Xalq tajriba quyonchasimi yoxud o‘ylamay chiqarilgan qarorlar jabrini qachongacha chekamiz?

Tahlil

image

Xabaringiz bor, keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xonadonlarga o‘rnatilayotgan yangi elektr hisoblagichlar iste’molchilarda noroziliklarni keltirib chiqarayotgani, o‘rnatilayotgan yangi hisoblagichlar avvalgilariga qaraganda 2,5 baravar ko‘p elektr energiyasini sarflayotgani muhokama qilinmoqda.

Albatta, har qanday muhokamaning tag-zamirida haqiqat yotishining yetarli asoslari bor. Xalq bilmasdan yozmaydi, shikoyat qilmaydi. 

Afsuski, ayrim mutasaddi tashkilotlarimizning yangi qoidalar va boshqalar borasida “qovun tushirishlari” keyingi yillarda oddiy holga aylandi. 

Kuzatuv kameralari va yo‘l chiziqlari

Esingizda bo‘lsa, poytaxtning markaziy ko‘chalariga bundan 2-3 yil oldin avtotransportlarning harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan edi. Biroq bu kamera deganlarining ishlashi ham boshida ko‘ngildagidek kechmadi. Sababi qoidani buzgan ham, buzmagan ham kameralarning “sharofati” bilan jarima to‘lashga majbur bo‘ldi. Ko‘rinar-ko‘rinmas yo‘l chiziqlarini-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Bu ko‘z ilg‘amas chiziqlarni asl holiga keltirmay turib, kamera o‘rnatdik. Haydovchilarning ko‘pchiligi aziyat chekdi. Endi yangi bir qoida ekanda deb, indamay qo‘yaqoldik. “Ish bor joyda, kamchilik bor” degan naqlga o‘xshash bir narsa jonlariga oro kirdi.

Lekin xalqaro standartlar, zamonaviy bir narsalarni o‘zlashtirish, davom etyapti. Nima bo‘lsa, bo‘lsin, xalqqa jabrmi-yo‘qmi, davlat g‘aznasiga pulni kirgizish kerak. Buyog‘i meni qiziqtirmaydi deyishadi. Yangidan-yangi jarimalarni o‘ylab topayotganlarning daromadini bilmadimu biroq, oddiy xalqning olayotgan maoshi yaxshi yashashga yetmaydi. Bu yangi metodlarni qo‘llash uchun har bir oila kamida Birlashgan Arab Amirliklarida yashayotgan odamlardek, oylik maosh olish kerak.

Uzoqqa bormagan qoida

Bundan 3 oy burun joriy etilgan yana bir “kashfiyot” tatbiq etildiyu ko‘pga bormadi. Emishki, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida avtomobillarning old chiroqlarini kunduz kunlariyam yoqib yurish shart. Bu sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avtohalokatlarni falon foizga kamaytirarmish. Yevropa va boshqa davlatlarda ushbu amaliyot allaqachon o‘zini oqlaganmish. Bu balki haqiqatdir, Biroq bizda tumanli ob-havo sharoiti har doim ham kuzatilmaydi. Yilda nari borsa 4-5 kunga boradi. Bir yilda esa 365 kun demakdir. O‘zbekiston sharoitida bahor va yozning nisbatan issiq bo‘lishi, ayniqsa, yozgi jaziramada mashina faralarini yoqib yurishning oqibatini shu yozning boshida guvohi bo‘ldik. Faralarni yoqib yurish qoidasi joriy etilgach, odamlarning tirikchiligiga yarab kelgan aksar mashinalar yonib ketdi. Farasini yoqib yurmaganlarning ko‘pchiligi jarimaga tortildi. Albatta bu yuk sizu biz bir bo‘lagi bo‘lgan o‘sha xalqning qora qozoniga, ro‘zg‘origa tushdi.

Ijtimoiy tarmoqlar bu safar ham yordamga keldi. Ko‘p o‘tmay qoidani ma’lum muddatga bekor qilishga erishdik. 

“Ma’nan” eskirgan hisoblagichlar va ikki o‘rtadagi “sulh”

Yana bir jihatga e’tibor qaratamiz. Esingizda bo‘lsa, sobiq Ittifoq davrida har bir tashkilotda, xonadonda elektr energiyasini hisoblagichlar (schyotchik) bo‘lardi. Bu hisoblagichlar uzoq yillar odamlarga xizmat qildi. Har jabhada bo‘lgan o‘zgarishlar hisoblagichlarga ham yetib kelganiga ancha bo‘ldi. Chunki, Ittifoq davridagi hisoblagichlar “ma’nan” eskirib ketdi. Qolaversa, bu elektr deganlariyam “defitsit”ga aylanib qoldi.

Hisoblagichlarning yildan-yilga turi ko‘payib ketdi. Birinchisini olgan xaridor 2-3 yil o‘tmasdan standart va boshqa bahonalar sabab, ikkinchisini, uchinchisini, plastik bilan ishlaydiganini va hokazolarni sotib olishga o‘tdi. 

Xitoyniki, Rossiyaniki, O‘zbekistonniki deb, odamlarga schyotchiklarni o‘tkazish va bu orqali davlatning yuqori lavozimida o‘tirgan qaysidir amaldor bilan “sulh” tuzgan olib-sotarning cho‘ntagini qappaytirish “siyosati” gaz va suv hisoblagichlar bilan ham kuzatildi va jarayon davom etmoqda.

Xo‘sh, nima uchun birinchi yoki ikkinchi hisoblagichni majburan qo‘ydik, bunisi endi ortiqcha deyishingizga gap topib berishdi. “Oka, bu anaqa, yangi standart bo‘yicha chiqarilgande, avvalgisida unisi, bunisi....” Majburlab baribir o‘tkazishdi. Kamiga “Gostandart” degan tashkilot ro‘kach qilindi. Uyingizga foydalanilgan energiyaning pulini olgani kelgan nazoratchilar schyotchikni alishtirmasangiz, falon so‘m shtraf deb ko‘zini “lo‘q” qilishdan toymaydi. 

O‘tgan yili bir necha yillik tanaffusdan keyin avtomobillarning oynasini qoraytirishga ruxsat tegdi. Faqat sharti 20 million so‘m to‘lab qo‘yasiz va “tonirovka” bo‘yicha masalangiz hal-da. Jamiyatdagi mavqeingiz, ijtimoiy kelib chiqishingiz, boring ana ota-onangizning kimligi va qaysi mahalladanligingizni aynan shu avtomobilingizning orqa oynasi aytib turgandek. 

“Tonirovka” va monopoliya

Ulovi borlarning ma’lum bir qismi 20 million so‘mni talashib-tortishmasdan sanab berishdi. Aslida tortishishning iloji ham yo‘q. O‘zbekistonning yildan-yilga ko‘tarilib borayotgan jaziramasida tonirovkasiz mashinada yurish qiyin bo‘lib qoldi. Lekin bu yil o‘tgan yil trendga chiqqan “tonirovka” masalasi yana ko‘tarildi va bu safar 2 million so‘m to‘lash evaziga ruxsat berishdi. 

Shu yerga kelganda, har qanday odamga ham og‘ir botadigani birgina o‘zgartirish bilan “tonirovka” uchun narxni 90 foizga arzonlashtirishdi. Buni 2018 yildagi qarordayoq belgilashganda edi, odamlarning noroziligi ham, yana bir qaror chiqarishga zarurat ham bo‘lmasdi.

O‘zgartirish kiritildi. Shu yilning 1 yanvar kunidan ushbu qaror qabul qilingan kungacha avtomobil oynalarining tusini o‘zgartirishga ruxsat olganlarga nisbatan qanday yo‘l tutiladi? Vazirlar Mahkamasining Qarori 1 yanvardan mazkur qaror qabul qilingan kungacha olingan ruxsatlar muddati yangi to‘lov stavkalariga muvofiq uzaytiriladi. Masalan, fuqaro yanvar oyida ruxsat uchun 18 million 245 ming 700 so‘m to‘lagan bo‘lsa, bugunga kelib, 7 million 602 ming 375 so‘m qolgan bo‘ladi. Fevral oyida to‘lov o‘tkazganlarda esa 9 million 122 ming 850 so‘m va 49 oy muddat qolgan bo‘ladi.

O‘zi umuman olganda, bu yo‘l harakati va boshqa bir qator omillarni hisobga olib, taqiqlangan “tonirovka”ni yillar o‘tib, joriy etish va eng asosiysi uni pullik qilish shu xalqni o‘ylab qilinganmikan? 


Modomiki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasiga ko‘ra, Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekan, Har qanday davlat tashkiloti avvalo, bajarayotgan har biri vazifasining mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, O‘zbekiston xalqining manfaatlarini hisobga olishi shart. Yodingizda bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan  avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va malakasini oshirish huquqini “Avtotest Report” MCHJga taqdim qilgan edi. Ya’ni bu bilan davlatning Ijro etuvchi hokimiyati monopoliyaga ochiq-oydin yo‘l ochib bergandi. Tag‘in ijtimoiy tarmoqlar yordamga keldi va “Avtotest Report” MCHJning monopoliyasi “o‘z xoxishiga” binoan bekor qilindi.

Umuman olganda, monopoliyalaru turli standart va qoidalarni joriy etayotganlarga O‘zbekistondagi sharoitni Dubayu Venesuela bilan tenglashtirishni xush ko‘radigan Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda aholining o‘rtacha yashash sharoiti va oylik maoshlarining haqoniy hisob-kitoblarini taqdim qilsa, monopolchilar va “standartchi”lardan bezigan xalq bir oz tin  olarmidi?

Har to‘kisda bir ayb

Prezident 2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Senati a’zolariga qilgan murojaatida yo‘l-patrul xizmati xodimlari to‘liq bodi-kameralar bilan ta’minlanishi, bunga mamlakatda to‘laligicha imkoniyat borligini aytgandi. Oradan vaqt o‘tdi, Hukumat qaror chiqardi. Ammo 2019 yilning avgustida yuribmiz hamki, bodi-kameraga ega biron-bir YPX xodimini ko‘rganimiz yo‘q. Bunga asoslari bor: Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi tashabbusi bilan 1 iyuldan kuchga kirishi kerak bo‘lgan qarorni yana o‘zgartirildi. Ya’nikim, aytish va qaytishda ustasi faranglar yana qaror chiqardi. O‘rtada xalq sarson. Endi 2020 yil 1 yanvardan YPX xodimlarida bodi-kamera bo‘lishi kerak. Agar bu ham cho‘zilib ketmasa. Shundagina yo‘llarda turli bahonalar bilan haydovchilarga istalgan “statya” yoki jarimani qo‘llaydigan YPX xodimlari soni keskin kamayishi kutilmoqda. 

Prezident “Qonunlarning yagona manbai va muallifi xalq bo‘lishi lozim,” degan edi. Ammo Vazirlar Mahkamasi tomonidan chiqaralayotgan qarorlarda xalqning ishtiroki sezilmayapti. Qarorlar kishi ko‘ziga Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtiriladiyu biroq hali qarorlar ularga kelib tushayotgan fikr va takliflar, mulohaza va e’tirozlar asosida o‘zgargani, qabul qilinmaganini ko‘rmadik. 

Hurmatli mutasaddilar, xalqaro tajribani o‘zlashtirishdan oldin xalqning fikrini ham o‘rganing, Yevropada hamma narsa mukammal emas, qolaversa, “har to‘kisda bir ayb” deganlaridek, o‘zimiznikini inkor qilib, o‘zgalardan andoza olishni kamaytiraylik. Uzoq yillardan beri ana yaxshi bo‘ladi, mana yaxshi bo‘ladi deya kutishdan charchagan xalq tajribalar va standartlar tufayli yana jabr ko‘rmasin.

Akbarjon Abduraimov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

490

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing