjal 20 nafar hind va to‘rt nafar xitoy askarining o‘limi bilan tugagan.  

Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida hind hukumati Hindiston va Xitoy qo‘shinlari G‘arbiy Himolaydagi Gogra-XotSprings chegara hududidan chiqib ketishni boshlaganini aytdi. Bu haqda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Xitoy yetakchisi Si Szinpin ishtirok etgan Samarqanddagi SHHT sammiti oldidan bayonot berilgan edi.

Ammo bu ham munosabatlarni ijobiy tarafga o‘zgartirmadi. Xususan, joriy yilning 15-16 noyabr kunlari Balidagi G20 sammitida Modi va Si Szinpin qo‘l berib ko‘rishgan bo‘lsada, hech qanday ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilmadi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

428

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing