Har bir mutasaddi vaziyatga ota-ona ko‘zi bilan qarashi kerak – Alisher Shodmonov
Jamiyat
−
01 Sentabr 2020
4381Ayni kunlarda O‘zbekistondamaktablarda yangi o‘quv yilini boshlash masalasi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Maktablarda esa o‘quv yili boshlanguncha hal etilishi zarur bo‘lgan ishlar bor.
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov mavjud vaziyatda, eng avvalo, maktablarning zarur talablarga javob berishi o‘ta muhim ekanligini ta’kidlamoqda.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatda quyidagi omillarni hisobga olish va ularni o‘quv yili boshlangunga qadar bartaraf etish zarur:
• ta’lim muassasalarining ba’zilari ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganligi;
• maktab oshxonalari hamda hojatxonalarining sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob bermasligi;
• maktab xamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xizmat qiladigan xodimlarning va ota-onalarning xizmatdan tashqari vaqtlarida turli jamoat joylari (bozor, magazin, avtobus, qarindoshlar, qo‘shnilar)da bo‘lishlari;
• ushbu yoshdagi bolalarni kun davomida maktab hududida ijtimoiy masofani saqlay olishini ta’minlash;
• bolalarda koronavirus ko‘p holatlarda yengil yoki klinik belgilarsiz (simptomlarsiz) kechsa ham, ular ushbu virusning asosiy tarqatuvchilaridan biri bo‘lishlari va ular o‘z oilalaridagi kattalarga, ayniqsa, xavf ostidagi guruhlardagi qarindoshlariga yuqtirishi va axoli o‘rtasida kasallikni kupayishiga olib kelishi mumkinligini e’tiborga olish kerak.
“Koronavirus bolalarda yengil o‘tishi bu ehtiyotkorlikni unutish degani emas. Chunki bir qator mamlakatlardagi holat buning aksini ko‘rsatmoqda. Har birimizning farzandlarimiz, nabiralarimiz bor. Bolalar sog‘lig‘i haqida gap ketganda, ularning o‘rniga o‘z bolamizni qo‘yib ko‘raylik. Shuning uchun maktablarga biriktirilgan 10 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlaridan, pedagoglardan, mahalliy hokimiyat vakillaridan vaziyatga ota yoki ona ko‘zi bilan qarashlarini so‘rardim”, deb ta’kidladi Alisher Shodmonov.
Vazirlik yangi o‘quv yili oldidan barcha ota-onalar va pedagoglar bu jarayonga mas’uliyat bilan yondashishlarini so‘ragan.
Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekistonda “COVID-19”ga chalingan jami 41 994 nafar bemordan qariyb to‘rt ming nafariga yaqinini bolalar tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichning aksariyat qismi mamlakatda karantin e’lon qilingan hamda xalq ta’limi muassasalari faoliyat yuritmagan davrga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2020-2021 o‘quv yili 14 sentyabrdan boshlanadi. Ta’lim ikki xil: an’anaviy va masofaviy shaklda olib boriladi. Ota-onalar farzandini maktabga yuborish yoki yubormaslikni o‘zi hal qiladi.
LiveBarchasi