Har bir tug‘ilgan chaqaloqqa katta bo‘lgunigacha dollarda pul to‘lash rejalashtirilyapti
Olam
−
15 fevral 2023 27397 2 daqiqa
Qozog‘istonda bola tug‘ilishi bilan unga bank hisob raqami ochilib, u 18 kirgunicha hisob raqamiga davlat tabiiy resurslari daromadlaridan pul o‘tkazib turiladi. Bu Qozog‘iston Moliya vazirligining 2024 yildan boshlab mamlakatda ishga tushirish reja qilingan “Bolalar milliy jamg‘armasi” loyihasi tafsilotlarida nazarda tutilgan. Bu haqda mamlakat Moliya vaziri o‘rinbosari Dauren Temirbekov xabar berdi.
Loyihaga ko‘ra, har bir Qozog‘iston fuqarosiga tug‘ilganida avtomatik ravishda dollarda omonat hisobi ochiladi. Har yili 1 yanvar kuni ushbu hisob raqami davlat tabiiy resurslarni qazib olishdan olingan mablag‘lar hisobidan to‘ldiriladi.
Hisob-kitoblarda keltirilishicha, fuqaro voyaga yetgunga qadar uning hisob raqamidagi pullar 3,5 ming dollarga yetadi.
Hisobdagi pul mablag‘larini faqat voyaga yetganidan keyin ishlatish mumkin bo‘ladi. Shuningdek,ushbu mablag‘lar soliqdan ozod qilinadi. Hisobdan to‘lovlar faqat maqsadli ehtiyojlar, ta’lim yoki uy-joy sotib olish uchun amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, xorijiy ta’lim muassasasida o‘qish to‘lovini amalga oshirish uchun mablag‘lardan foydalanishni cheklamaslik ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida, jamg‘arilgan mablag‘dan faqat Qozog‘iston hududida uy-joy xarid qilish mumkin bo‘ladi.
Fuqaro voyaga yetganidan keyin mablag‘lar hisob raqamda 5-10 yil davomida saqlanadi. Agarda undan foydalanilmasa, pensiya hisobiga o‘tkazib yuboriladi. Shuningdek, mablag‘larni meros qilib qoldirish ham mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, agarda bola 18 yoshga to‘lguniga qadar boshqa davlatga ko‘chib ketsa va fuqaroligini o‘zgartisa, ushbu mablag‘lar to‘lanishidan mahrum bo‘ladi. Bu fuqaroligini saqlagan holda boshqa davlatlarga ko‘chib ketadiganlarga tegishli emas.
Live
Barchasi