Jinoyatga to‘la O‘zbekiston. Hafta tahlili
Tahlil
−
16 noyabr
11324Inson shafqatsiz bo‘lishi uchun nima yeb katta bo‘lishi kerak? To‘xtang, savolni boshqacha beraman. Inson hayvondan farq qilmaydigan darajada vahshiy bo‘lishi uchun qanday muhitda tarbiya topishi kerak? Mendan so‘rasangiz, bu hayotda eng vahshiy hayvon, eng yomon jonzot – inson, ayrim insonlar. O‘zining tanasiga zirapcha kirsa dod soladiyu, boshqanikini tilka-tilka qilishdan tap tortmaydi. Va o‘z vaqtida mehr ko‘rmagan, kamsitilgan, chetlashtirilgan, ulg‘ayib buning alamini boshqalardan chiqaradi.
Uch yashar bolaning mudhish o‘limi yuzasidan sud majlisi boshlandi
Shu yil yozda O‘zbekistonda bola o‘ldirildi. Uch yashar bola. Pichoqlab o‘ldirildi. Pichoq uning ko‘ziga sanchildi. Buni hayvon qilmadi. Inson qildi, odam bolasi qildi. Agar uni bu qilmishidan keyin ham odam bolasi, deb atash mumkin bo‘lsa.
Menga qanchalik yoqimsiz bo‘lmasin, eslatib ketishga majburman. Shu yil yozda poytaxt Toshkentda 31 yoshli erkak o‘zi bilan birga qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayolning birinchi turmushidan tug‘ilgan 3 yashar o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirdi.
Joriy haftada esa jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida qotillikni sodir etgan shaxs ustidan sud majlisi boshlandi. Gumonlanuvchi Sohibjon Muqimov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j” bandlari, 25-modda orqali 97-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “g”, “j”, “r” bandlari, 219-moddasi 2-qismi, 251-1-moddasining 2- va 3-qismlari bilan ayblanmoqda.
Sudga oid hujjatda qayd etilishicha, sudlanuvchi muqaddam kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni olish, saqlash, tashish va o‘tkazish jinoyatlarini sodir etganligi uchun sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tab chiqqanligidan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib, davolanish, tuzalish yo‘liga kirmay, nosog‘lom hayot kechirishni davom ettirib, surunkali ravishda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi va giyohvand moddalarni jamlovchi vositalarni iste’mol qilib kelgan.
U joriy yilning 9 iyul kuni tungi soat 2:57 da kuchli mastlik va eyforiya holatiga kelish maqsadida tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi “pregabalin” moddasi mavjud bo‘lgan “Regapen 300 mg” nomli, tarkibida “tropikamid” moddasi mavjud bo‘lgan “Tropicamide 10 ml” nomli dori vositalari va tarkibida “4-metilmetkation” mavjud bo‘lgan “Mefedron” giyohvandlik moddasini kombinatsiya (aralashtirish) usulida iste’mol qilib, ularning ta’sirida o‘zi istaganidek juda kuchli qo‘shma mastlik va eyforiya darajasiga kelgan.
Shunda sudlanuvchi Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi xonadonlardan birida yashovchi shar’iy nikohidagi turmush o‘rtog‘ining 2021 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan go‘dak farzandi Salih uning erkalashlarini inkor qilib, aksincha, onasining bag‘riga intilib, uning yonida bo‘lishga harakat qilganidan rashk qilib, uni qasddan o‘ldirish maqsadida xonadonda saqlab kelgan o‘ziga tegishli “kapalak” yig‘ma pichog‘i bilan bolaning onasi xonadonning ayvon qismida ekanidan foydalanib, go‘dakning tanasini ustiga chiqib, uni qasddan o‘ldirish maqsadida vahshiyona va g‘ayriinsoniy usulda, qo‘lidagi “kapalak” yig‘ma pichog‘ining o‘tkir tig‘li sanchuvchi qismi bilan norasidani uning onasi ko‘z o‘ngida hayoti uchun muhim bo‘lgan a’zolari, ya’ni chap ko‘zi, chap qoshi, qovoq, lunj, chakka, burun va o‘ng peshona sohalariga bir necha marotaba sanchib, ko‘z kosasi tubini teshib o‘tib, bosh miya yarim sharini jarohatlagan holda o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan.
Sudlanuvchi qo‘lidagi pichoq bilan xotinining ortidan chopib chiqqanida, ayolning baqirig‘ini eshitib qo‘ni-qo‘shnilar to‘planayotganligini ko‘rgan va ayolni qasddan o‘ldirishga qaratilgan harakatlarini to‘xtatishga majbur bo‘lgan va hodisa joyidan qochib ketgan.
Sud jarayonida 3 yashar farzandini yo‘qotgan ona ham, marhum bolaning biologik otasi ham qotilga umrbod qamoq jazosi berilishini so‘radi.
Ushbu sud yig‘ini haqida QALAMPIR.UZ’da alohida dastur tayyorlangan. Uni YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. Mavzuga hozircha yakun yasarkanmiz, aytar bir gapimiz bor. Kimdan so‘ramang, hamma to bugungacha qotil yigitning psixotrop moddalar ta’sirida bo‘lganini aytmoqda. Balki bu javobgarlikdan qochish uchun eng boshidan o‘rtaga tashlangan iddaodir. Ammo bu haqiqatning o‘zgarishiga, jazoning yengillashishiga ta’sir o‘tkazmasligi kerak. Sud bu borada tegishli qarorni qabul qilib, adolatli hukm chiqaradi, degan umiddamiz. Boshqa tomondan esa ko‘z o‘ngimda kulib turgan tasviri bilan qolgan Salihning vafotida, ayanchli vafotida hammamiz aybdormiz. Bolaning ko‘ziga pichoq sanchgan o‘sha yigit qanchalik aybdor bo‘lsa, psixotrop moddalarning savdosi bilan shug‘ullangan, buni tirikchilik, ro‘zg‘or degan jingalak sabablari ortiga yashirishga uringan, odamlarning hayotiga zomin bo‘layotgan chayqovchilar, ana shunday dorilarni sotayotganlarni ko‘ra-bila turib ularni yashirayotgan, sukut saqlayotgan biz va bunday giyohvand moddalarning O‘zbekistonga kirib kelishiga yo‘l ochib berayotgan ayrim xodimlar, psixotrop moddalarning savdosiga u yoki bu yo‘l bilan sherik bo‘layotgan vakolatli shaxslar, hali hammasi oldinda. Sudning adolatini qo‘ying, eng oliy adolatdan qochib qutulolmaysiz.
Ramzan Qodirov Allamjonovga suiqasdda aloqasi yo‘qligini aytdi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd bilan bog‘liq xabarlar endigina tin olganda sukunatni Checheniston rahbari Ramzan Qodirov buzdi. Ma’lumki, bu voqealarning bir uchi Qodirov shaxsi bilan bog‘lanmoqda.
Xabaringiz bor, suiqasd deb nom olgan hujumdan bir kun o‘tib o‘zini Allamjonovga nisbatan hujumni amalga oshirganmiz deb tanishtirgan ikki yigitning videosi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Huquq-tartibot organlari, xususan, prokuratura bu videoga nisbatan munosabat bildirgani yo‘q. Suiqasd bo‘yicha 4 kishi qo‘lga olingani xabar qilindiyu, ular orasida videodagi yigitlar bor yoki yo‘qligi hamon jamoatchilikka noma’lumligicha qolmoqda.
Bu orada esa xalqaro ommaviy axborot vositalari o‘z manbalariga tayanib videodagi yigitlardan biri Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga aloqador bo‘lishi va 2021 yilda Turkiyadagi chechen muxolifati faollariga uyushtirilgan hujumga aloqador O‘zbekiston fuqarosi ekaniga oid farazni ilgari surdi. Qodirov esa o‘ziga nisbatan bu ayblovlarga shunday javob qaytardi:
“O‘zbekistonda bir necha hafta oldin mamlakat Prezidenti ma’muriyatining sobiq xodimi bo‘lgan mashinaga qarata o‘q uzilgan edi. Hech kim jabrlanmadi. Gumonlanuvchilardan biri allaqachon hibsga olingan, tergov barcha ishtirokchilarni va suiqasd sabablarini aniqlashi kerak. Biroq natijalarni kutmasdan, g‘arbparast va ba’zi muxolifat OAVlari “chechen izi” haqidagi versiyani chiqardi va keyin bu izni butunlay menga ulashdi. Men bu provokatsion narsalarga javob bermayman. Qolaversa, O‘zbekistonda muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli barcha sohalar, jumladan, axborot va huquq-tartibot tizimidagi ishlar a’lo darajada. Men shuni qo‘shimcha qilamanki, agar men haqiqatan ham biror narsani rejalashtirgan bo‘lsam, uni oxirigacha va 100% natija bilan qilaman. Qanday bo‘lmasin, men va O‘zbekistondagi aziz birodarlarim bu provokatsion ma’lumotlar chiqindisi ortida kim turganini aniq bilib olamiz. Bu borada ish allaqachon boshlab yuborilgan”, deydi Ramzan Qodirov.
Hozirgacha Ramzan Qodirovning bu bayonotiga nisbatan O‘zbekistondan hech qanday javob bo‘lgani yo‘q. Tashqi ishlar vazirligi ham, huquq-tartibot idoralari ham, Allamjonovning o‘zi ham sukut saqlashda davom etmoqda.
Bosh prokuratura tomonidan berilgan barcha bayonotlarda bugungacha Komil Allamjonov nomi tilga olinmadi. Voqeaga “Qibraydagi holat” deb shartli nom berib kelinmoqda.
Maktab o‘quvchisining o‘g‘irlab ketilishi va zo‘rlanishida prokuratura xodimi ham ayblanmoqda
Samarqand viloyatida 8-sinf o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi va zo‘rlandi. Ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinib, 8 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular orasida esa prokuratura xodimi ham bor.
Voqea joriy yilning oktyabr oyi boshida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, uning isi shu haftaga kelib chiqdi. Bosh prokuratura voizi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, 6 oktyabr kuni voyaga yetmagan qiz prokuraturaga ariza bilan murojaat qilib, 2 oktyabr kuni bir necha shaxs tomonidan zo‘rlanganini ma’lum qilgan va ularga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Biroq to bu voqea haqida “Sukut saqlama” loyihasi bong urmagunigacha voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha mas’ul bo‘lgan prokuratura voqea haqida jamoatchilikka miq etmay keldi.
Ariza yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu holatga Qo‘shrabot tumani prokuraturasining ish yurituvchisi ham aloqadorligi aniqlanib, joriy yil 30 oktyabr kuni viloyat prokurorining tegishli buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan bo‘shatilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda tayinlangan sudga oid tibbiyot va biologik ekspertizalar natijalariga ko‘ra, joriy yil 31 oktyabr kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergovga taalluqliligi bo‘yicha ichki ishlar organiga yuborilgan.
Olib borilgan tergov hamda tezkor tadbirlar davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, tergovga jalb qilingan va 8 nafar shaxs, shu jumladan, Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi protsessual tartibda ushlangan, 1 nafar gumonlanuvchini ushlash choralari ko‘rilmoqda. Hozirda jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.
Samarqanddagi voqea katta shov-shuvlarga sabab bo‘lganidan bir kun o‘tib, 14 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.
Bildirilishicha, qonun 5 bob va 51 moddadan iborat bo‘lib, u bilan bolaga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi va jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlikdan tashqari uning yangi shakllari – g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilari ham e’tirof etilmoqda.
Shuningdek, davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘rishi, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilishi va ularning huquqlarini tiklashi hamda ularni ijtimoiy moslashtirish uchun zarur bo‘lgan samarali choralar ko‘rishi qonunan belgilanmoqda.
Qonun bilan zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungacha bu tartib ayollarga nisbatan qo‘llanilar edi.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach, kuchga kiradi.
Qaniydi, Bolalar ombudsmani va qonunning ijrosiga mas’ul tashkilotlar mamlakatda kun sayin urchib borayotgan bolalar tilanchiligi bilan bog‘liq holatlarga ham yechim topa olsa edi.
Erining haqoratlari va qiynoqlariga dosh berolmagan ayol o‘z joniga qasd qildi
Mudhish voqelikka oid navbatdagi xabarimiz ham Samarqanddan. Samarqandda erining haqoratlari va qiynoqlariga dosh berolmagan ayol o‘z joniga qasd qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 1988 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi 77-maktab direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab, besh nafar farzandini boqmagan, doimiy ravishda ichkilikbozlik qilib, xotinini haqorat qilgan va uni farzandlari oldida qiynoqqa solgan.
Joriy yilning 11 iyul kuni erkak uyga mast holda kelib, avval xotinini haqorat qilib, keyin uni kaltaklagan. Ayol erining bunday shafqatsiz munosabati, ruhiy bosimlari, shuningdek, xiyonatlarga dosh berolmasdan kaltaklanganidan bir muddat o‘tgach, o‘z joniga qasd qilgan.
Ayolning jasadini uning qizlari topib olgan. Ular uyqudagi otasini uyg‘otib, onasining vafot etganini aytgan. Shundan so‘ng er ko‘chaga chiqib, og‘ilxonaga kirgan va marhumani arqondan yechib olib, sun’iy nafas berishga urinib ko‘rgan. Bu yordam bermaganidan keyin qo‘shnidan yordam so‘rab, uni shifoxonaga olib borish uchun mashina chaqirgan.
Shifoxonada shifokorlar ayolning vafot etganini tasdiqlagan va bu haqda IIBga xabar bergan.
Marhumaning otasining so‘zlariga ko‘ra, uning qizi turmush o‘rtog‘i bilan 2013 yilda turmush qurgan. Shu vaqt mobaynida ularning besh nafar farzandi dunyoga kelgan, oilada hammasi yaxshi bo‘lgan. Ammo oxirgi uch yil ichida aybdor uning qiziga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan. U doimiy ravishda uni kaltaklagan, qiynoqqa solgan va uni hamda farzandlarini moddiy jihatdan ta’minlashdan to‘xtagan. Marhuma bir necha bor ajrashishni xohlagan, hatto bir muddat farzandlari bilan ota uyida yashagan. Ammo qo‘shnilar va mahalla uni ajrashmaslikka ko‘ndirib, eri uni endi qiynamasligini va’da qilgan. Keyin ayol erining uyiga qaytgan. Qani endi o‘sha mahalla-ko‘y. Ajrim bo‘lmasin, statistika oshib ketmasin, ayolning er uyidan o‘ligi chiqsa, chiqsin, tirigi chiqmasin deydiganlar, qayerdasiz? Vijdoningiz rohatmi endi? Tunlari yaxshi uxlayapsizmi? Uchastka noziri-chi? U qayerda? Tinchmi? Chunki galdagi gapim unga tegishli.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, marhumaning tanasida ko‘plab og‘ir jarohatlar aniqlangan, jumladan, bo‘yin qismi, ikki qovurg‘a singan, bosh, ko‘z, yelka, qo‘l va bel qismida jarohatlar bo‘lgan. Bu jarohatlar ayolning o‘limiga olib kelgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Sud jarayonida aybdor o‘z aybini to‘liq tan olgan. Joriy yilning 29 oktyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi erkakni Jinoyat kodeksining 103-moddasi (Moddiy yoki boshqa qaramlikda bo‘lgan shaxsni o‘z joniga qasd qilishga olib borish) 2-qismi “a” bandi va 126-1-moddaning 5-qismi “v” bandi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik oqibatida qasddan og‘ir jarohat yetkazish) bilan aybdor deb topdi va uni 8 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
Va eng yomoni bilasizmi nima? Boya aytganimizdek, bu voqealarni mahalla-ko‘y yashirib, oyni etak bilan berkitishga uringani yetmagandek, huquq-tartibot organlari, prokuratura ham o‘lim holati bo‘yicha xabar bermadi. Aksincha, bu voqeani ham kun tartibiga “Sukut saqlama” loyihasi olib chiqdi.
Yangiyo‘ldagi oilaning qotiliga nisbatan sud ishi boshlandi
Eslaysizmi, shu yilning iyul oyi oxirlarida Yangiyo‘lda bir oilaning besh a’zosi o‘ldirilib, uyi yoqib yuborilgandi. Tugayotgan haftada ushbu vahshiyona jinoyat ustidan ham sud ishi boshlandi.
O‘shanda uydan 1991 yilda tug‘ilgan erkak, 1999 yilda tug‘ilgan ayol, 2021 va 2022 yilda tug‘ilgan bolalar, 2018 yilda tug‘ilgan qizning murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgan. Ma’lum qilinishicha, vafot etganlar er-xotin va ularning 2 nafar farzandi, 1 nafar qiz jiyani bo‘lgan.
29 yoshdagi gumonlanuvchi shaxs marhumning qarindoshi hisoblanib, u ushbu jinoyatni avvaldan mavjud bo‘lgan qarz sabab sodir etgan.
Yigit Jinoyat kodeksining 97- (qasddan odam o‘ldirish), 118- (nomusga tegish), 134- (qabrni tahqirlash), 164- (bosqinchilik) va 173- (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Jinoyatda nomusga tegish harakatlari ham mavjud bo‘lgani uchun u Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Rog‘un gidroelektr stansiyasida yuz bergan falokat oqibatida uch kishi halok bo‘ldi
Bir vaqtlar qurilishiga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqqan Tojikistonning Rog‘un gidroelektr stansiyasida yuz bergan favqulodda hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, bir kishi jarohatlandi.
Voqea joriy yilning 12 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning barchasi Rog‘un GESda ishlagan “Xokrud” kompaniyasi xodimlaridir.
Voqea sodir bo‘lganidan so‘ng darhol uni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilgan. Ayni paytda avariya bilan bog‘liq barcha holatlar o‘rganilmoqda.
Rog‘un GESi qurilishi nafaqat respublikaning o‘zida, balki butun mintaqadagi eng yirik loyihadir. GES Dushanbedan 110 km uzoqlikda Vaxsh daryosida joylashgan. Uni qurish 1976 yilda boshlangan, ammo SSSR parchalanganidan so‘ng qurilish to‘xtatib qo‘yilgandi.
Keyinchalik Tojikiston o‘z mablag‘lari hisobidan va xalqaro jamg‘armalar hamda tashkilotlarning mablag‘larini jalb qilgan holda, loyihada ko‘zda tutilgan 600 MVt quvvatga ega GESlarni qurish bo‘yicha ishlarni davom ettirdi.
6 ta agregatdan hozircha ikkitasi ishga tushirildi. Uchinchisi 2025 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 335 metr balandlikdagi gidroelektr to‘g‘oni dunyodagi eng baland to‘g‘on bo‘ladi.
Biroq uni qurish ishlarida juda ko‘plab baxtsiz hodisalar sodir bo‘lgan va oqibatda GES qurilishi ishchilarning o‘limiga olib kelgan. 2020 yilda Rog‘un GESi qurilishida 15 ta avariya qayd etilgan, buning oqibatida 3 ishchi halok bo‘lgan, 15 kishi turli tan jarohatlari olgan. Umuman olganda, 2020 yilda Tojikistonning Sanoat va tog‘-kon sanoatida mehnat xavfsizligi ustidan davlat nazorati xizmati boshchiligidagi korxona va ob’ektlarda 31 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan bo‘lib, oqibatda 8 kishi halok bo‘lgan, 33 kishi tan jarohati olgan.
2019 yilda 33 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan, oqibatda 20 kishi halok bo‘lgan va yana 25 kishi jarohat olgan.
Gap kelganda aytib olay, Markaziy Osiyoda Rog‘un GESisiz ham allaqachon suv tanqisligi boshlangan. Bir tomondan erib ketayotgan muzliklar, ikkinchi tomondan qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishi, Afg‘onistonning “Qo‘shtepa” kanali qurilishi suv bo‘yicha xavflarni yanada yuqorilatdi. Bu masalaga birozdan keyin bafurja to‘xtalamiz.
Poraxo‘rlikka qarshi kurashuvchi xodim pora bilan qo‘lga tushdi
Onangni qozi so‘ksa, dardingni kimga aytasan? O‘zbekda bunday kosa ichida nim kosalik gaplar talaygina. Xalq bilib aytgan, ko‘p aytgan, xo‘p aytgan. Qani endi amal qilinsa. O‘tgan hafta Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari 1 million AQSH dollari miqdorida pora bilan qo‘lga tushgani haqidagi xabarni hazm qilib ulgurmasimizdan bu hafta yana bir sharmandali holat aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining poraxo‘rlik bo‘yicha qopqoniga bu safar Farg‘ona viloyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘limi boshlig‘i tushdi.
Qayd etilishicha, “Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘limi boshlig‘i viloyatdagi tumanlardan birining elektr tarmoqlari korxonasi bosh muhandisini 2024 yil 9 oylik faoliyati davomida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun kelgusida ishdan bo‘shatmaslik evaziga undan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu noqonuniy ishga AJning xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i ham aloqador ekani aniqlangan.
Hozirda mazkur ikki shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28-moddasi orqali 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bu O‘zbekistonda pora bilan bog‘liq sodir bo‘lgan yagona holat emas. To‘g‘rirog‘i, sodir bo‘layotganlar minglab, aniqlangani yagona emas.
Sirdaryo viloyatida 400 AQSH dollari evaziga tekshiruv materiallarini yo‘l-transport hodisasi sodir etgan haydovchining foydasiga hal qilishni va sud-tibbiy ekspertizasini yengillashtirishni va’da qilgan inspektor ozodlikdan mahrum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryoda YHXX katta inspektori YTH yuz bergan joyga yetib borgan. U hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirib, yo‘lovchilardan biridagi tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash uchun tibbiyot ekspertizasi tayinlagan. Haydovchining boshqaruvidagi mashinani shu kuniyoq jarima maydonchasiga joylashtirgan. Oradan 4-5 kun o‘tgach, haydovchini o‘z xizmat xonasiga chaqirgan.
U tergovga qadar tekshiruv materiallarini haydovchining foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud-tibbiy ekspertizasini yengillashtirish hamda avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilgan. Evaziga haydovchidan 400 AQSH dollari pul so‘ragan.
Haydovchining insofi bor ekan, u xodimning bu taklifiga rozi bo‘lmagan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida YHXX katta inspektori o‘z xizmat xonasida 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan sud ishi Guliston shahar sudida ko‘rib chiqilib, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil muddatga IIOda har qanday lavozimda ishlash huquqidan mahrum etilgan holda unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Agar faqat O‘zbekistonda pora olishadi, deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Pora hamma joyda olinadi, faqat O‘zbekistonda oson qutulib ketiladi. Masalan, Xitoyda pora olganlik uchun o‘lim jazosiga hukm qilishadi.
Tugayotgan haftada Xitoyning Guandun provinsiyasi Umumxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Chen Szisin pora olishda aybdor deb topilib, shartli o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Joriy yilning 12 noyabr kuni Chen Szisinning pora olish bilan bog‘liq ish bo‘yicha birinchi instansiya sud hukmi e’lon qilindi.
Unga ta’sir o‘tkazib pora olish jinoyati uchun ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 200 ming yuan jarima solish belgilangan, shuningdek, o‘lim jazosining kechiktirilgan ijrosini, siyosiy huquqlardan umrbod mahrum qilishni va mulkni musodara qilishni davom ettirishga qaror qilingan.
Qayd etilishicha, Chen Szisin o‘zi yoki boshqalar orqali 2012-2022 yillar davomida noqonuniy sovg‘alar olib kelgan. U o‘z jinoyatlarini tan olib, chin dildan afv so‘rab, mol-mulklarning katta qismini qaytarib bergan, bu esa jazoning yengillashtirilishiga asos bo‘lgan. Sud bu holatlarni hisobga olib, pora olish jinoyati uchun o‘lim jazosini kechiktirishga va ta’sir o‘tkazib pora olish jinoyati uchun jazoni yengillashtirishga qaror qilgan.
Saudiya Arabistonida arab-islom sammiti bo‘lib o‘tdi
11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida navbatdan tashqari arab-islom sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Global siyosat kun tartibidagi eng o‘tkir va og‘riqli masala – Falastin muammosiga bag‘ishlangan bugungi muhim sammitda bir yildan buyon yangrab kelayotgan natijasiz gaplar o‘rnida Prezident Mirziyoyev jo‘yali taklif bildirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Islom hamkorlik tashkiloti doirasida muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini ta’minlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga katta e’tibor qaratish lozimligini bildirdi.
O‘zbekiston Prezidentining taklifi bo‘yicha mamlakat Sog‘liqni saqlash tizimining imkoniyati qay darajada? Buni bilish maqsadida QALAMPIR.UZ Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘landi.
Uning ma’lum qilishicha, falastinlik bolalarni davolashga O‘zbekistonning imkoniyati yetarli.
“Prezident bu taklifni aytishidan oldin, avvalo, imkoniyat bilan tanishib chiqqan bo‘ladi. Ha, bizda ularni davolash uchun joylar ham, mutaxassislar ham yetarli. Masalan, COVID-19 vaqtida qurilgan maxsus shifoxonalarimiz turibdi. Ammo qancha miqdorda bemor keladi, ular qanday taqsimlanadi, qancha mutaxassis jalb qilinadi, bularning bari maxsus topshiriqdan keyin aniq bo‘ladi. Agar hukumat tomonidan topshiriq tushsa, keyin maxsus yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi”, deydi Bositxonova.
G‘azodagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotiga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabridan beri Isroil hujumlari oqibatida 43 603 kishi, asosan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. 102 929 nafar falastinlik esa yaralangan. Ularning katta qismini ayollar va bolalar tashkil etmoqda.
Sadir Japarov xalqaro hamjamiyatni suv tanqisligi bo‘yicha muammolardan ogohlantirdi
Tugayotgan haftada Ozarbayjonning Baku shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov xalqaro hamjamiyatni suv tanqisligi bo‘yicha kelajakda kutilayotgan mojaro va beqarorliklardan ogohlantirdi.
“Qirg‘izistonda biz, ayniqsa, uyimiz bo‘lgan tog‘ ekotizimlarining nozikligini yaxshi bilamiz. Markaziy Osiyoda millionlab odamlarni suv bilan ta’minlovchi muzliklar tez yo‘q bo‘lib ketmoqda. Bu nafaqat Qirg‘iziston uchun, balki mintaqaviy va global muammodir. Suv tanqisligi yanada kuchayib, mojarolar, beqarorlik va qashshoqlik potensialini yaratadi”, deydi Japarov.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi tog‘ ekotizimlari va odamlarga, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xo‘jaligiga, shuningdek, “dunyoning ko‘plab tog‘li hududlarida suv va toza energiya kabi asosiy ekotizim xizmatlarini ko‘rsatishga” salbiy ta’sir etmoqda.
“Biz tog‘lar bilan bog‘liq xalqaro siyosiy jarayonlar doirasida keyingi harakatlarni kelishib olishda tog‘li mamlakatlar manfaatlarini munosib va adolatli hisobga olish tarafdorimiz. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash nafaqat yashash uchun kurash, balki adolat, tenglik va qadr-qimmat uchun kurashdir”, deb tushuntirdi Qirg‘iziston rahbari.
Japarovning yuqori minbardan suv haqida aytganlaridan ko‘p o‘tmay, Qirg‘iziston O‘zbekistonga suv berishni kamaytirayotgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, Qirg‘iziston Bosh vaziri Oqilbek Japarov Qirg‘iziston Jogorku Kenesh (parlament) yig‘ilishida Issiqko‘lni saqlab qolish masalasiga to‘xtalib, Issiqko‘lni saqlab qolish uchun Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga kamroq suv berishi mumkinligini bildirdi.
Uning qayd etishicha, Qorqiridan Issiqko‘lga suv kelmayapti, Qo‘chqor daryosi ham oldin ko‘lga quyilardi. Hozir esa dehqonlar buloq suvidan foydalanmoqda. Uning fikricha, Issiqko‘l qurigan Orol dengizi taqdirini takrorlamasligi kerak.
Issiqko‘lni saqlab qolish uchun Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga kamroq suv berishi mumkin. Oqilbek Japarov Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan bu borada tushuntirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi