Haftaning birinchi yarmida juda issiq ob-havo kuzatiladi
Jamiyat
−
17 may 2021
5679Gidrometeorologiya xizmati markazi haftaning boshida O‘zbekistonda kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston hududi Eron hududidan keladigan yozgi harorat qiymatlariga xos bo‘lgan juda issiq havo ta’sirida bo‘ladi. Ko‘pchilik viloyatlarda quruq, asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat respublikaning tog‘li hududlarida momaqaldiroq bilan mahalliy yomg‘irlar yog‘adi.
Kunduz kungi havo harorati 32-35° gacha, janubda va cho‘l hududlarida 38° gacha ko‘tariladi, bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 5-8° ko‘pdir, biroq bu qiymatlar ushbu kunlar uchun haroratning mutloq maksimumidan kam. Eng iliq yillarda ushbu muddatlarda kunduzgi havo harorati 38-40° gacha, janubda 40-42° gacha ko‘tarilgan.
Haftaning oxiriga kelib, harorat 27-30° gacha pasayadi, bunday holat Qozog‘iston hududlaridan salqin havo kirib kelishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
20-21 mayda Respublikaning ba’zi joylarida shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
O‘zgidromet 17-20 may kunlarida respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida mahalliy yomg‘irlar yog‘ishi hisobiga sel xavfi haqida ogohlantirgan.
LiveBarchasi