O‘zbekiston iqtisodiyotida sakrash: inflyatsiya tushadi, daromadlar ortadi

Tahlil

image

O‘zbekistonda YAIMning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari avval prognoz qilingan 6,6 foiz o‘rniga, so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich – 8,1 foizga yetishi mumkin. Bunda inflyatsiya ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan 7 foizli tebranishda saqlanib turish o‘rniga joriy yil uchun 6,5 foizli natija prognoz qilinmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2027–2029 yillar uchun yangilangan fiskal strategiyasida qayd etildi.

Milliy prognozlarga ko‘ra, mamlakatda iqtisodiy o‘sish 2026 yilda 8,1 foiz, 2027 yilda 6,9 foiz, 2028 yilda 7,1 foiz, 2029 yilda 7,4 foizni tashkil etishi prognoz qilingan. Bunda, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2027–2029 yillarda 6,7–7,9 foiz, bozor xizmatlarining esa 14,3–15 foiz atrofida o‘sishi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga ushbu davrda qishloq xo‘jaligida o‘sish sur’ati 5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilindi.



Kutilmada ko‘rsatilishicha, o‘tgan yilga nisbatan inflyatsiya ko‘rsatkichi 6,5 foizni qayd etgan bo‘lsa, shu sur’atda 2028 yilga borib bu 5 foizga tushishi mumkin.

Shuningdek, konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari uchun joriy yilgi kutilma 590 trln so‘mni (YAIMga nisbatan mos ravishda 27 foiz), xarajat esa 638 trln so‘mni (YAIMga nisbatan mos ravishda 29,2 foiz) ko‘rsatadi. Bunda mos davrdagi konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari prognozi xarajatlarga nisbatan pasayishi kutilmoqda.

Joriy yilgi byudjet taqchilligi esa YAIMga nisbatan –3 foizga pasayishi prognoz qilingan.


Hujjatga ko‘ra, joriy yil yakunlariga nominal YAIM 2,183 kvadrillion so‘mni (taxminan 180 mlrd dollar) tashkil etishi mumkin. Bu davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunda belgilangan ko‘rsatkichdan 207 trln so‘mga ko‘p.

Yo‘nalishlar kesimidagi kutilmalar

2027–2029 yillarda yuqori va barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashda asosiy yo‘nalishlarda islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilishi inobatga olingan. Jumladan,

  • “Navoiy KMK”da keyingi uch yilda umumiy qiymati 1,2 mlrd AQSH dollarlik 5 ta yirik loyiha, “Olmaliq KMK”da esa 2,5 mlrd AQSH dollarlik 4 ta yirik loyiha amalga oshirish orqali metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish quvvatlari oshiriladi;
  • avtomobilsozlikda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobarga oshirib, 700 ming donaga yetkazish choralari ko‘riladi;
  • elektrotexnika sanoatida qiymati 3,3 mlrd AQSH dollarlik 121 ta yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvati tashkil etiladi. Natijada, misni qayta ishlash hajmi 1,3 barobarga oshib, 145 ming tonnadan oshiriladi hamda jami elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,4 barobarga oshib, sohada qo‘shilgan qiymat ulushi 21 foizdan 30 foizga yetkaziladi;
  • elektr energetikasida 11,7 GVt qo‘shimcha quvvatlar, shu jumladan 2 GVt quyosh, 5,4 GVt shamol elektr stansiyalari, 3,7 GVt zamonaviy issiqlik elektr stansiyalari va 560 MVt elektr energiyasini saqlash tizimlarini ishga tushirish hisobiga 2028 yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 108,5 mlrd kVt/soatga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, avtomobilsozlikda 2026 yil yakuniga qadar 510 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqariladi, jumladan, “UzAuto Motors” tomonidan 396 ming dona, “BYD Uzbekistan Factory” tomonidan 40 ming dona, “Volkswagen” tomonidan 5 ming dona hamda “ADM Jizzakh” tomonidan 69 ming dona avtomobil ishlab chiqariladi.

Shuningdek, fazoviy-hududiy rejalashtirish (spatial planning) tamoyillari asosida hududlarni kompleks rivojlantirish, ularning iqtisodiy ixtisoslashuvi va infratuzilma ehtiyojlarini inobatga olgan holda o‘sish manbalarini kengaytirish choralari ko‘riladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar bo‘yicha fazoviy-hududiy strategiya hamda pilot sifatida “Yangi O‘zbekiston” maqomidagi 33 ta tuman va shaharlar bo‘yicha fazoviy-hududiy rejalarni ishlab chiqishga nufuzli xorijiy shaharsozlik kompaniyalari jalb etilmoqda.

Bundan tashqari, temir yo‘l transporti sohasida “O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy” va “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” xalqaro temir yo‘l loyihalarida ishtirok etish, “Nukus–Miskin–Urganch–Buxoro” yangi tezyurar temir yo‘l liniyasini ishga tushirish, shuningdek Toshkent shahrini Yangiyo‘l, Chinoz, Sirdaryo va Guliston shaharlari bilan bog‘lovchi shaharlararo tezyurar poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish choralari amalga oshiriladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Davlat budjetidan 2027-yilda 30,1 trln so‘m miqdorda subsidiyalar ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bunda subsidiyalar miqdori 2026-yilda jami Davlat budjeti xarajatlarining 7,1 foizini tashkil etgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2027-yilda 6,6 foiz, 2029-yilga kelib 5,2 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Yashirin iqtisodiyot

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish, raqamlashtirish va xavflarni aniqlashga qaratilgan manzilli yondashuvlar joriy etilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kuzatilmaydigan iqtisodiyot darajasi 2019 yilgi YAIMning 50 foizidan 2025 yilga kelib 25 foiz atrofigacha kamaygan.

Bu ko‘rsatkich kelgusi uch yil davomida 20 foizgacha tushishi prognoz qilingan.

Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar

Yuqoridagi shart-sharoitlar asosida shakllantirilgan prognozlarga ko‘ra o‘rta muddatli davrda iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 7 foiz atrofida saqlanib qolinishi kutilmoqda.

Xususan, YIMning real o‘sishi 2027 yilda 6,9 foiz, 2028 yilda 7,1 foiz va 2029 yilda 7,4 foiz darajasida shakllanib, aholi jon boshiga YIM hajmi 2027-yilgi 5 106 AQSH dollaridan 2029 yilga borib 6 203 AQSH dollarigacha oshishi prognoz qilinmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar