Hayvon o‘ldirganlar qamaladi
Tahlil
−
05 noyabr 2022
15828Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda eshaklarning ayovsiz kaltaklangani, maktab o‘quvchisi tomonidan mushukni bo‘ynidan ip osib qiynalgani, it va mushuk pnevmatik qurol yordamida otib tashlangani tasvirlangan video-xabarlarga ko‘zimiz tushib qoladi. Garchi so‘nggi paytlarda bu kabi voqealarni tez-tez kuzatmayotgan bo‘lsakda, shunday nohush hodisalar sodir bo‘lmayapti, deyish qiyin. Xo‘sh, O‘zbekistonda jonivorlarga ozor yetkazganlar jazolanadimi?
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasida hayvonlarga nisbatan shafqasiz munosabatda bo‘lish qanday javobgarliklar olib kelishi aytib o‘tilgan.
“Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, - 900 ming so‘mdan 1.5 mln so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi”,- deyiladi ushbu moddada.
Agar xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa – 1.5 nln so‘mdan 3 mln so‘mgacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shunday insonlar borki, yuqoridagi jinoyatlarni sodir etib, ma’muriy javobgarlikka tortilganlaridan so‘ng ham to‘g‘ri xulosa chiqarmaydi.
Ularning navbatdagi “xatti-harakatlari” hayvonlarning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 202^1-moddasiga binoan – 7.5 mln so‘mdan 15 mln so‘mgacha jarima yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning QALAMPIR.UZ’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022 yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan Jinoyat kodeksining 202^1-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan bog‘liq jinoyat ishlari ko‘rilmagan.
Biroq, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2022 yilning 10 oyi davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) tartibida 60 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan.
Samandar Haqqiyev
LiveBarchasi