Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarga bosim o‘tkazilgani bo‘yicha 158 ta shikoyat tushgan – Ombudsman

Jamiyat

image

2024 yil 10 oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani yuzasidan Ombudsman nomiga 158 ta shikoyat kelib tushdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova brifingda ma’lum qildi.

Bildirilishicha, shikoyatlarning 14 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning murojaatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan. 52 tasi esa o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmagan. 62 ta shikoyat yuzasidan esa tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilgan. 3 ta holatda xodimlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Alohida ta’kidlash joizki, ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 15 ta xabarlar o‘rganilib, bu bo‘yicha 14 ta munosabat bildirilgan. Mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning 12 ta talabnomasi kiritilgan”, deydi Fotima Madrahimova.

Bundan tashqari, hisobot davrida o‘tkazilgan monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 56 nafar xodimga “hayfsan” berilgan, 2 nafar xodim jarimaga tortilgan, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning birinchi yarmida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 50 nafar xodimga hayfsan berilgan, 2 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing