Hakamlik sudi sudyasi pora bilan ushlangani rad etildi
Jamiyat
−
06 aprel 2022 7558 1 daqiqa
Avvalroq, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahrida ishni javobgarning foydasiga hal qilib bermoqchi bo‘lgan hakamlik sudi sudyasi ushlangani haqida ma’lum qilgandi. Ushbu xabarni O‘zbekiston hakamlik sudlari assotsiatsiyasi rad etdi.
Xabarda O‘zbekiston halqaro arbitraj va hakamlik sudlarini rivojlantirish jamoat fondi huzuridagi Toshkent shahar Hakamlik sudi sudyasi M.K. da’vogar F.T. va javobgar M.X.ning ishi bo‘yicha ishni M.X.ning foydasiga hal qilib berish hamda ushbu qarorning kelgusida bekor bo‘lmasligini o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berishni va’da qilgani aytilgan.
Unga ko‘ra, xizmati evaziga sudya javobgar M.X.dan firibgarlik yo‘li bilan 4 000 AQSH dollari talab qilib, shundan 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
O‘zbekiston hakamlik sudlari assotsiatsiyasi esa jinoyat ustida ushlangani aytilgan Toshkent shahar Hakamlik sudi sudyasining shaxsiga aniqlik kiritilganda, u “H.A.” MCHJ huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi xalqaro arbitraj sudi sudyasi ekanligi aniqlanganini ma’lum qildi.
Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Live
Barchasi