Talash bo‘lgan Chorvoqdagi “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi qanday qurilyapti?
Biznes
−
20:03 2780 3 daqiqa
Ekologiya, kanalizatsiya, millionlab daraxtlar, bepul plyajlar va mahalliy aholi uchun ochiq hududlar – tadbirkor Emin Agalarov o‘tgan yili Chorvoqdagi “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi taqdimotida bir qator va’dalarni bergandi. Ammo oradan bir yil o‘tdi. Shuncha va’da bergan Emin Agalarovning Agalarov Development kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv ombori sohilida qurilayotgan “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasida qurilish ishlari bugun qanday ketmoqda? Qurilish maydonida ekologik xavfsizlik bo‘yicha nimalar qilinyapti? Oqova suv masalasi qanday hal etilyapti? Shu savollarga javob topish maqsadida QALAMPIR.UZ qurilish jarayonini o‘rgandi.
.jpg)
Mazkur loyihaning birinchi bosqichida 190 gektar maydonda qurilish ishlari boshlangan. Loyiha 2025-2035 yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Chorvoq suv omborining umumiy qirg‘oq chizig‘i 90 kilometrdan ortiq bo‘lsa, “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi shundan qariyb 7 kilometrlik hududda joylashadi.
.jpg)
Loyiha vakillarining aytishicha, ayni paytda asosiy e’tibor qurilish jarayonining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan. Xususan, qurilish vaqtida yuzaga keladigan changni bostirish uchun 7 ta suv purkagich qurilmasi ishlatilmoqda. Og‘ir texnikalardan foydalanilayotgani sababli yo‘llarda chang ko‘tarilmasligi uchun ular muntazam ravishda sug‘orib turilibdi. Biroq qurilish maydonidagi asosiy savol faqat chang bilan bog‘liq emas.
.jpg)
Chorvoq bo‘yidagi loyihada eng katta ekologik xavf – oqova suvlar masalasi. “Sea Breeze Uzbekistan”da esa oqova suvlarning suv omboriga tushishiga yo‘l qo‘yilmasligi aytilgan. Loyiha ma’lumotlariga ko‘ra, kurort majmuasining barcha oqova suvlari kelgusida Chirchiq shahrining tozalash tizimiga yo‘naltiriladi.

Ammo bu tizim hali to‘liq ishga tushirilmagan. Loyiha vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil oxirigacha uchta tozalash inshootini xarid qilish rejalashtirilgan. Qurilishning hozirgi bosqichida doimiy tozalash inshootlariga hali ehtiyoj mavjud emas, chunki turar joy ob’ektlari foydalanishga topshirilmagan. Hozircha esa qurilish shaharchasida germetik yig‘ish sig‘imlaridan foydalanilmoqda. Ular maxsus assenizatsiya texnikasi yordamida bo‘shatib turiladi.
.jpg)
Hozirgacha esa loyiha hududida 1 mingdan ortiq daraxt va o‘simlik ekilgan. Yana mingdan ortiq ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda. Loyiha vakillari mavjud daraxt va o‘simliklarni imkon qadar saqlab qolish, zarur hollarda esa ularni hududning boshqa qismiga ko‘chirib o‘tkazishni rejalashtirayotganini bildirmoqda. Birinchi bosqichda 700 metrdan ortiq obodonlashtirilgan yashil hudud yaratish rejalashtirilgan.
Loyiha atrofidagi bahslarning yana biri – plyajlar masalasi. Master-rejada esa Lighthouse, Park Residences, Marina Village va boshqa ko‘plab ob’ektlar ko‘zda tutilgan. Ya’ni, bir tomonda – premium ko‘chmas mulk, ikkinchi tomonda esa – ommaviy turizm. Loyiha bitgach, manashu hududda mahaliy aholi uchun bepul plyajlar tashkil etiladi.
“Sea Breeze Uzbekistan” loyihasining birinchi bosqichidagi qurilish jarayonlari bilan tanishar ekanmiz, changni bostirish uchun suv purkagichlardan foydalanilayotgani, qurilish chiqindilarini olib chiqish tizimi yo‘lga qo‘yilayotgani va hududda daraxt ekish ishlari boshlanganiga guvoh bo‘ldik.
Hozircha oqova suvlar esa maxsus germetik, ya’ni suv o‘tkazmaydigan sig‘imlarda yig‘ilayotgani aytildi. Loyiha vakillarining aytishicha, doimiy oqova suvlarni tozalash tizimi kurortning keyingi bosqichlarida yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, loyiha hali to‘liq yakunlanmagan. Shu sababli, uning Chorvoq ekotizimiga uzoq muddatli ta’siri haqida hozirning o‘zida yakuniy xulosa chiqarish qiyin.
Loyihaning birinchi bosqichida 1 000 tagacha ish o‘rni, butun kurort rivojlanishi davomida esa qariyb 8 000 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
“Sea Breeze Uzbekistan” qurib bitkazilgach emas, aynan qurilish jarayonidayoq ekologik standartlarga qanday rioya qilinayotgani jamoatchilik uchun muhim mezon bo‘lib qoladi. Chunki loyihaning iqtisodiy samarasi bilan bir qatorda, uning Chorvoqning tabiiy muhitiga ta’siri ham uzoq muddat davomida baholanadi. QALAMPIR.UZ esa loyiha rivojini va uning atrof-muhitga ta’sirini kuzatishda davom etadi.
Sayt | 71 215 55 55
Reklama huquqi asosida
Live
Barchasi