XXI asr mundiallari: eng yaxshi ochilish marosimlari reytingi qanday?
Tahlil
−
11 iyun 9805 8 daqiqa
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati shunchaki sport musobaqasi emas, u har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan va milliardlab insonlar diqqat markazida bo‘ladigan global madaniy voqelik hisoblanadi. Turnir haqidagi ilk taassurot esa ko‘p hollarda maydondagi o‘yindan emas, balki ochilish marosimidan boshlanadi.
Bugun, 11 iyun kuni Meksikada 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati rasman start oladi. Bu mundial tarixga bir qator yangiliklari bilan kirishi kutilmoqda. Xususan, Jahon chempionatlari tarixida ilk bor ochilish marosimlari bir emas, uch mamlakat – Meksika, Kanada va AQSHda tashkil etiladi. Har bir marosim ushbu davlatlarda o‘tkaziladigan ilk uchrashuv oldidan bo‘lib o‘tadi va konsepsiyasi, ishtirokchilari hamda madaniy dasturi jihatidan bir-biridan keskin farq qiladi. Bu esa FIFA tarixida avval hech qachon kuzatilmagan format hisoblanadi. Shu munosabat bilan XXI asrda o‘tkazilgan Jahon chempionatlari ochilish marosimlariga nazar tashlash, ularning ko‘lami, ta’siri va tarixda qoldirgan izini tahlil qilish orqali 2026 yilgi mundial qanday o‘ziga xos voqea bo‘layotganini ko‘rish mumkin.
XXI asrda FIFA Jahon chempionatlari ochilish marosimlari oddiy konsertlardan yuqori texnologiyali shoularga aylandi. Ba’zilari muxlislar va tahlilchilar tomonidan tarixdagi eng yaxshi marosimlar sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, ayrimlari bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi.
2002: Osiyoning ilk mundiali
Yaponiya va Janubiy Koreya mezbonlik qilgan 2002 yilgi Jahon chempionati futbol tarixida birinchi marta ikki davlatda o‘tkazildi.
Ochilish marosimi koreys va yapon madaniyatini uyg‘unlashtirishga qaratilgan bo‘lib, unda minglab raqqoslar va barabanchilar ishtirok etdi. Biroq shou texnik jihatdan mukammal bo‘lsa-da, u global auditoriyada katta emotsional ta’sir qoldirmagan.Sababi, mundial ilk bor Osiyoda tashkil qilinmoqda va aksar G‘arb davlatlari, jumladan, Osiyo mamlakatlari uchun ham bu ikki mamlakatning tarixi va madanyati unchalik ham yaqin bo‘lmagan. Ko‘plab tahlilchilarning fikricha, marosim FIFA’ning yangi asrga qadam qo‘yish ramzi bo‘lgan, ammo keyingi mundiallar darajasidagi madaniy ta’sirga ega emas edi. Ochilish marosimida Sharq madaniyati, an’anaviy musiqa va minglab ishtirokchilar qatnashgan sahnaviy chiqishlar namoyish etilgan. Biroq o‘sha davrda ijtimoiy tarmoqlar va YouTube hali rivojlanmagani uchun bu marosimning raqamli ta’siri cheklangan bo‘lib qoldi.
2006: Germaniya tartib va texnologiyani namoyish qildi
Germaniyadagi mundial ochilish marosimi Yevropa uslubidagi aniqlik va tashkilotchilik bilan esda qoldi. Tadbir Myunxen shahridagi “Alyans Arena” stadionida o‘tkazilgan. Marosimning asosiy g‘oyasi futbol tarixi va Yevropa futbol madaniyatini namoyish etishdan iborat edi. Ochilish marosimining eng ta’sirli qismi esa Jahon chempionati g‘oliblari bo‘lgan futbol afsonalarining maydonga chiqishi bo‘ldi. Jami 170 nafardan ortiq sobiq jahon chempioni Myunxenga taklif qilingan. Ular orasida Argentina futboli afsonasi Diyego Maradona, Angliya futboli ramzi Bobbi Charlton va Italiya terma jamoasining sobiq himoyachisi Juzeppe Bergomi kabi mashhur shaxslar bor edi.
Marosimda 1400 nafardan ziyod raqqos, artist va musiqachi ishtirok etgan. Shuningdek, turli qit’alardan 120 nafar barabanchi maxsus sahna ko‘rinishlarida qatnashgan. Shou taxminan 30 daqiqa davom etgan. Translyatsiya dunyoning 200 dan ortiq mamlakatlariga yetkazilgan. Biroq ko‘plab tahlilchilar ushbu ochilishni texnik jihatdan mukammal, ammo emotsional ta’siri jihatidan kuchsiz deb baholagan.
2010: Afrika futbolning markazida
Aksariyat tahlilchilar XXI asrdagi eng ta’sirli ochilish marosimlaridan biri sifatida aynan Janubiy Afrikadagi 2010 yilgi mundialni ko‘rsatadi. Bu Afrika qit’asida o‘tkazilgan ilk Jahon chempionati edi.
Ochilish marosimida afrikalik musiqachilar, milliy madaniyat, raqs va barabanlar uyg‘unlashtirildi. Ammo turnirning haqiqiy simvoliga aylangan voqea Shakiraning “Waka Waka (This Time for Africa)” qo‘shig‘i bo‘ldi.
Qo‘shiq FIFA tarixidagi eng mashhur mundial qo‘shig‘iga aylandi. Uning rasmiy videosi milliardlab ko‘rishlar yig‘gan va hozirgacha Jahon chempionati bilan bog‘liq eng mashhur musiqiy kontent hisoblanadi. Hozirga kelib, qo‘shiqning YouTube’dagi ko‘rishlari 4,5 milliarddan oshgan. Yoxannesburgdagi “Sokker Siti” stadionida bo‘lib o‘tgan marosimda 1500 nafardan ziyod artist ishtirok etgan. FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, turnir dunyoning 215 mamlakatida namoyish qilingan.
Bugun ham ko‘plab muxlislar uchun “Waka Waka” 2010 yilgi mundialning o‘zi bilan teng ma’noda qabul qilinadi. Keyinchalik ushbu qo‘shiq FIFA tarixidagi eng mashhur mundial qo‘shig‘i sifatida e’tirof etildi va Spotify platformasida Jahon chempionatlari qo‘shiqlari orasida eng ko‘p tinglangan kompozitsiya maqomini oldi. Shu bilan birga, turnir vuvuzela tovushlari bilan ham yodda qoldi. Ayrim tomoshabinlar buni Afrika ruhining bir qismi deb qabul qilgan bo‘lsa, boshqalar translyatsiya sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlagan.
Ochilish marosimi arafasida yana bir noodatiy voqea sodir bo‘lgan edi. Janubiy Afrikaning birinchi prezidenti Nelson Mandela nabirasi halokatga uchragani sababli marosimda ishtirok eta olmagan va bu butun mamlakat uchun katta qayg‘u bo‘lib qabul qilingan.
2014: Braziliya karnavali
Braziliyadagi ochilish marosimi futbol va samba uyg‘unligiga aylandi. Shouda yuzlab raqqoslar ishtirok etdi, mamlakatning karnaval madaniyati namoyish qilindi. Turnirning rasmiy qo‘shig‘i “We Are One (Ole Ola)” edi. San-Paulu shahridagi ochilish marosimida yuzlab raqqoslar, minglab texnik elementlar va zamonaviy sahna texnologiyalari qo‘llanildi. Marosimda Jennifer Lopes, Pitbull va Klaudiya Leytte ishtirok etgan. Biroq tahlilchilarning bir qismi Braziliya futbol tarixi va madaniyati imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmaganini qayd etgan. Biroq Braziliyadagi ijtimoiy noroziliklar ochilish marosimiga ham soya tashlagan. Ayrim fuqarolar turnir uchun sarflanayotgan mablag‘lar mamlakatning ijtimoiy muammolari hal etilishiga yo‘naltirilishi kerakligini ta’kidlagan. Shunga qaramay, turnir davomidagi atmosfera va muxlislar faolligi 2014 yilgi mundialni eng yorqin musobaqalardan biriga aylantirdi.
2018: Rossiya texnologik shou namoyish qildi
Rossiyadagi ochilish marosimi nisbatan qisqa, ammo yuqori texnologiyali formatda tashkil etildi. Moskvadagi “Lujniki” stadionida o‘tkazilgan shouning asosiy yulduzi Robbi Uilyams bo‘ldi. Uning sahnadagi bahsli harakati butun dunyo matbuotida muhokama qilindi va ochilishning eng ko‘p esda qolgan voqeasiga aylandi. Shu bilan birga, Rossiya mundiali tashkilotchilik va translyatsiya sifati bo‘yicha yuqori baholangan. Biroq butun dunyo OAVlari eng ko‘p Robbi Uilyamsning efir vaqtidagi bahsli harakati haqida yozdi. Bu holat ochilish marosimidagi eng ko‘p muhokama qilingan voqeaga aylandi. Shunga qaramay, Rossiya turniri umumiy tashkilotchilik va xavfsizlik nuqtai nazaridan yuqori baholangan.
2022: Qatar bahslar markazida
Qatar mundiali ochilish marosimi XXI asrdagi eng ko‘p muhokama qilingan tadbirlardan biri bo‘ldi. 2022 yilgi Qatar mundiali ehtimol XXI asrdagi eng bahsli ochilish marosimi ham hisoblanadi. Bir tomondan, Al-Bayt stadionida o‘tkazilgan shou vizual jihatdan favqulodda yuqori darajada tashkil qilindi. Marosimda amerikalik aktyor Morgan Friman, qatarlik G‘anim al-Muftah va BTS guruhi a’zosi Jongkuk ishtirok etdi. FIFA ma’lumotiga ko‘ra, ochilish marosimi milliardlab tomoshabinlar tomonidan kuzatilgan. Shu bilan birga, inson huquqlari, mehnat muhojirlari va LGBTQ mavzulari atrofidagi bahslar Qatar mundiali ochilishini sportdan ko‘ra ko‘proq siyosiy muhokama markaziga aylantirdi. Hatto Buyuk Britaniyaning BBC teleradiokompaniyasi ochilish marosimini asosiy efirda to‘liq namoyish qilmaslik qarorini qabul qilgan edi.
Tarixda ilk bor Jahon chempionati arab mamlakatida o‘tkazilgani va turirning ochilish marosimi Qur’oni Karim tilovati bilan boshlangani ko‘plab musulmon mamlakatlarning olqishiga sabab bo‘lgangan bo‘lsa, G‘arb davlatlari tomonidan unchalik ham olqishlanmagan. Shunga qaramay ayrim mutaxasistlar uning emotsional ta’siri 2010 yilgi Afrika mundiali darajasiga yetmaganini qayd etgan.
2026 yilgi Jahon chempionatining ochilish marosimlaridan nimlar kutilmoqda?
2026 yilgi FIFA Jahon chempionatining final bosqichi bugun, 11 iyun kuni start oladi. Bu futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan 23-Jahon chempionati hisoblanadi. An’anaga ko‘ra, mundial boshlanishidan oldin tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi. Bu safar turnirga AQSH, Meksika va Kanada mezbonlik qilayotgani sababli Jahon chempionati tarixida ilk bor uchta alohida ochilish marosimi tashkil etiladi. Birinchi ochilish marosimi 11 iyun kuni Mexiko shahridagi mashhur “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. U Meksika va Janubiy Afrika terma jamoalari o‘rtasidagi turnirning ochilish uchrashuvidan oldin o‘tkaziladi. Marosimning asosiy yulduzi kolumbiyalik mashhur qo‘shiqchi Shakira bo‘ladi. U 2026 yilgi Jahon chempionatining rasmiy madhiyasi hisoblangan “Dai Dai” qo‘shig‘ini ijro etadi. Shuningdek, sahnada Jey Balvin va janubiy afrikalik xonanda Tayla ham chiqish qiladi. Marosimda Alexandro Fernandes, Belinda, Denni Oushen, Lila Dauns, “Los Anxeles Asules”, “Mana” guruhi va boshqa san’atkorlar ham ishtirok etadi. Jahon chempionatining ikkinchi ochilish marosimi 12 iyun kuni Torontodagi “Bimo Fild” stadionida bo‘lib o‘tadi. U Kanada va Bosniya va Gersegovina terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan oldin tashkil etiladi. Unda Alanis Morissett, Maykl Buble, Alessiya Kara va Uilyam Prins chiqish qilishi rejalashtirilgan.
Ochilish marosimlarining yakuniy qismi 13 iyun kuni Los-Anjelesdagi “Sou-Fay” arenasida bo‘lib o‘tadi. U AQSH va Paragvay terma jamoalari o‘rtasidagi bahsdan oldin tashkil qilinadi. Bu shouning asosiy yulduzi amerikalik mashhur xonanda Keti Perri bo‘ladi. Shuningdek, sahnada Anitta, Lisa, Rema, Tayla va amerikalik reper Фью́чер ham chiqish qiladi.
Shunday qilib, XXI asr mundiallari tarixiga nazar tashlansa, har bir ochilish marosimi o‘z davrining aks-sadosi bo‘lganini ko‘rish mumkin. 2002 yil Osiyoning futbol sahnasiga chiqishi bo‘lsa, 2006 yil Yevropa tartibining namoyishi edi. 2010 yil Afrikaning global madaniy g‘alabasiga aylandi. 2014 yil Braziliya karnavali, 2018 yil texnologiya va shou, 2022 yil esa madaniyat bilan siyosat kesishgan nuqta sifatida yodda qoldi.
Agar madaniy ta’sir, muxlislar xotirasi va raqamli meros hisobga olinsa, ko‘pchilik ekspertlar hali ham 2010 yilgi Janubiy Afrika mundiali ochilish marosimini XXI asrning eng muvaffaqiyatli va eng esda qolarli ochilishi sifatida baholaydi. U nafaqat futbol turnirini boshlab berdi, balki butun bir avlod xotirasida qolgan global madaniy fenomenga aylandi. XXI asrda Jahon chempionati ochilish marosimlari futbolning o‘zi kabi o‘zgardi. Agar 2002 va 2006 yillarda asosiy e’tibor rasmiy tantanalarga qaratilgan bo‘lsa, 2010 yildan boshlab shou, musiqa va global madaniyat markaziy o‘rinni egallay boshladi.
Bugungi kunda muvaffaqiyatli ochilish marosimi nafaqat stadiondagi tomoshabinlarni, balki YouTube, TikTok va boshqa raqamli platformalar orqali milliardlab insonlarni o‘ziga jalb qila olishi kerak.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, 2010 yilgi Janubiy Afrika mundiali hali ham FIFA tarixidagi eng muvaffaqiyatli va eng esda qolarli ochilish sifatida qaralmoqda.
Sport tahlilchilari va muxlislar fikrlarini umumlashtirganda, XXI asrdagi eng muvaffaqiyatli ochilish marosimlari quyidagicha:
- Janubiy Afrika – 2010
- Qatar – 2022
- Braziliya – 2014
- Rossiya – 2018
- Germaniya – 2006
- Yaponiya/Janubiy Koreya – 2002
2010 yilgi mundial nafaqat ochilish marosimi, balki uning musiqasi, atmosferasi va madaniy ta’siri bilan ham raqobatchilaridan ajralib turadi.
Live
Barchasi