Hamon yo‘qolmagan “samotsenzura” yoxud o‘zbekistonliklar “Tolibon” haqida fikr bildirishga qo‘rqadimi?

Jamiyat

image

So‘z erkinligi deb atalmish tushunchaning o‘zbek jamiyatida keng yoyilganiga 5 yildan oshdi. Bu vaqt davomida ko‘plab internet-nashrlar paydo bo‘ldi, borlari esa yanada rivojlandi. Erkin, mustaqil degan tushunchalar nisbiy bo‘lsa-da, OAV, jurnalistlar va blogerlar bilan yonma-yon uchraydigan so‘zlarga aylandi. Senzuraning ta’siri kamayishi bilan jurnalistlarda “samotsenzura”, ya’ni o‘z-o‘zini nazorat qilish, cheklash, tiyish darajasi ham biroz pasaydi. 

Ikkinchi tomon – oddiy aholi vakillariga kelsak, ular orasida “jim, siyosatga aralashma” tusidagi yondashuv hamon uchrab turadi. Keskin mavzular borasida fikr bildirishga nisbatan qo‘rquv saqlanib qolayotgandek. Bunga ba’zi holatlarda yetarli darajada axborotga ega bo‘lmaganlik ham sabab bo‘lmoqda. Jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar muhokamasida ishtirok etmaslik, odamlarda ma’lum bir qarash yoki mustaqil fikr mavjud emasligini anglatmaydi. Ko‘pchilik biron mavzuda keskin va tanqidiy fikr bildirishi, biroq buni kamera qarshisida yoki diktofon oldida aytishga o‘zida jasorat topa olmasligi mumkin. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “Tolibon” haqidagi xabar va videolavhalar tagiga minglab odamlar turli xil izohlarni yozib qoldiradi. Biroq, aynan shu mavzuda kamera qarshisida yoki qo‘ng‘iroq qilib so‘ralganda, ko‘pchilik “fikr bildirishga qiynalaman”, deya “komfort zona”sida qolishni ma’qul ko‘radi.

“Central Asia Baromoter” mustaqil notijorat instituti tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalari ham yuqoridagi fikrlarga asos bo‘la oladi. Ushbu notijorat tashkilot o‘zbekistonliklarga aloqaga chiqib, so‘rovnoma o‘tkazgan

Masalan, so‘rovnomada ko‘rsatilgan “O‘zbekiston “Tolibon”ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olishi kerakmi yoki yo‘q?”, degan savolga 47 foiz respondent javob berishdan bosh tortgan. Vaholanki, “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganidan xabaringiz bormi?” degan savolga ushbu so‘rovnoma ishtirokchilarining 60 foizi ma’lumotga ega ekanini ta’kidlagan. Qayd etish kerakki, ishtirokchilarning 28 foizi ushbu savolga “yo‘q, tan olmasligi kerak”, 14 foizi “tan olishi kerak”, degan javob qaytargan.

800 kishidan ortiq respondentning fikrlari qo‘ng‘iroq qilish orqali o‘rganilgan ushbu ijtimoiy so‘rovnomada keyingi savol quyidagicha edi:

“Sizningcha, Afg‘onistondan O‘zbekistonga keladigan qochqinlar oqimi qanday bo‘ladi?”

Ushbu savolga ham 40 foiz respondent javob berishdan bosh tortgan. “Toliblarning hokimiyatga kelishi mintaqada keskinlikni oshiradimi?”, degan savolga ham 40 foiz o‘zbekistonlik javob berishni rad etgan. Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy tarmoqlardagi turli munozalarda yashirin va yopiq akkuantlar ortida erkin fikr bildirgan, istalgan jarayon yuzasidan tanqidiy qarashlarini ifodalaganlar shaxsiy uyali telefoniga qo‘ng‘iroq qilib so‘ralganda, javob bermaslikni afzal ko‘rgan.

Biroq, xuddi shunday tendensiya qozog‘istonliklar orasida ham kuzatilgan. Yuqoridagi savollarga qo‘shni respublika vakillarining katta qismi javob berishni istamagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

336

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing