Shvetsiyalik top-menejer “UzAutoMotors”ga bosh direktor bo‘ldi
Jamiyat
−
23 avgust 2021
10471“Uzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati shvetsiyalik mutaxassis Bu Anderssonni o‘zining eng yirik korxonalari – “UzAuto Motors” AJ va “UzAuto Motors Powertrain” AJ larning bosh direktori etib tayinladi.
Ma’lumot o‘rnida, Bu Anderson Shvetsiya Harbiy Akademiyasining hamda Garvard universitetining oliy menejment programmasi bitiruvchisidir. U avtomobilsozlik sohasidagi faoliyatini 1987 yildan Shvetsiyaning “Saab Automobile AB” kompaniyasida boshlagan.
Bu Anderson faoliyati:
• 1993 yildan 2009 yilgacha xarid yo‘nalishida turli rahbar lavozimlarni egallagan va 2001-2009 yillarda “General Motors”ning global xarid bo‘linmasiga rahbarlik qilgan.
• 2009 yildan 2013 yilgacha “Gruppa GAZ” korxonasiga prezident etib tayinlangan. Bu davrda u “Gruppa GAZ” biznesini zarardan barqaror foydaga olib chiqishga erishgan.
• U 2014 yildan 2016 yilgacha “AvtoVAZ” OAJ prezidenti etib tayinlangan va “Gruppa GAZ”da bo‘lgani kabi “AvtoVAZ”da ham to‘liq transformatsiyani amalga oshirgan.
• “AvtoVAZ”ni tark etgach, eng yirik avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan “Yazaki Europe, Africa, North&South America” korporatsiyasiga 4 yil rahbarlik qilgan.
Bu Anderson erishgan yutuqlar:
• Adam Smit xalqaro avtomobil forumida u Rossiya avtomobilsozlik sanoatida “2010 yilning eng yaxshi yetakchisi” deb topildi. 2011 yilda Andersson Yevropa avtomobilsozlik sanoatining eng muvaffaqiyatli rahbarlarini aniqlash uchun “Automotive News Europe” tomonidan har yili o‘tkaziladigan “Eurostars” mukofotida “Rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha Yevropa avtomobil sanoatining eng yaxshi yetakchisi” deb topildi.
• 2012 yilda Bu Andersson Yevropaning avtomobilsozlik sohasidagi yetakchi nashriyoti bo‘lgan “AutomotiveSupply Chain”dan “GAZ Gruppasi”ni inqirozdan keyin moliyaviy holatini tiklagani va Rossiyaning yengil tijoriy vositalar bozorida kompaniyaning yetakchiligini ta’minlagani uchun “Eng yaxshi yutuqlar” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
• Bu Inge Andersson MDH mamlakatlaridagi avtomobil konsernlarini boshqarish va inqirozlar davrida erishgan muvaffaqiyatlari hamda katta tajribasi “UzAutoMotors” va “UzAutoMotors Powertain” kompaniyalariga yarimo‘tkazgichlar tanqisligi va logistika muammolari bilan bog‘liq global inqirozlarini eng kam yo‘qotish bilan yengishga, hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiyalashning yangi yo‘nalishini egallashga imkon beradi.
Ma’lumot o‘rnida, “UzAuto Motors” AJ va “UzAuto Motors Powertrain” AJ O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatidagi davlatga qarashli "O‘zavtosanoat" AJning yirik sho‘ba korxonalari bo‘lib, “General Motors” bilan texnik litsenziya shartnomasi asosida “Chevrolet” yengil avtomobillarini ishlab chiqaradi.
LiveBarchasi