Jodugar va folbin xizmatlaridan foydalanish taqiqlandi
Olam
−
12 avgust 8355 3 daqiqa
Tojikiston Din, an’ana va marosimlarni tartibga solish qo‘mitasi duo o‘qish diniy marosimini o‘tkazishning yangi tartibini tasdiqladi. Endilikda bunday marosimlarni o‘tkazishga rasman faqat vakolatli diniy xizmatchilargagina ruxsat beriladi. Bu haqda idora “Asia-Plus”ning so‘roviga yuborgan yozma javobida ma’lum qilgan.
Hujjatga ko‘ra, Din qo‘mitasi raisining tegishli buyrug‘i joriy yilning 3 iyun kuni imzolangan. Unda duo o‘qish qoidalari va ushbu marosimni bajarishga ruxsat berilgan shaxslar doirasi belgilab berilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, diniy marosimni quyidagilar o‘tkazishi mumkin:
- Ulamolar kengashi a’zolari;
- Katta imom-xatiblar – markaziy jome masjidlari imomlari;
- Jome masjidlari imom-xatiblari;
- Besh vaqt namoz o‘qiladigan masjidlar imomlari;
- Imom-xatiblar va imomlarning o‘rinbosarlari;
- Tegishli diniy tashkilot tomonidan toat-ibodat va diniy marosimlarni o‘tkazishga vakolat berilgan muazzinlar.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, diniy xizmatchilar diniy ehtiyojlarini qondirish uchun murojaat qilayotgan kishilarga yordam berishga, jumladan, ular uchun shariatga muvofiq duolar o‘qishga haqli.
Shu bilan birga, diniy xizmatchilar sanitariya-epidemiologiya normalariga rioya qilishi, belgilangan tartib bilan tanishishi, fuqarolarning tibbiy yordam so‘rab murojaat qilishiga to‘sqinlik qilmasligi va marosimlarni faqat Tojikiston qonunchiligi doirasida o‘tkazishi shart.
Yangi tartib bir qator cheklovlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, diniy xizmatchilarga ayollar va bolalar uchun ularning mahramlari – diniy normalarda ishtiroki nazarda tutilgan yaqin qarindoshlarisiz duo o‘qish taqiqlanadi.
Shuningdek, quyidagilar ham taqiqlanadi:
- Jodugarlik, sehrgarlik va folbinlik bilan bog‘liq xizmatlardan foydalanish;
- Axloqsiz harakatlarni sodir etish;
- Marosimni videoga olish va yozuvlarni OAV yoki internetda tarqatish;
- Ommaviy duoxonlik marosimlarini o‘tkazish.
Bunday faoliyatni olib borish uchun diniy xizmatchilar vakolatli organdan – Din qo‘mitasidan tegishli guvohnoma olishlari mumkin.
Qo‘mitadagilar bu qaror fuqarolarning folbinlar, jodugarlar va norasmiy mullalarga murojaat qilishlari ko‘paygani bilan bog‘liqligini tushuntirgan. Idora fikricha, agar diniy yordam olishning rasmiy imkoniyati nazarda tutilmasa, odamlar davlat nazorat qilmaydigan shaxslarga murojaat qilishda davom etaveradi.
Bu esa, qo‘mitadagilarning hisoblashicha, nazoratni qiyinlashtiradi va qonun buzilishi, jumladan jodugarlik, sehrgarlik va boshqa axloqsiz harakatlar bilan bog‘liq xavflarni oshiradi.
“Asia-Plus” idoraning pozitsiyasini keltiradi, unga ko‘ra, yangi tartib fuqarolarga diniy ehtiyojlarini “shariat yo‘li” bilan – firibgarlar va jodugarlar orqali emas, balki vakolatli diniy shaxslar orqali qondirish imkonini berishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda Tojikiston huquq-tartibot organlari folbinlar, jodugarlar va “norasmiy mullalar”ga qarshi kampaniya olib bormoqda. Nafaqat bu ish bilan shug‘ullanuvchilarning o‘ziga, balki ularning ayrim mijozlariga nisbatan ham javobgarlik choralari qo‘llanilmoqda.
IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning boshiga kelib mamlakatda 5 mingga yaqin folbin, jodugar va “norasmiy mullalar” aniqlangan va hisobga qo‘yilgan.
Folbin va jodugarlarga murojaat qilganlik uchun jazo kuchaytirilishi bilan bir vaqtda, mahalliy manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Tojikistonning ba’zi fuqarolari qo‘shni mamlakatlardagi shu kabi xizmatlardan foydalanishni boshlagan.
2024 yilda Tojikistonning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga folbinlik va jodugarlik bilan shug‘ullanganlik uchun jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan edi. Buning uchun 4500 somonigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Agar bunday huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin. Bunday holda maksimal jazo – ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hisoblanadi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust