Hindiston Tryudo ayblovlari ortidan kanadalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi
Olam
−
20 Sentabr 2023
3185Hindiston hukumati kanadalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda ANI agentligi mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi.
“Diplomatdan keyingi besh kun ichida Hindistonni tark etishi so‘ralgan. Bu qaror Hindiston hukumatining kanadalik diplomatlarning bizning ichki ishlarimizga aralashuvi va ularning Hindistonga qarshi faoliyat yuritishidan xavotirdaligimizni aks ettiradi”, deyiladi TIV xabarida.
Kecha, 19 sentyabr kuni Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo parlamentda nutq so‘zlaganidan so‘ng, Kanada hind diplomatini mamlakatdan haydagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kanada razvedka idoralari Britaniya Kolumbiyasida sikx separatistlari yetakchisi Hardip Singx Nijjarning o‘ldirilishiga Hindiston hukumatining aloqadorligini tekshiryapti.
Tryudoga ko‘ra, chet el hukumati tomonidan mamlakat fuqarosining o‘ldirilishiga aloqasi borligi Kanada suverenitetining buzilishiga barobar. Hindiston esa Kanadaning ushbu ayblovlarini "bema’ni va asossiz" deb atagan.
Kanada Tashqi ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, Hindiston tashqi razvedka boshqarmasining Kanadadagi tadqiqot va tahlil departamenti rahbari Pavan Kumar Ray ham mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Hindiston razvedka xizmatlari Kanada sikxlari jamiyati yetakchisi Hardip Singh Nijjarning shov-shuvli o‘ldirilishida ishtirok etganini aytgandi.
Ma’lumot uchun, sikxlar nisbatan kichik diniy guruh bo‘lib, ularning dunyo bo‘ylab taxminan 25 million tarafdori bor. Ularning aksariyati Hindistonda yashaydi. Joriy yilning iyun oyida otib o‘ldirilgan Hardip Singh Nijjar esa sikxlarning Kanadadagi yetakchilaridan biri edi. Nijjar “Xaliston” deb ataluvchi mustaqillik harakatini va Hindistonda alohida sikx davlati tashkil etilishini ochiq qo‘llab-quvvatlagan.
LiveBarchasi