Hindiston shimolida teleboshlovchi o‘ldirildi

Olam

image

Hindistonning Jammu va Kashmir hududida jangarilar tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida bir fuqaro halok bo‘ldi, 10 yoshli bola esa yaralandi. Bu haqda 26 may kuni viloyat politsiyasi o‘zining Twitter’ida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
 
Mahalliy telekanal teleboshlovchisi Amrin Bxat ekstremistlar hujumi qurboniga aylangan. Fojia vaqtida u 10 yoshli jiyani bilan birga bo‘lgan. Bola qo‘lidan yaralangan, uning hayoti xavf ostida emas. Teleboshlovchi ayol esa shifoxonada vafot etgan.
 
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hujumni “Lashkar-e-Tayba” terrorchilik guruhining uch nafar a’zosi amalga oshirgan. Hujum sodir bo‘lgan Budgam hududi hozirda o‘rab olinib, jinoyatchilarni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya davom etmoqda.
 
Shuningdek, 25 may kuni Pokistonparast qurolli guruh jangarilari Jammu va Kashmirda politsiyachining uyiga qarata o‘t ochishi oqibatida huquq-tartibot xodimi vafot etgan, qizi esa yaralangan. Hindiston ittifoqi hududi huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda terroristik hujumlar natijasida mintaqada 20 dan ortiq politsiya xodimi halok bo‘lgan.
 
Kashmir hududi Hindiston va Pokiston o‘rtasida 1947 yilda Hindiston Britaniyadan mustaqillikka erishib, diniy jihatdan ikki davlatga bo‘linganidan beri bahs mavzusi bo‘lib kelgan. Ayni paytda Kashmirda davlat chegarasi yo‘q: uning hududi nazorat chizig‘i bilan bo‘lingan. Hindiston qismida mamlakatdan ajralib chiqish tarafdori bo‘lgan guruhlar faol harakat qilmoqda. Yangi Dehli qo‘shni Pokistonni ekstremistlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblasa, Islomobod bu ayblovlarni rad etmoqda.

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing