Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etiladi

Jamiyat

image

Qurolli kuchlar akademiyasi isloh qilinib, uning negizida O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 29 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev harbiy ta’lim tizimini takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida so‘z bordi. 

Ma’lum qilinishicha, Mudofaa vazirligining barcha harbiy ta’lim muassasalari – 5 ta institut, Serjantlar tayyorlash oliy maktabi hamda Aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislarini tayyorlash markazi institut maqomida mazkur universitet tarkibiga o‘tkaziladi. Bu markazlashgan vertikal tizimni hosil qilib, qo‘shinlarning jangovar salohiyatini oshirish, dual ta’limni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Serjantlar tayyorlash oliy maktabida armiyaning asosiy tayanchi bo‘lgan serjantlarni o‘qitish, ularda yetakchilik qobiliyatini shakllantirish, zamonaviy qurollar va yangi taktik usullar bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishning yangi tizimi joriy etiladi.

“Yangiliklardan yana biri – tor doiradagi ixtisosliklar bo‘yicha “2+2” tartibi yo‘lga qo‘yilishidir. Ya’ni, psixolog, aloqachi, ta’minotchi, omborchi kabi 18 xil yondosh soha mutaxassislari boshqa oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqich talabalari orasidan saralab olinadi”, deyilgan taqdimotda. 

Shuningdek, taqdimotda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, yangi o‘quv yilidan boshlab, bitiruvchi bosqich kursantlari uchun tanlov asosida “Oliy Bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etilishi aytildi. Mazkur stipendiya sohibi bakalavriatni tamomlaganidan so‘ng 5 yil mobaynida oliy harbiy ta’lim muassasalarining magistraturasiga imtihonlarsiz qabul qilinadi.

Qayd etilishicha, endilikda oliy harbiy ta’lim muassasalarining 36 ta ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari biryo‘la ikkita diplom – fuqarolik va harbiy kasbga mo‘ljallangan mutaxassislik egasi bo‘ladi. Bu ularning harbiy xizmatdan keyin ham faol ishlashi imkonini beradi.

Taqdimotda ushbu takliflar ma’qullangan va ularni amaliyotga samarali tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 14 fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari bilan o‘tkazgan muloqotida harbiy oliygohlarning namunali tinglovchilari uchun “Oliy Bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etilishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev mudofaa universiteti “Oliy Bosh qo'mondon” davlat stipendiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing