Baydendan Putingacha. Prezidentlar qanday koshonada ishlaydi? (fotoreportaj)
Bu qiziq
−
10 noyabr 2021
31612Davlat rahbarlari ham boshqalar kabi ish kabinetiga ega, ular ham kun davomidagi ishlarini bir joydan bajaradi, mamlakat hayotini boshqarib turadi. Ammo ularning ishxonasi boshqalarnikidan, hashamatliroq va, asosiysi, jiddiy xavfsizlik tizimiga ega. Ochiq osmon ostida joylashgan mazkur saroylarda Prezidentlar eng muhim qarorlarni qabul qiladi. Hamkasblarini va elchilarni ham xuddi mana shu hashamatli binolarda kutib oladi. Bugun QALAMPIR.UZ dunyo rahbarlarining qarorgohlari haqida hikoya qiluvchi fotoreportajni e’tiboringizga havola etadi.
AQSH
AQSH Prezidentlari mamlakatni an’anaviy tarzda Oq uydan boshqaradi. Ko‘plab Prezidentlarga boshpana bo‘lgan ushbu koshona o‘ziga xos tarixga ega.
Oq uy – AQSH Prezidentining Vashingtonda joylashgan rasmiy qarorgohi. 1789 yilda saylangan mamlakatning birinchi Prezidenti Jorj Vashington davrida qurilgan mazkur bino Kolumbiya okrugining Vashington shahrida joylashgan. AQSHning ikkinchi Prezidenti Jon Adams uning daslabki “sohibi” hisoblanadi.
Oq uyning mehmonlar uchun mo‘ljallangan oshxonasi devori peshtoqiga Jon Adamsning quyidagi nasihati ilib qo‘yilgan: “Men bu uyning kelajakdagi egalari haqiqatparvarlik va donishmandlik bilan shu uy tomi ostida mamlakatni boshqarishlarini so‘rab duo qilaman”.
Oq uy 6 qavat bo‘lib, unda 132 xona, 35 ta vannaxona, tennis korti, golf maydoni, yugurish yo‘lakchasi, basseyn, bouling yo‘lkasi va kinoteatr mavjud.
Har to‘rt yilda AQSH kongressi Oq uyni yaxshi holatda saqlab turish uchun davlat budjetidan 100 ming dollar mablag‘ ajratadi. Oq uyning yuqori qismidagi ikki qavat birinchi xonim xizmatida bo‘lib, mamlakatning birinchi xonimlari mazkur qavatlarni o‘zlari istagancha bezashlari, devorlarini bo‘yatishlari, didlariga mos parda osishlari huquqiga ega. Mabodo Prezident va birinchi xonim Oq uy mehmonxonasida biror narsani o‘zgartirishni istab qolsalar, ular albatta Oq uyni saqlash qo‘mitasi bilan maslahatlashishi joiz.
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Oq uy “sohibi” AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden hisoblanadi.
Rossiya
Kreml – 1991 yildan Rossiya Prezidentining rasmiy qarorgohi. Mazkur bino Moskva daryosining yuqori so‘l sohilida, Borovitsk tepaligida joylashgan. Uning reja tarhi noto‘g‘ri uchburchak bo‘lib, majmua 27,5 gektar maydonni egallaydi.
O‘tgan asr boshida istehkomda 54 ta turli xil bino-inshoot bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda uning yarmidan ko‘pi, 28 tasi mavjud emas. 1918 yilda bevosita Lenin rahbarligida qator tarixiy ahamiyatga molik binolar buzib tashlangan.
1990 yili Kreml UNESCO'ning butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Fransiya
Yelisey saroyi – Fransiya Prezidentlarining qarorgohi. Ushbu saroy avval hukumat binosi sifatida ishlatilgan. 1848 yilga kelib Lui-Napoleon Bonapart boshchiligidagi rasmiy hukumat qarorgohi maqomini olgan.
Saroy o‘z davri talablariga mos ravishda qurilgan. U klassik me’morchilikning yorqin namunasidir. Uch qavatli markaziy bino har tomondan yopiq yarim dumaloq hovli bilan ajralib turadi. Qarama-qarshi tomonda park mavjud.
Sayyohlar uchun Prezident saroyiga doimiy kirish imkoniyati yo‘q. Mazkur binoning mehmonxonalarida Fransiya Prezidenti elchilarni, xorijiy davlatlarning vakillarini va boshqa rasmiylarni qabul qiladi. Saroyning xavfsizligini Respublika gvardiyasi askarlari ta’minlaydi.
Turkiya
Oq Saroy (Ak Saray) – Turkiya Prezidentining rasmiy qarorgohi. Saroy Turkiya poytaxti Anqara shahrida joylashgan bo‘lib, kattaligi Vashingtondagi Oq uydan 50 barobar, Moskvadagi Kreml, Londondagi Bukingem saroyi va hatto Parij yaqinidagi Versal saroyidan uch baravar katta ekanligi taxmin qilinadi.
Ak-Saray Turkiya davlat g‘aznasiga 615 million dollarga tushgan. Yo‘laklari marmardan ishlangan va hayhotdek bahavo ayvonlari bo‘lgan hashamatli koshona zamonaviy elektron tizimlar bilan jihozlangan.
Saroy amaldagi Rajab Toyib Erdo‘g‘an Prezident bo‘lganidan so‘ng qurilgan. Ungacha Turkiya Prezidentlari Anqaradagi anchayin odmi Chankaya saroyida yashab kelgan. Erdo‘g‘anning aytishicha, bu kabi binolar davlatning obro‘si uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Buyuk Britaniya
Bugungi kunga kelib Londonning eng asosiy ramzlaridan biriga aylangan Bukingem saroyi, 1703 yilda Bukingem gersogi uchun qurilgan. Oradan 58 yil o‘tgach esa qirol Jorj (George) III saroyni rafiqasi qirolicha Sharlotta uchun sotib olgan.
Dunyoning eng hashamatli qarorgohlaridan biri deb e’tirof etiladigan saroyda 775 ta xona mavjud bo‘lib, ulardan 19 tasi davlatga qarashli, 52 tasi qirolicha, uning oilasi va mehmonlar uchun qolgan 188 tasi xodimlar uchun mo‘ljallangan.
Shaxsiy qabul va uncha katta bo‘lmagan yig‘ilishlar saroydagi Oq mehmonxonada bo‘lib o‘tadi. Shohona qandil va mebellar bilan bezalgan mazkur zalning yana bir o‘ziga xosligi oyna va javon ortida yashirin eshik borligida. Ma’lumotlarga qaraganda, qirolicha aynan shu eshik orqali mehmonlar bilan ko‘rishish uchun mehmonxonaga kiradi. Bundan tashqari, qirollik oila a’zolarini suratga olish va qirolichaning "Rojdestvo" tabrigi uchun ham aynan shu mehmonxonadan foydalaniladi.
Germaniya
Belvyu saroyi – Germaniya Prezidentining qarorgohi. Mazkur saroy Tirgarten shahrining shimoliy qismida joylashgan bo‘lib, 1784 yilda qurilgan va 1994 yil rasman Germaniya Federal Prezidentining rasmiy qarorgohi maqomini olgan.
Ayni vaqtda saroyga kirish deyarli taqiqlangan. Saroyga kirish uchun Prezident devoniga ariza yozish kerak. Yilda bir marta ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tadi va an shu kuni Prezident saroyiga kirish mumkin.
Xitoy
Chjunnanxay majmuasi – Xitoy Xalq Respublikasi Raisining rasmiy qarorgohi. Mazkur bino poytaxt Pekin markazida joylashgan. Majmua Jin, Yuan va Min sulolalari davrida (XII-XV asrlar) barpo etilgan. Uning hududida bir qancha saroy, ibodatxona va pavilonlar saqlanib qolgan.
Chjunnanxayning dastlabki sohibi Xitoy Respublikasining birinchi Prezidenti Yuan Shikay bo‘lgan. 1949 yil – Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgandan so‘ng, majmua hududida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi va Davlat Kengashi uchun bir nechta yangi binolar qurilgan.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi qarorgohini fuqarolik kiyimidagi ko‘p sonli maxfiy xizmat xodimlari qo‘riqlaydi. Bino atrofidagi ko‘chalarda shaxsiy transport vositalarining to‘xtashi taqiqlangan.
Birlashgan Arab Amirliklari
Qasr al-Vatan – Birlashgan Arab Amirliklari Prezidentining Abu-Dabidagi qarorgohi. Mazkur saroy dunyoning 20 ta eng diqqatga sazovor joylari ro‘yxatiga kiritilgan. Qasr al-Vatanda Prezident Shayx Xalifa bin Zoid Al-Nahayon maxsus mehmonlarni qabul qiladi.
Mo‘jizaviy saroy 2015 yilda qurib bitkazilgan. Xonalardagi barcha jihozlar sof oltindan yasalgan. Saroyda Prezidentdan tashqari vitse-prezident va Abu-Dabi valiahd shahzodasining oilalari yashaydi. 2019 yilda saroy o‘z eshiklarini sayyohlar uchun ochgan.
Ma’lumot o‘rnida, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti dunyodagi eng boy hukmdorlardan biri sanaladi. Uning shaxsiy boyligi 15 milliard dollardan ortiq, oila a’zolarining boyligi esa 150 milliard dollarga baholangan. Aqlga sig‘maydigan boylik unga o‘z saroylaridagi hovuz va favvoralarni Evian shahri yaqinidagi Fransiya buloqlaridan yig‘ilgan mineral suv bilan to‘ldirish imkonini beradi. Shayx dunyo bo‘ylab o‘zining qarorgohlari sonini eslay olmaydi.
Turkmaniston
O‘g‘uzxon –Turkmaniston Prezidentining qarorgohi. Mazkur saroyning qurilish ishlari 3 yil davom etib, 2011 yil 18 mayda yakunlangan. Manbalarga ko‘ra, umumiy hisobda 250 mln dollar mablag‘ sarflangan. Birinchi egasi Turkmanistonning amaldagi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovdir.
3 qavatdan iborat binoning balandligi 45 metr. Saroyning umumiy maydoni 7,5 gektarni tashkil qiladi. Ichki bezatish uchun 55 mln dollar sarflangan, 14 ta qo‘lda ishlangan gilam bilan bezatilgan. Saroy oq marmar bilan bezatilgan.
O‘zbekiston
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorgohi poytaxt Toshkentdagi Mustaqillik maydonida joylashgan. Avval mazkur qarorgoh Oliy Majlis Senati binosi bo‘lgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu binoda asosan chet ellik yuksak martabali mehmonlarni qabul qiladi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qarorgohi “Oqsaroy” bo‘lgan. Ammo Karimovning vafotidan so‘ng, ushbu saroy muzeyga aylantirilgan.
LiveBarchasi