Jinoiy olam. Hafta tahlili
Tahlil
−
12 Oktabr
9156Men jamiyatimiz ancha o‘zgardi, ayollarga quldek munosabatda bo‘lish, qiz tug‘ilgan oilani, qiz ko‘rgan otani barmog‘i bilan ko‘rsatish yo‘qoldi, odamlarimizning qo‘liga pul, tagiga mashina, egniga brend libos tushdi, ongi, dunyoqarashi o‘sdi, desam hamon ayollarga nisbatan o‘rta asrlardagidek diskriminatsiyani davom ettiradigan kaltafahm, farosatsizlar bor ekan. Ko‘p emas, bitta bo‘lsa ham hamma joyni bulg‘aydiganlar o‘shalar. Lekin ularga nisbatan javob ham, nafrat ham kam emas.
Agar qiz farzand ko‘rsam, uni axlatga uloqtiraman degan shaxs qamaldi
O‘tgan hafta bir yigitning agar qiz farzand ko‘rsam, uni axlatga uloqtiraman degan gapi ijtimoiy tarmoqlarni junbishga keltirib, ko‘pchilikning e’tiroziga sababchi bo‘lganidan xabaringiz bor. Tugayotgan haftada o‘sha qahramon yig‘lab, uzr so‘rab chiqdi. Aytishicha, shu gaplardan keyin halovati buzilganmish.
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi esa unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Fuqarolarning teng huquqliligini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu yigit avval ham javobgarlikka tortilgan, bu birinchisi emas. Muqaddam Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan va 10 sutkaga qamalgan.
Siz bu yigitning qiz farzand ko‘rsam, axlatga tashlayman degan videosini ko‘rdingizmi. Fikringiz qanday?
Dunyo bo‘ylab jinsiy tajovuzga uchraganlar haqida hisobot e’lon qilindi
Dunyo bo‘ylab har sakkizinchi qiz yoki ayol 18 yoshga to‘lishidan oldin zo‘rlangan yoki jinsiy tajovuzga uchragan. Ularning soni dunyo bo‘ylab 370 millionni tashkil etmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar agentligi (UNICEF)ning 11 oktyabr xalqaro qizlar kuni munosabati bilan e’lon qilingan hisobotida shu haqida so‘z borgan.
Unga ko‘ra, bu raqam “aloqa qilinmagan” jinsiy zo‘ravonlik shakllarini, masalan, internet orqali yoki og‘zaki zo‘ravonlikni hisobga olganda, 650 millionga, ya’ni har beshinchi qiz yoki ayolga to‘g‘ri keladi. Qizlar va ayollar eng ko‘p jabrlangan bo‘lsa-da, 240-310 million o‘g‘il bolalar va erkaklar, ya’ni har 11 nafardan biri ham bolaligida zo‘rlash yoki jinsiy tajovuzga duch kelgan.
Bildirilishicha, ma’lumotlar global miqyosda keskin chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu jumladan, qonunlarni kuchaytirish va bolalarga jinsiy zo‘ravonlikni tanib olish va bu haqda xabar berishga ko‘maklashish zarur. Hisobotda aytilishicha, jinsiy zo‘ravonlik geografik, madaniy va iqtisodiy chegaralardan qat’i nazar sodir bo‘lmoqda, ammo eng ko‘p jabrlanganlar, ya’ni 79 million qizlar va ayollar (22 foiz) Afrikaning janubiy sahrosida joylashgan.
Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida 75 million qiz va ayol (8 foiz) jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy va Janubiy Osiyoda 73 million (9 foiz), Yevropa va Shimoliy Amerikada 68 million (14 foiz), Lotin Amerikasi va Karib havzasida 45 million (18 foiz), Shimoliy Afrika va G‘arbiy Osiyoda esa 29 million (15 foiz) ayol va qiz jinsiy zo‘ravonlikka duch kelgan. Okeaniya mintaqasida esa bu ko‘rsatkich 6 millionni (34 foiz) tashkil etadi.
Bundan tashqari, zaif muhitlarda, jumladan, kuchsiz institutlarga ega bo‘lgan yoki ko‘p miqdorda qochoqlar joylashgan hududlarda bu raqam har to‘rt kishidan bittaga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik asosan o‘smirlik davrida, ayniqsa 14-17 yoshlar orasida sodir bo‘ladi va bu zo‘ravonlikka duch kelganlar jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar, giyohvandlik va ruhiy salomatlik muammolariga ko‘proq moyil bo‘ladi.
Shuningdek, UNICEF o‘g‘il bolalarning jinsiy zo‘ravonlikka uchrashi haqidagi ma’lumotlar yetarli emasligini va bu muammoning to‘liq ko‘lamini o‘lchash uchun ko‘proq mablag‘ ajratish kerakligini ta’kidlamoqda.
Qozog‘istonlik “vor v zakone” Rossiyadagi koloniyada osilgan holda topildi
Kriminal doiralarda “Lexa Semipalatinskiy” nomi bilan tanilgan 66 yoshli qozog‘istonlik “vor v zakone” Aytkali Maymushev Rossiyadagi koloniyada osilgan holda topildi.
Maymushev 2022 yilning yanvar oyida Moskvadagi barlardan birida hibsga olingan. Shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish chog‘ida undan metadon moddasi topilgan. U jazoni Kareliya Respublikasining (Rossiya sub’ekti) Nadvoitsi qishlog‘idagi axloq tuzatish koloniyasida o‘tagan.
Aytkali Maymushev “Lexa Maymish”, “Lexa Semipalatinskiy” va “Titanik” taxalluslari bilan kriminal doiralarda nom qozongan edi.
U 2023 yil yozda Moskva shahar sudi tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Sud uni “jinoyat iyerarxiyasida yuqori lavozimni egallash” va giyohvand moddalar savdosida aybdor deb topgandi. Sud 1997 yildan beri u Leningrad, Ivanovo, Moskva viloyatlari, Moskva, Sankt-Peterburg va Rossiyaning boshqa hududlarida “jinoiy faoliyatning turli sohalarini” nazorat qilganini aniqlagan.
Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning oktyabr oyida qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev Bishkekda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan operatsiya davomida o‘ldirilgandi. Qamchibek Asanbek Qirg‘iziston va MDHdagi eng nufuzli “vor v zakone”lardan biri edi. Taxallusi – “Kolya Qirg‘iz”. U narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, pul yuvish, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi. Bu voqea esa O‘zbekistonda ko‘cha deb ataladigan jinoiy olam vakillariga nisbatan reydlarga ulanib ketdi. “Dolzarb 40 kunlik” nomini olgan tadbirlarda “Salimboy”dan tortib, “Baxti Tashkentskiy”, “Saidaziz medgorodok”dan tortib, “Buzruk”kacha qo‘lga olindi va ularga allaqachon sud hukmi o‘qilgan.
Giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi 32 nafar shaxs qo‘lga olindi
Oktyabr oyi boshida poytaxt Toshkentda giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi kurer qo‘lga olingani xabar qilingandi. Chamasi, ushbu voqea poytaxtda yirik reyd tadbirlarining boshlanishiga yo‘l ochgandek. Yo‘l ochganda ham o‘tgan yili tilga tushgan “Dolzarb 40 kunlik”dan roppa-rosa bir yil o‘tib, 10 oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilayotgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish oyligi doirasida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatuvchi 32 nafar shaxs qo‘lga olindi.
Barcha holatlar yuzasidan Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Toshkentda davom etayotgan reydlardan biriga QALAMPIR.UZ ham guvohlik qildi. Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan “Quyosh” mahallasida Bosh prokuratura va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda psixotrop dori vositalari va giyohvandlik moddalarini sotishda gumonlangan 7 nafar shaxs qo‘lga olindi. Yettovlon giyohvand moddalarni nafaqat sotish, balki iste’mol qilish uchun sharoit yaratib qo‘ygani aniqlandi.
3 davlatdan keltirilgan 47,2 kilogramm narkotik modda musodara qilindi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tugayotgan haftada Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘izistondan keltirilgan jami 47,2 kilogramm narkotik moddani ushlab, musodara qildi.
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 1971, 1974, 1985 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro Tojikistondan 10 kilogramm 50 gramm “opiy” va 10 kilogramm 29 gramm “gashish” moddalarini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tgan vaqtida DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Narkokurerlar tomonidan Afg‘onistondan olib kelinib, Muzrabot tumani hududidagi yashirin joyga qoldirib ketilgan 1 kg 953 gr “opiy” va 4 kg 116 gr “gashish” moddalarini qabul qilib olgan vaqtida Termiz shahrida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs ushlangan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotik moddalarni Termiz shahrida qabul qilib olgan vaqtida 1976 yilda tug‘ilgan Qozog‘iston fuqarosi ushlandi.
Termiz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam narkokurerlar tomonidan maxfiy joyga qoldirib ketilgan 922 gr “opiy” va 4 kg 203 gr “gashish” moddalarini olib, doimiy yashash manziliga ketmoqchi bo‘lgan vaqtida Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro ushlangan. Mazkur shaxs ushbu giyohvandlik moddasining har bir kilogrammini afg‘onistonlik narkosavdogarlardan 2300 AQSH dollaridan sotib olgan.
Sariosiyo tumanida qayd etilgan holatda esa Denov tumanida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro to‘xtatilib tekshirilganda, uning yonida 4 kg 80 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Gentra mashinasi to‘xtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 975 gr “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 789 gr “opiy” hamda 5 kg 239 gr “gashish” moddalari olindi. Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgan ushbu zahri qotilni Qo‘qon shahrida sotishni rejalashtirgan.
Boshqa holatda esa muqaddam qirg‘izistonlik narkokurerlar tomonidan Quvasoy shahri hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 4 kg 922 gr “gashish” moddasini olib, doimiy yashash manziliga ketayotgan vaqtida Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi
Qozog‘iston atom elektr stansiyasini qurishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Faqat bu masala bo‘yicha tugal qaror yuqorida, tor doirada va yopiq eshiklar ortida qabul qilinmadi. Aksincha, 6 oktyabr kuni AES qurish bo‘yicha respublika referendumi bo‘lib o‘tdi.
Referendumga qo‘yilgan savol: “Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?”.
Qozog‘iston Markaziy referendum komissiyasi (Markaziy saylov komissiyasi) ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda 5 561 937 nafar yoki 71,12 foiz fuqaro “ha” deb ovoz bergan, 2 045 271 fuqaro “qarshi” ovoz bergan. Qarshi ovoz bergan fuqarolarning foiz miqdorini komissiya oshkor qilmagan.
Qayd etilishicha, referendumda qabul qilingan qaror uning natijalari rasmiy ravishda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi, ya’ni Hukumat xalqning roziligini oldi, endi bemalol AES qurishi mumkin. Xo‘sh, uni kim quradi? “Rosatom”mi? Yo‘q, bu bo‘yicha hali tugal qarorga kelinmagan. Prezident To‘qayevning fikricha, AES qurilishini eng ilg‘or texnologiyalarga ega kompaniyalarning xalqaro konsorsiumi amalga oshirishi kerak.
Bu orada esa Amerika Qo‘shma Shtatlari Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha halol tender o‘tkazilishiga umid qilmoqda va unda ishtirok etishga tayyor. Bu haqda AQSH Savdo palatasi katta vitse-prezidenti Xush Choksi Olmaotaga ishchi tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil bahorda Qozog‘iston NuScale va GE Hitachi kabi ikkita Amerika kompaniyasi bilan respublikadagi birinchi AESni qurish bo‘yicha muzokaralar olib borgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AES Olmaota viloyatining Jambil tumani hududidagi Ulken qishlog‘ida qurilishi mumkin. Qozog‘iston hukumati tomonidan to‘rtta da’vogar kompaniyani o‘z ichiga olgan “short-list” tuzilgan. Ular Xitoyning CNNC, Koreyaning KHNP, Rossiyaning “Rosatom” va Fransiyaning EDF kompaniyalari.
Xo‘sh, AES masalasida O‘zbekiston Qozog‘istondan ancha avval otni qamchilagan. Faqat bu masala bo‘yicha referendum o‘tkazib, ortiqcha sarf-xarajat qilib o‘tirilmadi. Qaror qabul qilindi va u loyihani amalga oshirish “Rosatom”ga topshirildi.
Gap shundaki, 2018 yil sentyabr oyi boshida Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari respublika hududida atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. “Rosatom” davlat korporatsiyasi Bosimli suv quvvati reaktori-1200 reaktor bloklari bilan ikki avlod “3+” energobloklardan iborat kompleks qurishni rejalashtirmoqda.
Stansiya qurilishi uchun Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinida ustuvor joy tanlandi. May oyi oxirida Toshkentda atom energetikasi tarixida kam quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha birinchi eksport shartnomasi imzolandi.
Loyiha O‘zbekistonning Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi bo‘yicha quvvati 330 MVt bo‘lgan AESni qurishni nazarda tutadi. Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi sifatida ishlaydi, mahalliy kompaniyalar ham ishtirok etadi. Ma’lum qilinishicha, tanlangan hudud allaqachon ekspertizadan o‘tkazilgan va uning xavfsizligi tasdiqlangan.
Sergelidagi portlash bo‘yicha hukm o‘qildi
Toshkentliklar o‘tgan yili tunni larzaga keltirgan, ko‘pchilikning uyqusini qochirgan, yuzlab odamlarning uyi vayron bo‘lishiga sabab bo‘lgan Sergelidagi fojiaviy portlashni unutgani yo‘q. O‘shanda 16 yashar o‘quvchi ham halok bo‘lgandi. 163 nafar odam jarohatlangan. Tugayotgan haftada o‘sha dahshatli portlash bo‘yicha sud ishi yakunlanib, hukm o‘qildi.
11 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan sud majlisida to‘rt nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan aybli deb topildi va ularga shu modda bilan ikki yil rahbarlik va yong‘in xavfsizligi yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum etilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo manzil-koloniyada o‘tattirilishi belgilandi va jazo muddati 2023 yil 29 sentyabrdan boshlab hisoblanishi aytildi. Ularga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi aslicha qoldirildi.
Eslatib ketay, portlash Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgandi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.
Pora olgan amaldor o‘limga hukm qilindi
O‘zimizda yuzdan ortiq odamning jarohatlanishi, bir yigitning o‘limiga sababchi bo‘layotganlar bor-yo‘g‘i besh yilga qamalayotgan bir paytda Xitoyda pora olgan amaldor o‘limga hukm qilindi.
Gap shundaki, Xitoy Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari Fan Yifei pora olishda aybdor deb topilib, shartli o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Amaldor sudda Markaziy bank va boshqa moliya institutlaridagi, jumladan, Xitoy qurilish bankidagi yuqori lavozimidan foydalangan holda 386 million yuandan (54,55 million dollar) ko‘proq qiymatdagi mol-mulkni noqonuniy qabul qilishda aybdor deb topilgan.
Ikki yillik muhlatdan keyin Fanning o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtirilishi mumkin. Lekin unga ozodlik yoki jazoni yengillashtirish imkoniyati berilmaydi.
60 yoshli Fan oxirgi o‘n yil ichida Xitoy Raisi Si Szinpinning korrupsiyaga qarshi kurashi doirasida hibsga olingan Xitoy Xalq Bankining eng yuqori lavozimdagi rasmiylaridan biri bo‘lgan.
Katta tergovchi pora olayotganda qo‘lga tushib, qochib ketdi
O‘zimizda ham korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlari to‘xtab qolmagan. Tugayotgan haftada poytaxtning Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi pora olayotganda qo‘lga tushdi, qo‘lga tushdi-yu qochishga ham ulgurdi.
Gap shundaki, Bosh prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bir fuqaroning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Muallif arizasida Toshkent shahar Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi tomonidan MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini uning foydasiga ijobiy hal qilish uchun pul mablag‘lari talab qilganligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Bosh prokuratura bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ariza asosida joriy yilning 7 oktyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida prokuror ariza muallifidan kelishilgan 40 ming AQSH dollarini olib, jinoiy ta’qibdan qutulish maqsadida noma’lum tomonga yashiringan. 40 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Bu yerda bir narsa tushunarsizligicha qolmoqda. Agar prokuror 40 ming dollarni olayotganda ushlangan bo‘lsa, u qanday qilib qochib ketdi? Yoki Bosh prokuratura ma’lum qilganidek, olib, keyin qochgan bo‘lsa qanday qilib 40 ming AQSH dollari daliliy ashyo sifatida olingan-u uni olayotgan prokurorni ushlash iloji bo‘lmagan. Bosh prokuratura bergan bayonotdan chiqqan jumboqli savollarga javob yo‘q, hozircha.
Xullas, ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan prokurorga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchiga nisbatan sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Inson a’zolari oldi-sotdisida ayblangan talaba jazolandi
Odamlar kundan kunga vahshiylashib ketyapti. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyatlar sabab bu gaplarni aytyapman. Masalan, Toshkentda inson a’zolari oldi-sotdisida ayblangan talaba yigit jazolandi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2003 yilda tug‘ilgan yigit mo‘may daromad orttirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga inson a’zolarini sotib olishi haqida e’lon joylashtirgan. U tarqatgan e’lonlarida buyrakni 38 ming, jigarni 43 ming hamda suyak iligini 23 ming dollarga olishini bildirgan.
Ushbu e’londan so‘ng unga a’zolarini sotmoqchi bo‘lganlar aloqaga chiqa boshlagan. Yigit shunday fuqarolardan biriga bitta buyragini 38 ming dollarga sotib olishini aytgan.
U sheriklari Germaniyada ekani, buyrakni ko‘chirib o‘tkazish o‘sha yerda amalga oshirilishini va buning uchun ushbu davlatga borish kerakligini aytgan. Yigit fuqarodan safar uchun oldindan 350 dollar berishni so‘ragan.
U 26 aprel kuni Shayxontohur tumani hududida fuqarodan kelishilgan pulni olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. Unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Talaba sudda bu ishni pulga muhtoj bo‘lib qolgani sabab qilganini, aslida Germaniyada hech qanday tanishlari yo‘qligini, 350 dollarni ehtiyojiga ishlatib, keyin qaytarib bermoqchi bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, u akasi, singlisi va o‘zi talaba ekanini, barchasi kontrakt asosida o‘qishlarini aytib, suddan o‘ziga yengillik berishni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida ko‘rilgan ishda 21 yoshli yigit Jinoyat kodeksi 25- (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 133-1-moddasi 1-qismida (inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.
“Markaziy Osiyo” o‘rniga “Turkiston” tushunchasi qo‘llanila boshlandi
Endilikda Turkiyaning yangi avlodi Markaziy Osiyoni Turkiston o‘laroq taniydi. Tugayotgan haftada Turkiyada yangi o‘quv dasturi darsliklarida o‘zgarishlar yuz berdi va “Markaziy Osiyo” o‘rniga “Turkiston” tushunchasi qo‘llanila boshlandi.
Turkiya Milliy ta’lim vazirligi 2024-2025 o‘quv yilida maktabgacha, boshlang‘ich maktab, o‘rta maktab, litseyga tayyorgarlik va 9-sinf darajalarida tatbiq etiladigan “Turkiya Asr Ta’lim Modeli” haqida taqvim chop etdi. Ta’lim vazirligi “Tarix” saboqlaridagi tub o‘zgarishlar sarlavhasi ostida yangi o‘quv dasturidagi atama va tushunchalardan foydalanish bilan o‘rtoqlashdi.
Bildirilishicha, dasturlarda anaxronistik va ilmiy noto‘g‘ri atama va tushunchalardan foydalanishdan voz kechilgan. Shu nuqtai nazardan, dasturlarga “Markaziy Osiyo” o‘rniga “Turkiston”, “Deportatsiya qonuni” o‘rniga “Ko‘chirish va joylashtirish qonuni” kabi atama va tushunchalar kiritilgan.
Tarixchi professor Ahmad Tashagilning aytishicha, Turkiston nomi dastlab qadimgi eroniylar, keyinroq arablar tomonidan O‘rta Osiyoda turklar yashagan hududlarni ifodalash uchun ishlatilgan. XV asrda yozilgan Temurning yurishlari haqidagi asarlarda Turkiston turkiylarning Movarounnahrdan tashqarida yashagan mamlakatlarini ko‘rsatgan. Ammo Kaspiy dengizining shimolidagi hududlarni Ibn Fadlonning “Sayohatnoma”sida “Bilodyu’t-Turk”, Ahmad Tusiy va boshqa fors yozuvchilari tomonidan “Turkiston” deb keltirilgan. Ba’zi G‘arb manbalarida 580-yillarda O‘rta Osiyo uchun “Turkhiya” nomi keltirilgan.
Fransiya hukumati Usoma Bin Lodinning o‘g‘liga taqiq qo‘ydi
Usoma Bin Lodinni yaxshi taniysiz. AQSHdagi 11 sentyabr voqealaridan tortib, ko‘plab davlatlardagi qo‘poruvchilik harakatlarining bosh homiysi va muallifi bo‘lgan shu terrorchining o‘zi vafot etgan bo‘lsa-da, uning 14 yoshida “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti lagerida ta’lim olgan va 2000 yilda uni tark etgan o‘g‘li bor.
Fransiya hukumati xalqaro terroristik tashkilot “Al-Qoida”ning sobiq rahbari Usoma bin Lodinning o‘g‘li Umarga mamlakat hududiga kirishni rasman taqiqladi. Boisi u 2023 yilda ijtimoiy tarmoqlarda terrorizmni targ‘ib qiluvchi izohlarni joylashtirgan.
Umar bin Lodinga nisbatan endi Fransiyaga "hech qanday sababga ko‘ra" kira olmasligini kafolatlovchi ma’muriy taqiq joriy qilingan.
Ichki ishlar vaziri Bryuno Retayo buni “milliy xavfsizlik qarori” deb atadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Umar bin Lodin hozir Qatarda, u yerdan deportatsiya qaroriga qarshi apellyatsiya shikoyati bergan, biroq Fransiya sudi shikoyatni rad etgan. Bin Lodin esa o‘ziga nisbatan ayblovlarni rad etmoqda.j
Fransiya hukumati tomonidan terrorizmga targ‘ibot sifatida baholangan tvit 2023 yilning 2 may sanasida – Usoma Bin Lodinning tug‘ilgan kunida yozilgan. Umarning aytishicha, uning X (sobiq Twitter) sahifasi noma’lum shaxslar tomonidan buzib kirilgan va u bu haqda tarmoq ma’muriyatiga xabar bergan. Oradan bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tib, sahifa bloklangan. U terrorizm va zo‘ravonlikni chin yurakdan qoralashini bildirgan.
Ukrainaning “Gromadskoye” nashri jurnalisti, “Ukrainskaya pravda” gazetasining mustaqil muallifi 27 yoshli jurnalist Viktoriya Roshina Rossiyada qamoqxonada vafot etdi. Ukraina Oliy Radasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Dmitriy Lubinets uning o‘limi haqidagi tasdiqni Rossiyaning Harbiy asirlar bilan muomala qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab spikeri Pyotr Yasenkodan olganini ma’lum qildi.
Ombudsman ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist 2023 yil avgustida Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida g‘oyib bo‘lgan. Ukraina ommaviy axborot vositalari avvalroq u bosib olingan hududlarda reportaj tayyorlayotgani haqida yozgan edi. O‘sha yilning sentyabr oyida uning qarindoshlari qidiruv e’lon qilgan va Ombudsman idorasiga ham xabar berilgan.
2024 yil may oyida Rossiya rasmiylari jurnalist hibsga olingani va Rossiya hududida bo‘lganini birinchi marta tan oldi. Rossiya Mudofaa vazirligi uning otasi Vladimir Roshinga tasdiq xati yubordi. O‘shanda Roshinaning hibsga olinganini Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ham tasdiqlagandi.
Ma’lumot uchun, Roshina Ukrainaning sharqi va janubidagi harbiy amaliyotlar haqida materiallar tayyorlagan va Zaporoje viloyatining Berdyansk shahridagi voqealarni yoritgan, u yerda 2022 yil mart oyida uni fuqarolik kiyimidagi odamlar (Rossiya FQB xodimlari) hibsga olgan. 10 kundan keyin u ozod qilindi. Shundan so‘ng rossiyaparast Telegram-kanallarida Roshina Rossiya uni o‘g‘irlamagani, aksincha, uning hayotini saqlab qolgani, buning uchun kadrdagi ayol Moskvaga minnatdorlik bildirayotganini aytgan video tarqala boshladi. Ayrim ekspertlarning fikricha, yozuv bosim ostida qilingan. Rasmiy ravishda Rossiya rasmiylari Roshina bilan sodir bo‘layotgan voqealarga izoh bermadi.
34 yoshli ayolning kutilmagan o‘limi
Dubay-Toshkent aviareysida uchib kelgan 34 yosh atrofidagi ayol bojxona tekshiruvida ushlanib qolgan va oqibatda sog‘lig‘i yomonlashib, shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etdi. Avvaliga ijtimoiy tarmoqlarda 34 yosh atrofidagi ayol bojxona tekshiruvini kutayotgan vaqtida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura izoh berib, ayolning o‘lmagani, u shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni 1986 yilda tug‘ilgan ayol Dubay-Toshkent aviareysida uchib kelgan va bojxona tekshiruvida ushlanib qolgan. Oqibatda uning sog‘lig‘i yomonlashgan. Bosh prokuratura ishonch bilan ayolga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, degan bayonotni berishi bilanoq QALAMPIR.UZ jurnalisti ayolning oila a’zolari bilan bog‘landi. Ayolning yaqinlari esa Bosh prokuratura bayonotini butkul rad etib, bayonot berilgan vaqtda ayol allaqachon vafot etib bo‘lgani, hatto, shifoxonaga qadar yetib bormay, yo‘lda joni uzilganini bildirdi.
“Jiyanim savdo-sotiq maqsadida Dubayga borgandi. Qaytayotganda bojxona nazoratidan o‘tishda tobi qochgan. Nega unday bo‘lgani haqida hozircha ma’lumotim yo‘q. Aeroportga tez yordam chaqirilgan, shifoxonaga kelgunicha joni uzilgan. Uning oila a’zolari shifoxonaga borishsa, allaqachon jiyanimning joni uzilgan bo‘lgan. Keyin uni qidirdik va “ToshMI”dagi o‘likxonadan topdik. U yerga jiyanim soat 10:00 larda olib borilgan”, deydi marhumaning qarindoshi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Bosh prokuratura yana bir bayonot bilan chiqib, ayol shifoxonaga olib kelinganda vafot etganini tasdiqladi. Bildirilishicha, marhumaning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlandi.
Hozirda prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Uzbekistan Airports’ning ma’lum qilishicha, 7 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:34 da Toshkent xalqaro aeroporti tibbiyot punktiga yo‘lovchining uchib kelish zalida o‘zini yomon his qilayotgani haqida xabar kelib tushgan. Ayol pasport nazoratidan o‘tgach, darhol yordam so‘ragan. Yo‘lovchi bosh og‘rig‘i va o‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qilgan.
Bildirilishicha, soat 18:32 da tez yordam mashinasi yo‘lovchini Toshkent aeroportining uchib kelish zalidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketgan.
LiveBarchasi