Haydovchilikka o‘qitish va “prava” berish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi – Prezident

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalarining 75 foizini 35 yoshgacha bo‘lganlar sodir etgan. Har yili 500 ming kishi haydovchilik guvohnomasi oladi, lekin 25 foizi mashg‘ulotlarga qatnashmaydi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ta’kidladi.

“Yildan yilga avtotransport vositalari va haydovchilar soni ko‘paygani bilan ularning madaniyati, o‘zaro hurmat va bilim-tajribasi pasayib borayotgani ham ayni haqiqat”, dedi Prezident.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, avariyalarning 75 foizini 35 yoshgacha bo‘lganlar sodir etgan. Har yili 500 ming kishi haydovchilik guvohnomasi oladi, lekin 25 foizi mashg‘ulotlarga qatnashmaydi.

“Qaysi hokim yoki ichki ishlar boshlig‘i biror marta avtomaktablarga borgan, ulardagi o‘qish jarayoni bilan qiziqqan? Umuman, Ta’lim inspeksiyasi avtomaktablar nazoratini eplay olmadi”, dedi davlatimiz rahbari.

Endi haydovchilikka o‘qitish va guvohnoma berish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Bunda:

•  Ichki ishlar vazirligi avtomaktablar va imtihon markazlariga talablarni qayta ko‘rib chiqadi, ularga litsenziyalarni o‘zi beradi; 

•  Ichki ishlar akademiyasi avtomaktablarning metodologiyasi, o‘quv dasturi, o‘qituvchilarning malakasi va o‘qitish sifatini oshirishga javob beradi;

•  Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi va ularning reytingini yuritadi.

Bundan buyon haydovchining intizomiga qarab, uni o‘qitgan avtomaktab faoliyatiga ham baho beriladi.

Viloyat hokimlari va ichki ishlar boshliqlariga uch oy muddatda hududlarida zamonaviy avtomaktab va imtihon markazlarini tashkil etish topshirildi.

“Raqamlashtirish – yo‘l harakatini boshqarishning eng to‘g‘ri yechimi. Afsuski, na poytaxtda, na hududlarda raqamlashtirish borasida birorta namuna qilib ko‘rsatadigan joy yo‘q. Borini ham eplab ishlata olmayapti”, dedi Prezident.

Shu bilan birga, Toshkent shahrining 602 ta chorrahasidan 111 tasidagina raqamli boshqaruv mavjud. Boshqa shaharlarda esa bunday tizim umuman yo‘q.

“Harakat xavfsizligini raqamlashtirish bo‘yicha Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yuzaga kelgan muammolarni o‘zim qattiq nazoratga olganimdan keyin hokimlar va ichki ishlar boshliqlari harakatni boshladi. Ushbu hududlar ichki ishlar boshliqlari 1 iyulgacha keskin o‘zgarish qilmasa, ularga nisbatan qat’iy chora ko‘raman. Boshqa hokimlar ham xulosa qilib, batafsil hisobot beradi”, dedi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

286

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing