O‘zbekistonda ko‘mir qachon va qayerda sotiladi?
Jamiyat
−
15:50 755 2 daqiqa
Joriy yilda “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan aholi uchun 1 mln 530 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari uchun birja savdolari amalga oshirilgan bo‘lib, endi ko‘mir sotuvi mycoal.uz platformasi orqali tashkil etiladi. Aholi ro‘yxatini shakllantirish ishlari davom etmoqda va barcha rasmiy ma’lumotlar shu platforma orqali e’lon qilinadi. Bu haqda “O‘zbekko‘mir” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda aholi ehtiyojlari uchun “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan 1 mln 530 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda mahsulotni hududlar kesimida taqsimlash va birja savdolariga chiqarish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Xususan, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari aholisi ehtiyojlari uchun birja savdolariga chiqarilgan mahalliy ko‘mirning dastlabki partiyalari xususiy tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan. Hozirda shartnoma rasmiylashtirish hamda ko‘mirni belgilangan hududlarga yetkazib berish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ko‘mir tegishli omborlarga yetkazilgach, uning aholiga sotuvi tadbirkorlar tomonidan mycoal.uz elektron platformasi orqali tashkil etiladi. Sotuv boshlanadigan sana, ombor manzili, mavjud ko‘mir miqdori va boshqa zarur ma’lumotlar mycoal.uz platformasida hududlar kesimida ochiq e’lon qilib boriladi. Shu sababli aholidan ko‘mir sotuvi bilan bog‘liq ma’lumotlarni faqat rasmiy axborot manbalari va mycoal.uz platformasi orqali olish so‘raladi.
Ayni vaqtda hududlarda xonadonlar ro‘yxatini shakllantirish va aholi ehtiyojlarini aniqlash ishlari davom etmoqda. Xonadonlar ehtiyojini qisqa muddatlarda to‘liq shakllantirish ko‘mirni hududlarga samarali taqsimlash va aholiga o‘z vaqtida yetkazib berishning muhim sharti hisoblanadi.
“O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan aholi ehtiyojlari uchun tasdiqlangan balans doirasidagi mahalliy ko‘mirni belgilangan tartibda birja savdolariga chiqarish, savdolarda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlarga o‘z vaqtida ortish va hududlarga yetkazib berish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Korxona aholiga ko‘mir yetkazib berish jarayonida ochiqlik, shaffoflik va tezkor axborot berish tamoyillariga amal qiladi hamda jarayonning borishi bo‘yicha jamoatchilikka muntazam ma’lumot taqdim etib boradi.
Live
Barchasi