Hammasi quruq va’dami? Ukraina ortidan Rossiyaga qanday cheklovlar tahdid solmoqda?

Olam

image

Ukraina chegarasida keskin xatti-harakatlar olib borayotgan Rossiyani G‘arb jiddiy iqtisodiy sanksiyalar bilan qo‘rqitib kelmoqda. Ukraina xavfsizligi uchun birlashgan G‘arb va AQSH Moskva Ukrainaga hujum qilgan taqdirda sanksiyalar kuchga kirishi haqida bildirgan.

Hozircha G‘arb vakillari cheklovlar to‘plami qanday formatda bo‘lishi haqida ochiq gapirishmayapti. Ammo, xalqaro OAV G‘arb va AQSH bergan bayonotlarga tayanib, ehtimoliy sanksiyalar ro‘yxatini e’lon qilgan.

Moliyaviy cheklov

Joriy qilinadigan moliyaviy cheklovlarning asosiysi Rossiyani xalqaro moliyaviy axborot xizmati SWIFT’dan chetlatish bo‘lishi aytilmoqda. Ushbu tizimdan dunyo bo‘ylab 200 dan ortiq moliya isntitutlari foydalanadi.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson mamlakat parlamentida qilgan nutqi davomida bunday yo‘l tutish Rossiyani tiyib turishda “kuchli qurol” bo‘lishi haqida bildirgan. Unga ko‘ra, buning ortidan Rossiya banklari uchun xalqaro bozorda faoliyat yuritish qat’iy cheklanadi.

Ushbu sanksiya 2012 yilda Eronga qarshi qo‘llanilgan. Buning ortidan, mamlakat neftdan oladigan daromad sezilarli darajada kamayib, tashqi savdo aylanmasida katta yo‘qotish bo‘lgan.

Ammo ushbu sanksiyaning Kremlga qarshi qo‘llanishi Rossiya moliya institutlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan AQSH va Germaniya uchun ham qimmatga tushishi mumkin. 

Valyuta cheklovi

AQSH Rossiyaga xalqaro tranzaksiyalar bilan bog‘liq cheklovlar joriy qilishi mumkin. Bunga AQSH dollari bilan bog‘liq cheklovlar ham kiradi.  

Aniqroq aytganda, Rossiya moliya institutlari bilan dollarda ish yuritgan har qanday G‘arb korxonalariga chora ko‘riladi. Bu esa o‘z navbatida, xalqaro bozorda olti-sotdilarni amalga oshirishda Rossiyaning oxiri berk ko‘chaga kirib qolishini anglatadi. 

O‘zining tabiiy boyliklari sanalmish neft va gazni xalqaro bozorda dollarda sotadigan Rossiya iqtisodi bunday cheklov oqibatida jiddiy zarar ko‘radi.

Suveren qarz bo‘yicha cheklovlar

Xalqaro bozorda dominant G‘arb kuchlari, Rossiyani xalqaro qarz bozoriga kirish imkoniyatidan mahrum qilishlari mumkin.

Hozirda G‘arb moliya isntitutlari uchun Rossiya bondlarini sotib olish uchun joriy qilingan cheklovlar yanada kuchaytirilishi kutilmoqda. 

Buning ortidan, mamlakatning qarz olish imkoniyatlari pasayib, rublning qadrsizlanishi boshlanadi.

Bunday jiddiy oqibatlarga yetaklovchi cheklovlarga Rossiya o‘zining xalqaro investorlar tomonidan berilgan tashqi qarzlarini kamaytirish yo‘li bilan tayyorlanmoqda.

Banklarni bloklash

Cheklovlar ortidan Rossiyaning bir qancha banklarida xalqaro mablag‘lar aylanmasiga taqiqlar joriy qilinadi. Bu Rossiyada o‘z mulkiga ega bo‘lgan investorlar uchun jiddiy muammolar tug‘dirib, mamlakatda inflyatsiya darajasining oshib ketishiga olib keladi.

Eksport nazoratining joriy qilinishi

G‘arb Rossiyaga eksport qiluvchi mahsulotlarni nazoratga olib, ularning sonini keskin kamaytiradi. 

Misol uchun, AQSH o‘zining texnologiya, dasturlash va IT mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalariga Rossiya bozoriga kirish uchun cheklov joriy qiladi.

Energiya cheklovi

Rossiya bozori chetga sotiladigan gaz va neft savdosidan katta daromad oladi.

G‘arb o‘zining energiya ishlab chiqaruvchi tashkilotlariga Rossiyaning “Gazprom” va “Rosneft” kompaniyalaridan gaz va neft sotib olishni taqiqlab qo‘yishi mumkin.

Boltiq dengizi orqali Rossiya va Germaniya bo‘ylab yotqizilayotgan “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri loyihasi ham cheklovlarga duchor bo‘ladi. 

Induvidual nishonlar

AQSH va G‘arb endigi sanksiyalarini Rossiya rahbari atrofidagi shaxslarga emas balki, shaxsan Vladimir Putinning o‘ziga qaratmoqchi.

Bunday xatti-harakatlar Rossiya Ukrainaga hujum uyushtirgan taqdirda joriy qilinishi ko‘zda tutilgan.

Putinning mol-mulklari muzlatilishi va uning tashrifi uchun joriy qilanadigan taqiqlar ana shunday individual sanksiyalar qatoriga kirishi mumkinligi aytilmoqda.

 

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

415

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing